Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:29

Gulnora Usmon Qur‘oni nusxasini Dubayga olib bordi


O‘zbekiston Madaniyati va san‘ati jamg‘armasi Dubayda O‘zbekistonning qadimiy va noyob qo‘lyozmalarini namoyish qildi.

Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida “O‘zbekiston xattotlik, minatyura va an‘anaviy san‘ati” ko‘rgazmasi ochildi.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, ko‘rgazmaga o‘zbek amaliy san‘ati namunalari, qadimiy va noyob qo‘lyozma kitoblar, shu jumladan, Usmon Qur‘oni nusxasi qo‘yilgan.

Mazkur ko‘rgazma O‘zbekiston Madaniyati va san‘ati jamg‘armasi tashabbusi bilan tashkil etildi.

Jamg‘armadan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Sulton Bin Ali al-Uvays Madaniyat jamg‘armasi binosida bo‘lgan ochilish marosimini Dubay amirligi shahzodasi shayx Majid bin Rashid Al-Maktum bilan birga O‘zbekiston Madaniyati va san‘ati jamg‘armasi rahbari Gulnora Karimova ochib bergan.

Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, ko‘rgazma uch qismdan iborat. Unda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi Sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston Musulmonlar idorasi va mamlakatdagi boshqa xususiy kolletsiyalarda bo‘lgan qadimiy qo‘lyozmalar va mamlakatning turli viloyatlaridan yig‘ilgan xalq amaliy san‘ati namunalari qo‘yilgan.

Ushbu ko‘rgazma ichidagi aksar eksponatlarning ilk bor xorijda namoyish qilinayotgani ham aytildi.

Ko‘rgazma markazida Birlashgan Arab Amirliklariga ilk bor keltirilgan Usmon Qur‘oni nusxasi bo‘lgan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, dunyoda Xalifa Usmon topshirig‘i bilan teriga bitilgan jami 4 dona Qur‘on nusxasi bor.

Shuningdek, ushbu ko‘rgazmada qadimiy kiyimlar, xususan, Buxoro amirligi davrida saroyda kiyilgan xos kiyimlar ham namoyish qilinmoqda.

Islomga e‘tiqod qiluvchi va ko‘plab olimlari bilan dunyoga tanilgan O‘zbekistondan borgan bunday noyob ko‘rgazmaning BAA da juda katta qiziqish uyg‘otgani aytilmoqda.

Bu ko‘rgazma ochilish marosimida esa O‘zbekiston Madaniyati va san‘ati jamg‘armasi taklifi bilan Rossiyadan borgan taniqli madaniyat arboblari ham ishtirok etgani aytildi.

Jumladan, Christi's kimoshdi savdo uyining Moskvadagi mintaqaviy direktori Gay Vesining tadbirda ishtirok etgani xabar qilindi.
XS
SM
MD
LG