Линклар

Шошилинч хабар
09 май 2024, Тошкент вақти: 01:16

O‘zbek televideniyesi islovotxonalarni fosh qildi


Poytaxtdagi qator fohishaxonalar haqida hozirlangan maxsus ko‘rsatuvda bunday maussasalarning ko‘payishi uchun jamiyatdagi axloqsizlik va mahalla-ko‘y mas‘ul qilib ko‘rsatildi.

Toshkentda o‘nlab islovatxonalar yopildi


Toshkent shahrida yashirin faoliyat yuritgan o‘nlab fohishaxonalar tugatilgan.

Bu haqda 4 aprel kuni O‘zbekiston televideniyesining birinchi kanali orqali namoyish etilgan “Nigoh” ko‘rsatuvida xabar berildi.

Rasmiy kanal orqali efirga uzatilgan ko‘rsatuvda Toshkentning turli mahallalarida fohishaxonalar ko‘payib borayotgani tanqid qilindi.

Xususan, Yunusobod, Hamza, Bektemir, Mirobod tumanlaridagi islovotxonalarda suratga olingan tezkor lavhalar ko‘rsatildi.

“Iqtisodiy qiyinchilik nomussizlik yo‘liga yetakladi”


Huquq idoralari tomonidan fohishalik bilan shug‘ullanish payti qo‘lga olinganlar orasida oliy o‘quv yurtini bitirgan, shuningdek, ayni paytda kollejlarda tahsil olayotgan qiz-juvonlar ham bor.

Tanafurushlik ortidan kun ko‘rayotgan ayollarning aksariyati iqtisodiy qiyinchilik yoki oiladagi nosog‘lom muhit tufayli shu yo‘lga kirganini aytadi.

Islovotxona bekalari mijoz ko‘ngligini olish evaziga 16 ming so‘mdan 100 dollargacha haq olgan.

– Nahs bosgan kvartiralar ularning yashash va “ish” joyiga aylangan, – deyiladi ko‘rsatuvda.

Betiyiq mayllar


Poytaxtda so‘nggi yillarda ancha ko‘payib qolgan saunalarning aksariyati fohishaxonalarga aylanib qolgani aytiladi.

"Saunalar “massaj” niqobi ostida tanafurushlikni taklif qilib keladi", deb hisoblaydi mahalliy aholi.

O‘zbekiston rasmiy kanaliga ko‘ra, Toshkentdagi saunalar xo‘jayinlari qizlarni fohishalikka jalb etish ortidan mo‘may daromad topgan. Masalan, Mirobod tumanidagi sauna egasi Viktoriya Musajonova qisqa muddat ichida 65 million so‘m pul ishlagan.

Ko‘rsatuvda imonsizlik va axloqsizlik avj olgani tufayli islovotxonalar ko‘payib ketayotgani ta‘kidlangan.

“Betiyiq mayllariga qul bo‘lgan puldor erkaklar” ham keskin qoralangan.

Shuningdek, bunday axloqsizlikka “toqat qilib bo‘lmasligi” aytilarkan, “ayrim ellarda tanqis bo‘lgan o‘zbekona sharm-hayo”ni asrashga da‘vat etilgan.

“Mahalla qayerga qarayapti?”. “Militsiya-chi?..”


Ko‘rsatuv davomida islovotxonalar ko‘payib borayotganiga qo‘ni-qo‘shni, mahalla qo‘mitalari va ta‘lim muassasalarining bee‘tiborligi ham sabab ekani bir necha marta qayd etilgan.

Teledasturga mahallasida islovotxona borligidan g‘ofil qolgan mahalla raisining uzr-ma‘zurli intervьyusi ham kiritilgan.

Biroq filmning biror o‘rnida hududdagi huquqbuzarliklarga asosiy javobga shaxs – militsiya uchastka nozirlari mas‘uliyati eslanmagan.

Mustaqil kuzatuvchilarga ko‘ra, nafaqat Toshkent, butun mamlakat miqyosida fohishaxonalarning ildiz otishida huquq-tartibot idoralarining ham qo‘li bor.

Aholi orasida keng yoyilgan qarashga ko‘ra, islovotxonalarga hudud militsiya nozirlari himoyachilik qiladi va buning evaziga ma‘lum miqdorda ulush olib turadi.

2011 yil iyunda Toshkent shahridagi fohishaxonalar makoniga aylangan o‘nlab kvartiralar musodara qilingani haqida xabar berilgandi.

Tahlilchilarga ko‘ra, ishsizlik tobora kuchayotgan bir paytda tanafurushlik ortidan tirikchilik o‘tkazishga majbur bo‘ladigan ayollar soni oshishi ehtimoldan xoli emas.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 131-moddasiga ko‘ra, fohishaxona saqlash yoki qo‘shmachilik qilish eng kam oylik ish haqining 25 baravaridan 50 baravarigacha jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Mazkur jinoyat takroran yoki voyaga yetmaganlarni jalb qilgan holda sodir etilsa, aybdorga 6 oygacha qamoq yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi beriladi.
XS
SM
MD
LG