Линклар

3 aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz tumani sudida Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Ichki ishlar bo‘limi tergovchisi, leytenant Anvar Xoliyorov ustidan mahkama jarayoni boshlandi.

Tergovchi mahbusni joniga qasd qilishga majburlashda ayblanmoqda


Shu yilning 4 fevralida hibsga olingan 25 yashar militsiya zobiti tergov davrida gumonlanuvchi Almardon Berdiqulovni o‘z-o‘zini o‘ldirishga majbur qilganlikda ayblanmoqda.

Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 103-moddasi (O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish), 206-moddasi (Hokimiyat va mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) va 234-modda (Qonunga xilof ravishda hibsga olish va ushlab turish) sida ko‘zda tutilgan jinoyatlar sodir etganlik yuzasidan ayblov xulosasi e‘lon qilingan.

Qashqadaryo viloyati prokuraturasi tomonidan tuzilgan ayblov xulosasiga ko‘ra, 2011 yilning 20 noyabriga o‘tar kechasi Chiroqchi tumani Ichki ishlar bo‘limi binosida 31 yoshli Almardon Berdiqulov o‘z joniga qasd qilgan.

Bu xususda o‘tkazilgan sud tibbiy ekspertiza xulosalariga muvofiq¸ marhum IIB tomiga chiqish narvoniga o‘zini osish natijasida vafot etgan. U IIBga o‘g‘irlikda gumonlanib, Chiroqchi tumani “Beshchashma” qo‘rg‘oncha militsiya punkti boshlig‘i, podpolkovnik Anvar Ziyotov hamda uning Nodir va Yunus ismli sherigi tomonidan keltirilgan.

Ayblov xulosasida bugungi sud kursisida o‘tirgan tergovchi Xoliyorovning marhumni noqonuniy ravishda hibsda ushlab turgani va unga ruhiy bosimlar o‘tkazgani ta‘kidlanadi.


"Berdiqulovni boshqalar o‘ldirib¸ tergovchini qo‘rqitishgan"


Anvar Xoliyorovning yaqinlari va himoyachilari marhum Almardon Berdiqulovning o‘z joniga qasd qilmagani, aksincha, uning Chiroqchi tumani “Beshchashma” qo‘rg‘oncha militsiya punkti boshlig‘i, podpolkovnik Anvar Ziyotov hamda uning Nodir va Yunus ismli sherigi tomonidan o‘ldirilgani, Xoliyorov esa irodasizlik qilib, aybni bo‘yniga olganini iddao qilishmoqda.

Bu shaxslar avval ham xuddi shu kabi jinoyatlarni sodir etgan. Marhum Almardonning ota-onasi ham ana shu fikrda sobit:

"Qashqdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i S. Haydarov, Chiroqchi tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i I. Ishmurodovlar qiynoq faktini yashirish maqsadida Xoliyorovning irodasizligidan foydalangan va uni “postavka” qilishgan"¸ degan fikrda marhumning yaqinlari.

Anvar Xoliyorovning o‘zi esa Ozodlik radiosiga 2011 yilning noyabrida bergan intervyusida Berdiqulovning o‘z joniga qasd qilgani, qonunda qiynoqning taqiqlanganini aytgan edi.

O‘zbekistonlik huquq himoyachilari va advokatlarga ko‘ra, dastlabki tergov va surishtiruv jarayonlarida so‘roq qilinuvchilarga nisbatan qiynoq qo‘llash odatiy holga aylangan. Hatto ayollarning zo‘rlanishi, gumonlanuvchilarning og‘ir tan jarohatlari olishi va hatto, o‘ldirilishi holatlari ham kuzatiladi.
XS
SM
MD
LG