Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:06

Mina muammosi dolzarbligicha qolmoqda


O‘zbek-tojik chegarasidagi tozalanmay qolayotgan mina maydonlari hamon aktualligini yo‘qotgani yo‘q.

O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati Beshariq tumaniga tutashib ketgan Ravot qishlog‘ida yashovchi Savriniso Umarova va uning turmush o‘rtog‘i Bahromjon Umarov, yaqinlarining ta‘kidicha, 2000-yillar boshida o‘zbek-tojik chegarasiga ko‘milgan minalarning ilk qurbonlari bo‘lgan.

- Shu boshida, mina qo‘ygan kuni portlagan-da bular. Tablichka qo‘ymagan bo‘lgan. Ular qurt olgan bo‘lgan - ipak qurti, shunga barg kesishga o‘tgan, eshak aravada bo‘lgan. Arava portlab ketib, eshak joyida tilka-pora bo‘lib ketgan. Er-xotin bir kunda o‘lgan-da. Bolalari uyda qolgan, - deydi marhum Savrinisoning opasi Zamira Tog‘aymurodova.

Suhbatdoshimiz yetim qolgan ikki jiyanidan birini o‘zi asrab olgani va bugun 12 yoshga kirgan Samiraxon ota-onasini hatto eslay olmasligini aytadi.

Ravotlik Zamiraxon 4 aprel - Minalar xavfidan ogohlantirish xalqaro kunida minalar tufayli yetim qolgan jiyanlari holidan na hukumat, na xalqaro tashkilotlar xabar olmaganidan xafaligini ham yashirmadi.

Tojikiston minalarni zararsizlantirish markazi mas‘uli Parviz Mavlonqulov esa mamlakatda minadan zarar ko‘rganlarga moddiy va moliyaviy yordam ko‘rsatish dasturlari ishlab turganini ta‘kidlaydi.

Ayni paytda Mavlonqulov so‘nggi ikki yil ichida o‘zbek-tojik chegarasida minaga uchib halok bo‘lgan yoki nogiron bo‘lib qolganlar deyarli qaydga olinmaganini bildirdi.

- Bu yil O‘zbekiston bilan chegaralarimizda umuman portlash bo‘lgani yo‘q. Faqat Afg‘oniston bilan chegaralarimizda ko‘milgan minalar, respublikaning ayrim hududlarida fuqarolar urushidan qolib ketgan va portlamay qolgan moslamalardan yetti nafar tinch fuqaro zarar ko‘rdi. Shundan ikki nafari halok bo‘ldi. O‘tgan yili esa O‘zbekiston bilan chegaradosh Panjakent tumanidan bo‘lgan bir fuqaro chegaradan noqonuniy o‘tayotib, minaga uchib, qurbon bo‘lgan edi, - der ekan Mavlonqulov so‘nggi ikki yil davomida tojik-afg‘on chegarasida minadan portlash holatlari nisbatan ko‘proq qaydga olinganini ta‘kidladi.

Tojikiston minalarni zararsizlantirish markazi mas‘uli o‘tgan ikki o‘n yil ichida o‘z idorasi hali biror marta o‘zbek-tojik chegarasida hududni minalardan tozalash ishlarini olib bormaganini ma‘lum qildi.

Mavlonqulov bilan suhbatdan ma‘lum bo‘lishicha, O‘zbekiston tomoni chegaralarga ko‘milgan minalarni zararsizlantirishga oid bu tomon so‘rovlarini har doim e‘tiborsiz qoldirib kelgan.

Tojikiston rasmiylari Toshkent o‘zbek-tojik chegaralarini bir tomonlama minalashtirgani va “o‘zbeklar minalar ko‘milgan maydonlar xaritasini bu Dushanbe ixtiyoriga bermay kelayotgani” haqida ko‘p bor xalqaro minbarlardan turib shikoyat qilgan.

O‘zbekiston rasmiylari esa chegaralarni minalashtirishga oid Toshkent qarori asosli ekanini uqtiradi.

Jumladan, O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevning tojikistonlik hamkasbi Oqil Oqilovga 4 aprel kungi javob xatida ham ana shu masalaga to‘xtalingan.

Qo‘shni davlat hukumati rahbarining rasmiy xatida yozilishicha, Tojikistondagi fuqarolar urushi davrida (1992-1996 yillar nazarda tutilgan – tahr.) uyushgan jinoiy guruhlar va narkotik oqimi xavfining kuchayishi ortidan O‘zbekiston huquq-tartibot organlari Tojikiston bilan chegaralaridagi ayrim tog‘li hududlarni minalashtirishga majbur bo‘lgan.
XS
SM
MD
LG