Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:19

Toshkentda tezkor xizmatlar raqami o‘zgaradi


Shu yilning 5 aprelidan boshlab O‘zbekiston poytaxtida tezkor, maxsus va mu‘lumot xizmatlarining telefon raqamlari almashadi.

Endilikda toshkentliklar uyga, masalan, tez yordam chaqirmoqchi bo‘lsalar, odatdagi “03” raqami o‘rniga “103” raqamini terishi kerak bo‘ladi.

Ikki yoki uch belgili raqamlar oldiga 1 raqami qo‘shilishi haqidagi ma‘lumotni O‘zbekiston Aloqa va axborot agentligi matbuot xizmati tarqatdi.

Bu o‘zgarishlar tezkor va ma‘lumot xizmatlari telefon raqamlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish maqsadida amalga oshirilayotgani aytilmoqda.

Demak, bundan buyon poytaxtliklar va mehmonlar o‘t o‘chiruvchilarni chaqirish uchun “01” o‘rniga “101” raqamini, militsiyaga qo‘ng‘iroq qilish uchun “02” o‘rniga “102” raqamini, “tez yordam” chaqirish uchun “03” o‘rniga “103” raqamini, gaz xizmatiga qo‘ng‘iroq qilish uchun esa “04” o‘rniga “104” raqamini terishlari kerak bo‘ladi. Shuningdek, qutqaruv xizmati raqami “050” dan “1050” ga, ma‘lumot olish xizmati raqami “09” dan “109” ga, boshqa xizmatlar raqamlari esa “0xx”dan “10xx”ga aylangani e‘lon qilindi.

“O‘zbektelekom” milliy operatori matbuot xizmati ma‘lumotlariga ko‘ra, yangi raqamlarga bosqichma-bosqich o‘tilishini ta‘minlash uchun “01”, “02”, “03” va boshqa shu kabi raqamlar yana ikki oy amalda bo‘ladi.

O‘zbekistondagi uyali aloqa operatorlari uyali telefondan tezkor xizmatlarga qay yo‘sinda qo‘ng‘iroq qilinishi haqida hozircha biror ma‘lumot tarqatmadilar. Ayni paytda o‘zbekistonliklar mobil telefondan tezkor xizmatlarga qo‘ng‘iroq qilish uchun 01, 02, 03, 04 kabi raqamlar oldiga * yoki # belgisini va yo 0 raqamini qo‘shib terishlari kerak.

Avvalroq O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi Toshkentdagi mobil aloqa operatorlarining koddan keyin 100 dan 109 gacha hamda 112 bilan boshlanuvchi raqamlari 800 dan 809 gacha va 812 ga almashtirilishi haqida ma‘lumot tarqatgandi. Xususan, “MTS-O‘zbekiston” uyali aloqa operatorining +99897 kodli 100, 101, 102, 103, 104 va 107 bilan boshlanuvchi raqamlari 800, 801, 802, 803, 804 va 807 ga, “Bilayn” uyali aloqa operatorining +99890 kodli 105, 106 va 108 bilan boshlanuvchi raqamlari 805, 806 va 808 ga almashtirilishi haqida bildirilgandi.

Shuningdek, “O‘zbektelekom” mas‘ullari ma‘lumotlariga ko‘ra, yaqin kelajakda shaharlararo telefon aloqasi uchun 8 raqami o‘rniga 0 raqami, xalqaro telefon aloqasi uchun esa 8-10 raqami o‘rniga esa 00 raqami kiritiladi.

O‘zbekistonning boshqa shahar va qishloqlaridagi raqamlarning almashtirilishi joriy yil oxirigacha yakunlanishi ko‘zda tutilgan.
XS
SM
MD
LG