Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:48

Tojikistonda muxolif partiyalar tekshirildi


Islom uyg‘onish partiyasi logotipi.
Islom uyg‘onish partiyasi logotipi.

Tojikiston Bosh prokuraturasi va soliq idorasi bu mamlakatdagi siyosiy partiyalar, jumladan muxolifatdagi Islom uyg‘onish va Kommunistik partiyalarini “g‘alvirdan o‘tkazdi”.

Tojikiston Kommunistik partiyasi raisi Shodi Shabdolovning Ozodlikka ma‘lum qilishicha, Bosh prokuratura xodimlari “kommunistlar orasida O‘zbekiston islomiy harakati va Hizbut-tahrir kabi diniy ekstrimistik tashkilot a‘zolari ham bormi yoki yo‘qligini obdon tekshirgan”. Shabdolovning aytishicha, bunday tekshiruv partiyaning respublika miqyosidagi barcha bo‘limlarida o‘tkazilgan.

- Bosh prokuraturani ko‘proq ikki masala, biz xorij davlatlaridan moliyaviy ko‘maklar olayapmizmi yoki yo‘qmi va safimizda mamlakatda faoliyati taqiqlangan diniy ekstremistik tashkilot a‘zolari ham bormi yoki yo‘qligi qiziqtirdi. Albatta¸ ular qidirgan narsasini topolmadi, deydi tojik kommunistlari rahbari.

Shabdolov shuningdek, tekshiruv o‘tkazganlar mazkur partiya a‘zolarining umumiy ro‘yxatini Bosh prokuraturaga topshirishni talab qilgani¸ lekin o‘zi bu talabni rad etganini qo‘shimcha qildi.

Shabdolovning aytishicha, “soliq idorasi xodimlari kommunistlar byudjeti kasod ekanidan juda hayratga tushgan” - bir oylik tekshiruv natijasida davlat vakillari mazkur siyosiy partiya faoliyatida payqagan yagona kamchilik ham faqat shu bo‘lgan.

Tojikistonda siyosiy partiyalar, jumladan muxolifatdagi partiya faoliyatining Bosh prokuratura va soliq idorasi tomonidan tekshirilishi keyingi 20 yil davomida ilk bor kuzatilmoqda.

Shodi Shabdolovning gapiga qaraganda, davlat qaydidan o‘tgan siyosiy partiyalar joriy tartib asosida bir yilda bir marotaba faqat Adliya vazirligiga hisobot berishi lozim. Qolgan idoralar esa¸ kommunistlar yetakchisiga ko‘ra¸ siyosiy partiyalar faoliyatini to‘ppadan -to‘g‘ri tekshirish huquqiga ega emas.

“Lekin shunday bo‘lsa-da, deydi kommunistlar partiyasining raisi Shabdolov, bizga noma‘lum sabablar bilan Bosh prokuratura va soliq idorasi juda jiddiy tekshiruv olib bordi”.

Davlat idoralari “g‘alviridan o‘tgan” yana bir muxolifat guruhi - Islom uyg‘onish partiyasining tahliliy axborot bo‘lim boshlig‘i Hikmatullo Sayfullozoda mazkur partiya faoliyati ustidan tekshiruv jarayoni bundan bir yarim oycha avval boshlanganini aytadi. Ammo unga ko‘ra¸ Zvezda.ru saytida nashr qilingan bir bahsli maqola tojik jamiyatiga yoyinlangandan keyin bu tekshiruv bir muddat to‘xtatib qo‘yilgan.

Mart oyi boshida Zvezda.ru Internet saytida nashr qilingan “Tojikiston inqilob bo‘sag‘asida” nomli maqola tojikistonliklar orasida katta bahslarga sabab bo‘lgan edi.

Zvezda.ru o‘z sahifasida Tojikiston prezidenti devonining respublika Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi va shu kabi tegishli idoralarga yo‘llagan maxfiy topshirig‘i nusxasini ham chop qilgan edi.

Hozirga qadar haqiqiy yoki qalbakiligi yuzasidan biror rasmiy idora izoh bermayotgan bu “maxfiy buyruq”da mamlakat ichkarisidagi siyosiy faollar, jumladan, Islom uyg‘onish partiyasi faoliyati va uning faollari hamda 1992 yilgi ichki nizolarda faol qatnashgan shaxslarni ta‘qib qilish talab qilingan.

Sayfullozodaining ta‘kidicha, mart oyi oxirlarida boshqa siyosiy partiyalar qatorida Islom uyg‘onish partiyasi idorasida ham tekshiruv ishlari olib borgan Bosh prokuratura xodimlarini prezident devonining maxfiy hujjati qanday qilib Zvezda.ru ga tushib qolgani va bu xabar agentligining mamlakatdagi siyosiy partiyalar bilan biror aloqasi bor- yo‘qligi qiziqtirgan.

Tojikiston Bosh prokuraturasi mas‘uli Madibrohim Olimov mavzu yuzasidan Ozodlik muxbirining sharh berish so‘roviga hali natijalar xulosalanmaganini aytish bilan javob qaytardi.

Bosh prokuratura yoki soliq idorasi siyosiy partiyalar faoliyatini tekshirish salohiyatiga egami yoki bu biror maxsus buyruq asosida amalga oshirilgan tadbirmi?, degan savolimizga javob berar ekan Bosh prokuratura rasmiysi quyidagilarni bildirdi.

- Bu bizning doimiy ishimiz. Bosh prokuratura va davlat tegishli idoralari Konstitutsiyamiz, qonunlarimizning joylarda qanday bajarilayotganiga oid masalada respublika barcha idoralarida tekshiruv olib borishga haqlidir, dedi Madibrohim Olimov.
XS
SM
MD
LG