Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:19

O‘zbek hukumati bu yil paxtani bolalarsiz termoqchi


Huquq faollari 2011 yilgi paxta mavsumida farg‘onalik o‘quvchilarning dars payti paxta terayotganini suratga olgan edi.
Huquq faollari 2011 yilgi paxta mavsumida farg‘onalik o‘quvchilarning dars payti paxta terayotganini suratga olgan edi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi joriy yilda maktab o‘quvchilarini paxta terimiga jalb qilmaslik borasida qaror qabul qildi.

O‘zbekiston bolalar mehnati bo‘yicha ogohlantirildi


Xalqaro Mehnat tashkiloti Ekspertlar qo‘mitasi mart oyi boshida e‘lon qilgan so‘nggi hisobotida O‘zbekistondagi bolalar mehnati vaziyatini tahlil qildi.

Ushbu hisobotda O‘zbekistonda 11-17 yoshdagi bolalar mahalliy xokimliklar tomonidan paxta terimiga jalb qilinishi qayd qilinib, O‘zbekiston hukumatining bu ishidan jiddiy xavotir bildiriladi.

Xalqaro Mehnat tashkiloti rasmiy Toshkentni majburiy bolalar mehnatini bartaraf etish uchun zudlik bilan zaruriy tadbirlarni amalga oshirishga chaqiradi.

Hukumat: paxtani bolalarsiz teramiz!


O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining joriy yil 26 martdagi 82-sonli qarorini Xalqaro Mehnat tashkilotining ushbu tanqidiy hisobotiga javob o‘laroq qabul qilish mumkin.

Ushbu qarorda maktab o‘quvchilarini majburiy paxta yig‘im-terimiga jalb qilmaslik alohida qayd etiladi.

Uzdaily.uz sayti ma‘lumotiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining ushbu qarori rasmiy Toshkent tomonidan ratifikatsiya qilingan “Majburiy mehnat” va “Bolalar mehnatining eng yomon shakllarini taqiqlash va ularga barham berish bo‘yicha tezkor chora- tadbirlar” to‘g‘risidagi konventsiyalardan kelib chiqib qabul qilingan.

Ushbu ikki xalqaro konventsiyaning O‘zbekistondagi ijrosiga bag‘ishlab qabul qilingan hukumat qarorida paxta yig‘im-terimida maktab o‘quvchilarining majburiy mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaslik qat‘iy ta‘kidlanadi.

Ushbu hujjatda joriy yilning avgust - oktyabr oylarida umumta‘lim maktablari o‘quvchilarining majburiy paxta yig‘im-terimiga olib chiqilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun mamlkatning barcha hududlarida monitoring olib borilishi aytiladi. Monitoring natijalari bo‘yicha O‘zbekiston hukumatiga tahliliy ma‘lumotnoma taqdim qilinadi.

Hukumatning ushbu qarorini o‘rgangan Toshkentdagi Ekspert ishchi guruhi rahbari Suhrob Ismoilovga ko‘ra, paxta davridagi hukumatning monitoringgi Jahon Banki tomonidan moliyalashtiriladi.

- Hukumat mo‘ljallaëtgan monitoring vazifasi O‘zbekistondagi Jahon banki vakolatxonasi tarafidan moliyalashtirilayapti. Biz bu tashkilot vakillari bilan uchrashib, loyiha haqida ma‘lumot olishga harakat qilgandik, lekin bizga juda minimum ma‘lumot berildi. Kim tarafidan monitoring o‘tkaziladi, qanaqa kriteriylarga asosan bo‘ladi, bular umuman noma‘lum. Shuning uchun bu monitoringning natijasi ijobiy bo‘ladi va haqqoniy bo‘ladi, haëtga mos bo‘ladi deyish o‘ta mushkul, deydi suhrob Ismoilov.

