Линклар

Suiqasd bois bir yarim oydan buyon Shvetsiya kasalxonasida qolayotgan dissident imom Obid qori Nazarovning 74 yoshli onasi Muharram aya 2 aprel kuni og‘ir xastalikdan vafot etdi. To‘rt o‘g‘il tarbiyalagan ona janozasida o‘g‘illardan birortasi qatnasha olmadi.

Ona o‘g‘liga uyushtirilgan suiqasddan bexabar vafot etdi


Ikki yildan ortiq davom etgan og‘ir xastalikdan aziyat chekkan 74 yoshli Muharram Nazarova shu kunlarda Shvetsiyadagi shifoxonada behush yotgan o‘g‘li - taniqli ulamo Obid qori Nazarovning holidan bexabar holda olamdan o‘tdi.

Oila-a‘zolaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, 2 aprel kuni olamdan o‘tgan aya qizlari, kuyovlari va nabiralari tomonidan 3 aprel kuni tongda dafn qilingan.

Dafn marosimiga Muharram aya tarbiyalab voyaga yetkazgan to‘rt o‘g‘ildan hech biri kela olmagan.

O‘g‘illaridan birining rafiqasi Madina Nazarova Muharram ayaning sog‘ligi og‘ir bo‘lgani bois to‘ng‘ich o‘g‘il Obid qori Nazarovga uyushtirilgan suiqasd haqida xabar berilmaganini aytdi.

- Ko‘tara olmasalar kerak, deb aytmagan edik. Bilmasdan ketdilar onamiz, deydi Madina Nazarova.

Yaqinlariga ko‘ra¸ Obid qori Nazarovning 78 yoshga kirgan otasi - Sobitxon Nazarov ham shu kunlarda xasta va u kishining ham o‘z o‘g‘liga Shvetsiyada suiqasd uyushtirilganidan xabari yo‘q.

Bu oilaning to‘ng‘ich o‘g‘li Obid qori Nazarov 22 fevral kuni Shvetsiyaning Stromsund shaharchasida suiqasdga uchragan va o‘shandan buyon shifoxonada behush holda yotibdi.

Undan keyingi uch o‘g‘il esa o‘z vaqtida O‘zbekistonda diniy-siyosiy motivlarda ayblanib, qisqa muddat hibs qilingan yoki qamoqqa solingan hamda ozodlikka chiqqach, O‘zbekistonni tark etishgan.

Siyosiy muhojirlar yarasi yangilandi


Obid qori Nazarov yaqinlaridan biri Ahmad Valiyev Muharram ayaning vafoti Nazarovlar oilasi taqdiri kabi ayanchli taqdirga uchragan o‘zbekistonlik ko‘plab siyosiy muhojirlarning yarasini yangilaganini aytadi:

- Onaxonning vafoti munosabati bilan chuqur ta‘ziyamizni izhor qilamiz va u kishiga oxiratlari obod bo‘lishini tilab qolamiz. Bugungi siyosiy rejim bois xoh diniy bo‘lsin, xoh siyosiy bo‘lsin, xoh iqtisodiy bo‘lsin, bunaqa sabablar bilan quvg‘inga uchragan bolalar va ularni ko‘ra olmayotgan onalar O‘zbekistonda ko‘p, deydi Ahmad Valiyev.

Hozir shifoxonada behush qolayotgan Obid qori Nazarovning ahvoli 3 aprel kuni yaqinlaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, hanuz og‘ir, ammo barqaror. Ulamo hanuz komada qolmoqda.

Ulamoning o‘g‘li Dovudxon Obidxon o‘g‘li Ozodlikka biroz muqaddam bergan intervyusida shifokorlar xastaning tuzalishiga umid borligini aytayotgani haqida so‘zlagan edi.

- Otamiz hayotlar va shifokorlar tuzalishiga umid bor, deyishdi. Hammamiz u kishining tuzalishidan umidvormiz, inshaalloh, degan edi Dovudxon Obidxon o‘g‘li.

Obid qorini kim o‘ldirmoqchi bo‘lganiga oid taxminlar hamon sir


Ulamoga suiqasd sodir bo‘lganidan keyinoq Shvetsiya politsiyasi va maxsus xizmatlari tergov ishlari boshlanganini bildirgan edi.

Ammo shu kunga qadar "tergov siri" deyilgan izoh bilan surishtiruvlarga oid biror rasmiy bayonot berilgani yo‘q.

22 fevral kuni peshin namozi oldidan ulamoni o‘z uyi pod‘ezdida otib ketgan noma‘lum shaxsning kimligi, bu jinoyat ortida kim turgani hali hanuz taxminlar darajasida qolmoqda.

Voqeadan bir oy o‘tibgina matbuotga so‘zlagan Dovudxon Obidxon o‘g‘li Ozodlik bilan suhbatda: "Buning ortida kim turganini va u kimsaning ochiqda erkin yurganini hammamiz yaxshi bilamiz", dedi.

Ammo Obid qori Nazarov yaqinlari hozircha o‘z taxminlari yoxud o‘zlariga ma‘lum bo‘lgan dalillar haqida ochiq so‘zlamaslikni ma‘qul ko‘rmoqdalar.
XS
SM
MD
LG