Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:54

Kommunal to‘lovdan qarzi borlarga oylik berilmaydi


Toshkent shahridagi xususiy korxona va tashkilot xodimlaridan ham ish haqi olishda kommunal to‘lovlardan qarzi yo‘qligini tasdiqlovchi ma‘lumotnoma talab qilinmoqda. Bu tartib¸ mahalliy matbuotga ko‘ra¸ Markaziy bank ko‘rsatmasiga asosan yo‘lga qo‘yilgan.

Hozirga qadar qarz yo‘qligi haqida hujjat topshirish davlat muassasalari xodimlari zimmasidagi majburiyat edi.

“Bizga qolsa, spravka so‘ramasdik”


Toshkent shahridagi xususiy korxonalardan birida buxgalter bo‘lib ishlovchi Aziza opaning aytishicha, xodim kommunal to‘lovlarni muntazam to‘laganini tasdiqlovchi ma‘lumotnoma topshirmaguncha oylik ololmaydi.

– Direktorimiz shunday buyruq berdi. Oldinlari bunaqa ma‘lumotnoma so‘rab o‘tirmasdik. Davlat tashkiloti emasmiz-ku. Endi bu talabni bajarmasak bo‘lmaydi-da, hokimiyat bilan, soliq bilan muammolar chiqadi, – deydi xususiy korxona buxgalteri Aziza opa.

Hamza tumanidagi kafeda ish boshqaruvchi bo‘lib ishlaydigan Ravshan ismli yigit ham kommunal to‘lovlar bo‘yicha ma‘lumotnoma ko‘rsatmagan xodimlarga oylik berilmayotganini tasdiqladi.

– Bizga qolsa, hech qanaqa spravkasiz ham ishchilarimizga oylik beramiz. Lekin bankdan shunaqa ko‘rsatma bo‘lgan. O‘zimam issiq suv, sovuq suv, gaz, elektrdan alohida-alohida ma‘lumotnoma olib keldim, – deydi kafe ish boshqaruvchisi Ravshan.

“Markaziy bank shunday ko‘rsatma bergan”


O‘zbekistonda chop etiladigan “Noviy vek” gazetasi joriy yil 4 aprel kungi sonida kommunal to‘lovlar kvitantsiyasini ko‘rsatmagan ishchilarga oylik maosh bermaslik haqida mamlakat Markaziy banki ko‘rsatma berganini yozdi.

Iqtisodchilarga ko‘ra, O‘zbekiston sharoitida o‘rtacha 250 ming so‘m oylik ish haqi oladigan fuqaro barcha kommunal to‘lovlarni to‘lagan taqdirda, qozonini suvga tashlab qo‘yishiga to‘g‘ri keladi.

O‘zi shundoq ham oylikni o‘z vaqtida olish muammoga aylangan bir paytda kommunal to‘lovlar borasida ma‘lumotnoma talab qilinishi fuqarolarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

– Bir qarashda, bu qarordan ko‘zlangan maqsad juda muhim va olijanobdek – aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun o‘z vaqtida to‘lov undiriladi. Lekin, deylik, 2012 yil boshidan buyon maosh olmay ishlayotgan respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Endokrinologiya markazi xodimlari bu talabni qanday bajarsin? Bu ahvolda Markaz xodimlari kommunal va boshqa to‘lovlarni qanday to‘lasin? Ehtimol, Markaziy bank rahbarlari yuzaga kelgan vaziyatdan chiqish yo‘lini ko‘rsatarlar? – deb yozadi “Novыy vek” nashri 4 aprel sonida.

Aslida, byudjet tashkilotlarida mazkur majburiy tartib ko‘pdan buyon amal qiladi.

– Kvartira puli, elektr energiyasi, gaz, issiq va sovuq suv, isitish tizimi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘laganim haqida ma‘lumotnoma so‘rashadi. Aytgancha, oylik qo‘limga tegishi uchun hatto chiqindi to‘lovidan ham qarzim bo‘lmasligi kerak, – deydi o‘zini tanitishni istamagan davlat muassasasi xodimi.

“Xodimning xohishi bilan ko‘p-da hisoblashilmaydi”


Mamlakatda kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni byudjet tashkilotlari ishchilari oylik maoshidan majburiy ravishda ushlab qolish ham keng tarqalgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, fuqaroning hatto qarzi bo‘lmasa-da, uning ish haqidan elektr energiyasi yoki gazga o‘tkazib yuborish hollari uchraydi.

2001 yil 4 mayda Markaziy bank va Moliya vazirligi tasdiqlagan “Tashkilotlar va muassasalar tomonidan o‘z xodimlaridan kommunal xizmatlar uchun haqni ish haqidan ushlab qolish ko‘rinishida qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq, korxona kommunal xizmatlar uchun to‘lovni xodim ish haqidan uning yozma arizasi bilangina ushlab qolishi mumkin.

– Ammo bu borada xodimning xohishi bilan ko‘p-da hisoblashilmaydi, – deb hisoblaydi tahlilchilar.

Mutasaddi idoralar aholining kommunal xizmatlardan qarzi ko‘payib ketganini ro‘kach qiladi.

Ayni paytda, bu kabi majburiy choralar orqali byudjet kamomadini kamaytirish, davlat g‘aznasiga pul tushumini ko‘paytirish ko‘zlanayotgani aytiladi.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil fevraldan Toshkentdagi avtomobil do‘konlari 2012 yil oxirigacha kommunal to‘lovlarni to‘lamagan xaridorlarga mashina sotilmasligini ma‘lum qilgan.

Ayrim davlat idoralari xodimlariga ham bir yillik kommunal to‘lovlar yuzasidan oldindan hisob-kitob qilish buyurilgan.
XS
SM
MD
LG