O‘zbekiston Xalq ta‘limi vazirligining Maktablar boshqarmasidagi ma‘sullardan birining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, hukumatninng ushbu qarorida o‘quvchilarning dars mashg‘ulotlarida qatnashish davomati qa‘tiy nazorat ostida bo‘lib, o‘quvchining darsda qatnashmagan har bir holati bo‘yicha maxsus tekshiruv o‘tkazish ham belgilangan.

Ma‘lum sabablarga ko‘ra, ismi-sharifini oshkor qilmayotganimiz ushbu manbaga ko‘ra, paxta mavsumi paytida o‘quvchilarning darslarga to‘liq qatnashishi bo‘yicha ma‘suliyat maktab direktorlari zimmasiga yuklatiladi va ushbu majburiyatni bajarmagan direktorlarga nisbatan javobgarlik ko‘zda tutiladi.

Endilikda o‘quvchilarning paxta terimiga jalb qilinishi oldini olish maqsadida O‘zbekiston “Mehnat kodeksi”, “Aholi bandligi to‘g‘risida” va “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunlariga ma‘lum o‘zgartirish va tuzatishlar kiritish ham ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston hukumatining bolalar mehnatini taqiqlash to‘g‘risidagi qarori bir tarafdan Xalqaro Mehnat tashkiloti hisobotiga javob bo‘lsa, ikkinchi tomondan joriy yil 30 apreldan- 4 maygacha Jenevada bo‘ladigan BMT inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarligining 63-sessiyasiga tayyorgarlik sifatida ko‘rilmoqda.

Huquq faollari: paxta bolalarsiz terilmaydi!


O‘zbekiston hukumati o‘tgan yili ham paxtani bolalar kuchisiz yig‘ishtirib olinishini va‘da qilgan edi.

Biroq mahalliy huquq faollari kuzatuvlari bo‘yicha, mamlakatning deyarli barcha hududlarida o‘tgan mavsumda o‘quvchilar paxta terimiga yana yalpi jalb qilindi.

O‘zbekistonda o‘quvchilar kuchidan paxta davrida foydlanilishi bo‘yicha bir qancha monitoringlar o‘tkazgan Toshkentdagi Ekspert ishchi guruhi rahbari Suhrob Ismoilov joriy yilda ham o‘zbek paxtasini bolalarsiz yig‘ib olinishiga ishonmasligini aytadi.

- Kuzatishlarimizcha hozirchalik hukumatning bu rejalarini amalda tadbiq qilish imkoniyati mavjud emas. Bu yilgi paxta mavsumida ham maktab o‘quvchilarini o‘tgan yilgilarday ëppasiga paxtaga majburan jalb qilinishini kutsak bo‘ladi. 2009-2010 yildan beri hukumatda qabul qilingan bolalar mehnatiga qarshi kurash davlat dasturiga qaramasdan, Ma‘muriy va Jinoyat kodekslariga bu borada kiritilgan o‘zgartirishlarga va jazolarning qattiqlashtirilishiga, kuchaytirilishiga qaramasdan hali ham bolalarni majburiy sifatda paxta yig‘im-terimiga jalb qilish kuzatib kelinayapti. Bu yilgi mavsumda ham shu takrorlanadi deb o‘ylayapmiz, deydi huquq faoli.

O‘zbekiston inson huquqlari alyansi ma‘lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili ayrim viloyatlarda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari, hatto 1-sinf bolalarini ham paxtaga chiqarilgan holatlar kuzatilgan.

O‘tgan yilgi paxta qurboni bo‘lgan chiroqchilik 13 yoshli Bahodir Pardayev haqida Ozodlik bir turkum maqolalar e‘lon qildi.

Bahodir 24 sentyabr kuni paxta terimidan qaytayotib, avtohalokatga uchragan edi.

Paxtadan qaytayotganda avtohalokatga uchragach, Bahodir komaga tushdi va faqat to‘rt oydan keyingina hushiga keldi. Biroq uning ahvoli hanuz o‘nglanmagan.
XS
SM
MD
LG