Линклар

logo-print

Markazi Parijda joylashgan "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti so‘nggi haftalarda O‘zbekistonda mustaqil jurnalistlarga qarshi ta‘qiblar kuchayganidan xavotir bildirdi.

Tashkilotga ko‘ra, so‘nggi haftalarda O‘zbekistonda bir necha jurnalistga yozmagan maqolalari uchun jinoyat ishlari ochilgani, kamida ikki xorij jurnalistining O‘zbekistonga kiritilmay, Toshkent aeroportidan ortga qaytarilgani hukumatning mustaqil jurnalistlarga nisbatan shundoq ham keskin yondashuvi yanada keskinlashganiga misoldir.

- O‘zbekistondagi matbuot ahvoli shundoq ham abgor qolayotgan bir paytda jurnalistlarga nisbatan bunday yangi tazyiqlar to‘lqini kuzatilmoqda, deydi Chegara bilmas muxbirlar tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘limi boshlig‘i Yohann Bir.

O‘tgan oy boshlarida Toshkentga shaxsiy safar bilan borgan Bi-Bi-Si jurnalisti Natalya Antelava O‘zbekistonga qo‘yilmadi.

O‘zbekistonni "Baliqlar mamlakati" deb atagan rossiyalik jurnalist Viktoriya Ivleva ham mart oyi oxirlarida Toshkent havo qo‘nalg‘asidan ortga qaytardi.

Shuningdek, Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti O‘zbekistonda mart oyining so‘nggi haftasida birdaniga ikki mustaqil jurnalist - Viktor Krimzalov hamda Yelena Bondarga qarshi ochilgan jinoyat ishlariga e‘tibor qaratadi.

Krimzalov Centrasia.ru veb sahifasida chop etilgan maqolani dalillarsiz yozganlikda gumon qilinib, javobgarlikka tortilgan, Bondar esa milliy va irqiy adovat qo‘zg‘atishda ayblanmoqda.

Shuningdek, tashkilot o‘z bayonotida yana bir mustaqil jurnalist Aleksey Volosevichning o‘tgan oy oxirlarida Toshkentdagi AQSh elchixonasiga kirishda pasportidagi ma‘lumotlarni yozib olmoqchi bo‘lgan militsiya xodimi talabini rad etgani uchun qisqa muddat hibsga olinganini ham eslatadi.

Kuchli bosim zarur


Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti rasmiysi Yohann Birga ko‘ra, O‘zbekistonda mustaqil matbuotga nisbatan ta‘qiblarni to‘xtatish va qamalgan jurnalistlarning ozod etilishiga erishish uchun xalqaro bosimlarni kuchaytirish kerak.

- Bilishimizcha¸ O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov hozirda Germaniyaga safar qilishni rejalamoqda. Biz Germaniya kantsleri Angela Merkel xonimni O‘zbekiston rahbarini qabul qilishga rozilik berishdan avval unga siyosiy shartlarni qo‘yishi, qamalgan mustaqil jurnalistlarni ozod etish hamda ta‘qiblarni to‘xtatishni talab etishga chaqiramiz, deydi Yoxann Bir.

Kamida 10 jurnalist qamoqda


Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti o‘z bayonnomasida O‘zbekistonda qamalgan jurnalistlar ro‘yxatini ham keltiradi.

10 kishilik ro‘yxatda 1999 yildan buyon qamoqda qolayotgan "Erk" gazetasining bosh muharriri Muhammad Bekjon, shu ro‘znoma muxbiri bo‘lgan Yusuf Ro‘zimurodov, 2008 yilda giyohvand moddalarni sotish ayblovi bilan 10 yilga qamalgan 62 yashar qoraqalpog‘istonlik jurnalist Solijon Abduraxmanov, jurnalist Dilmurod Sayyid , ikki yil muqaddam qamalgan diniy voiz va futbol sharhlovchisi Xayrullo Hamidov hamda "nurchilik"da ayblanib qamalgan "Irmoq" gazetasining 6 nafar muxbiri Bahrom Ibragimov, Davron Qobilov, Ravshanbek Vafoyev, Abdulaziz Dadaxonov, Botirbek Eshqo‘ziyev nomlari bor.

Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti, shuningdek shu yil yanvar oyida ruhiy shifoxonadan chiqarilganidan sal vaqt o‘tib g‘oyib bo‘lgan jizzaxlik mustaqil jurnalist Jamshid Karimovning taqdiri hanuz mavhum bo‘lib qolayotgani borasida xavotir bildirgan.

Chegara bilmas muxbirlar O‘zbekistonni dunyodagi matbuot erkinligi ahvoli eng yomon bo‘lgan 10 ta davlat qatorida tilga olib keladi.
XS
SM
MD
LG