Линклар

logo-print

O‘zbekistonda e‘lon qilingan so‘nggi amnistiyadan himoyasiz qizaloqni bir necha bor zo‘rlagan va aybi sudda tasdiqlangan 45 yashar Rustem Ibragimov ham bahramand bo‘ldi.

Debilmi yo pedofil?


O‘tgan yilning 14 dekabrida Olmaliq shahar sudi tomonidan yetti yashar qizaloqni ko‘p marotaba jinsiy zo‘rlagani uchun 17 yil qamoq jazosiga hukm etilgan Rustem Ibragimov yaqinda prezident e‘lon qilgan amnistiya asosida ozodlikka chiqarildi.

Ibragimovga nisbatan, o‘tgan yilning dekabrida Konstitutsiyaning 19 yilligiga bag‘ishlanib qabul qilingan amnistiya qo‘llanildi.

Rustam Ibragimov bolalikdan oligofreniya va chuqur darajada rivojlangan debil ekanini inobatga olib, sud uni ozod qilishga qaror qilgan.

"Bu mutlaqo adolatsizlik"¸ deydi jabrlanuvchi tomon advokati Saodat Umarova.

- Pedofilni sudya jinniga chiqargan bo‘lsa ham, bu jinni - xavfli va u maxsus ruhiy shifoxonada o‘tirishi kerak, ozodlikda yurishi kerak emas, ta‘kidlaydi Umarova.

Olmaliq shahar sudi hukmida aytilishicha, Ibragimov o‘tgan yil yozida qo‘shnisining 7 yashar qizini aldov yo‘li bilan yotog‘iga olib kirib zo‘rlagan.

Sudda Rustem Ibragimov o‘z aybini qisman bo‘yniga olgan.

Xavfli jinoyatchi ozodlikda


Toshkent viloyat Sud-tibbiyot ekspertizasi Bosh boshqarmasining 2012 yil 13 fevral kuni bergan ma‘lumotnomasiga ko‘ra¸ Ibragimov oligofreniya va chuqur rivojlangan debillik tufayli bolaligidan ikkinchi guruh nogironidir.

Jabrdiyda qiz onasining advokati Saodat Umarova, Ibragimov kasalligining og‘ir darajada ekanligini shubha ostiga qo‘yadi.

- Ibragimov ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida mexanik-master bo‘lib ishlagan, demak mutlaqo aqlini tanigan va o‘z qilmishiga javob bera oladi, deydi Umarova.

Saodat Umarovaga ko‘ra, Ibragimov o‘tgan yil yozida qo‘shnisi bo‘lgan 7 yashar qizni ongli ravishda yetti marta zo‘rlagani ham uni debil emasligidan dalolatdir.

- Agar odam debil bo‘lsa bir marta jinoyat qiladi, boshqa bu ishga qo‘l urmaydi. Bu odam qizni uch oy davomida azoblab kelgan, ongli ravishda yetti marta zo‘rlagan. Shu qizning oilasi endi O‘zbekistonda adolatga ishonchini yo‘qotdi, deydi Umarova.

Zo‘rlangan qizning onasi Liliya Drojkina va uning yaqinlari esa debil va pedofil qo‘shnisi ozodlikka chiqarilganidan dahshatda.

- Hozir nafaqat bu qizning oilasi, balki butun mahalla hayron, dahshatga tushgan. Qizning oilasi hatto uyini sotib Qrimga ko‘chib ketishga ham rozi, deydi Saodat Umarova.

Amnistiya jamiyat uchun xatarlimi?


O‘zbekistonlik huquq faollariga ko‘ra, mamlakatda har yili amnistiyadan keyin jinoyatchilik ortadi. Chunki jinoyatchilar ozodlikka chiqariladi.

“Birinchi navbatda haqiqiy jinoyatchilar chiqariladi, mamlakatni normal holatga keltirmoqchi bo‘lganlar qamoqda qolaveradi. Holbuki¸ bolaga zo‘rlik qilgan zo‘rovon jazosini olishi kerak”, deydi O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromov.

Hukumat rasmiylariga ko‘ra¸ O‘zbekistonda asosan ayollar, voyaga yetmaganlar, 60 yoshdan oshgan keksalar, nogironlar hamda xorij fuqarolariga nisbatan birinchi navbatda amnistiya qo‘llaniladi.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Svetlana Ortiqovaning aytishicha, o‘tgan yilning 5 dekabrida O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 19 yilligi munosabati bilan e‘lon etilgan amnistiya bo‘yicha 45 ming 383 nafar mahkum avf qilingan.

- Bular asosan ayollar, jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar, 60 yoshdan oshgan erkaklardir. Ehtiyotsizlik orqasidan jinoyat sodir etgan, shuningdek ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etganligi uchun birinchi marta hukm qilingan shaxslarga nisbatan qarorning ikkinchi bandi tadbiq etilgan, deydi Ortiqova.

Ortiqova xonimga ko‘ra, jazodan ozod qilinganlar qayta jinoyatga qo‘l urishlari oldini olish uchun reabilitatsiya dasturlari bor va maxsus markazlar bu bilan shug‘ullanadi.

O‘zbekistonda e‘lon qilingan bu yilgi amnistiya o‘nlab huquq himoyachilari, jurnalist va muxolifat faollarini chetlab o‘tdi.

2008 yilda giyohvand moddalarni sotish ayblovi bilan sudlangan 62 yashar qoraqalpog‘istonlik jurnalist Solijon Abduraxmanov, 2009 yili avtohalokatda xotini va jajji qizalog‘i halok bo‘lgan jurnalist Dilmurod Sayyid, bir o‘pkasidan judo bo‘lgan qashqadaryolik huquq himoyachisi G‘aybullo Jalilovlar shular jumlasidan.
XS
SM
MD
LG