Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:41

Xususiy klinikalar faoliyati toraydi


Bolalar salomatligi bilan bog‘liq aksar soha xususiy klinikalardan olinib¸ yana faqat davlat kasalxonalari vakolatiga berildi.
Bolalar salomatligi bilan bog‘liq aksar soha xususiy klinikalardan olinib¸ yana faqat davlat kasalxonalari vakolatiga berildi.

O‘zbekiston Vazirlar mahkamasining 29 mart kungi “Tibbiy faoliyatni litsenziyalashni takomillashtirish borasidagi” qarori xususiy tibbiy shirkatlar faoliyatiga cheklovlar qo‘ydi.

Jiddiy tibbiy amaliyotlar yana davlatga o‘tdi


O‘zbekistonda xususiy tibbiy shirkatlar shug‘ullanadigan faoliyat turlari soni 70 dan 48 nafarga tushirildi.

Xususiy tibbiy shirkatlarga faoliyat turi uchun izn berilgan ilgarigi ro‘yxatdan 22 nomdagi tibbiy faoliyat olib tashlandi.

Hukumat qaroriga ko‘ra¸ bundan buyon xususiy tibbiy idora kardioxirurgiya faoliyati bilan shug‘ullana olmaydi.

Shuningdek akusherlik¸ anesteziologiya¸ travmatologiya¸ bolalar urologiyasi kabi sohalar bilan xususiy klinikalar shug‘ullanishiga izn berilmaydigan bo‘ldi.

Izn berilmagan 22 faoliyat turidan 12 tasi bolalarni davolash bilan bog‘liq.

11 yashar Maftuna ismlik qizi xususiy klinika vositasida o‘tkazilgan yurak amaliyotida nobud bo‘lgan qo‘qonlik Zulxumor opa bolalar taqdirining xususiy shirkatlarga topshirilishiga qarshi:

- Xususiy shirkatlar umuman bo‘lmasa ham yaxshi. Men 11 yil oq yuvib¸ oq taragan qizim Maftunani yuragini operatsiya qilaman¸ deb o‘ldirib berishdi. Mendan pulni olib tezda qizimni operatsiya stoliga yotqizishdi. O‘zlari hatto kardiogramma ham qilmadi. SamPIga kardiogramma qildirib kel¸ deb jo‘natishdi. Men xususiy bir shirkatning pul uchun ma‘suliyatsiz amaliyotga qo‘l urganiga guvohman deydi¸ Zulxumor opa.

Hukumat qarori - ehtiyoj mahsuli


Ergashev nomidagi Toshkentdagi 4-kasalxona bosh vrachi Husniddin Qutbiddinov Vazirlar Mahkamasi qarorini Zulxumor opaga o‘xshagan yuzlab jabrdiyda shikoyatlaridan keyin chiqarilgan hujjat deb biladi.

- O‘z vaqtida chiqarilgan qaror. Men hujjat bilan tanishdim. Neyroxirurgiya¸ bolalar urologiyasi kabi jiddiy faoliyatlar uchun jiddiy klinikalar zarur¸ bunday klinikalarning davlatga oid ekani bugungi kun realligi. Qolaversa¸ kun tartibida inson salomatligi masalasi turar ekan¸ buning ortida davlat turgani ma‘qul.

Suhbatdosh bir-ikki kun “tibbiy faoliyat” ko‘rsatib¸ pul yiqqach yopilib ketgan shirkatlar mayib qilgan kasallar oxir-oqibat davlat shifoxonalaridan madad olayotganiga ham e‘tibor qaratdi.

Sergelidagi tug‘ruqxonaning ismi aytilishini istamagan doyasi ham akusherlik kabi faoliyat turidan xususiy shirkatlar mosuvo bo‘lganidan rozi.

- Qaydsiz abortlar¸ qizlik pardalarini tikib qo‘yish¸ tug‘ishdan keyin qorin ichidagi yog‘larni olib tashlash kabi shubhali amaliyotlar ko‘paygan edi. Endi bunga chek qo‘yilsa¸ qanday yaxshi¸ deydi doya xotin.

Ayni paytda¸ suhbatdosh bunday amaliyotlarning batamom yo‘qolmasligi¸ faqat endi yashirin tarzda xususiy uylarda davom etishini taxmin qiladi.

O‘zbekistonda 1990 yilda ilk xususiy klinikalar ochilgan edi.

Xususiy faoliyatni cheklash - chora emas


Vazirlar Mahkamasi qaroridan hamma ham xursand bo‘layotgani yo‘q.

Urganchlik Shuhrat ismli 48 yashar jarrohning xususiy klinikasi bor. Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda Shuhrat endi bu klinikaga kelayotgan pul oqimi susayishidan xavotir bildirdi:

- Masalan¸ bolalar urologiyasi taqiqlandi. Bolalarni xatna qilish ham mumkin emas¸ deb kelib qolishlari mumkin. Bundan tashqari¸ men oliy ma‘lumotli jarrohman¸ davlat menga ishonib diplom berib qo‘yibdi. Har bir amaliyot uchun shaxsan javob beraman. Chet elda qancha xususiy klinikalar bor¸ hammasi mashhur. Masalan¸ xususiy oshxona davlatnikidan yaxshi bo‘lsa¸ xususiy zavodlar davlatnikidan yaxshi mahsulot chiqaradi. Men bu qarorni bahsli deb bilaman¸ deydi urganchlik jarroh.

Xususiy tibbiy faoliyatga izn olish Germaniya va AQSh singari davlatlarda o‘ta qiyin jarayon hisoblanadi.

Garchi xususiy klinikalarga ruxsat berilgan bo‘lsa-da¸ G‘arb mamlakatlarida tibbiy amaliyotlar davlatning kuchli nazoratida bo‘ladi.
XS
SM
MD
LG