Линклар

O‘zbekistonda yoqilg‘i quyish shahobchalari tekshiriladi


1 aprel kuni portlash ro‘y bergan Toshkentdagi "MQ-Servis" nomli yoqilg‘i quyish shahobchasi.

1 aprel kuni portlash ro‘y bergan Toshkentdagi "MQ-Servis" nomli yoqilg‘i quyish shahobchasi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shu yil 1 aprelidagi 94-sonli qaroriga muvofiq, barcha yoqilg‘i quyish stantsiyalarida keng ko‘lamli taftish o‘tkaziladi.

Qaror bo‘yicha taftishni amalga oshirish yoqilg‘i quyish nuqtalarida samarali xizmat ko‘rsatish tizimini yaratish va favqulodda hodisalarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tashkil etilmish Respublika ishchi komissiyasiga topshirilgan.

Tekshirishlar mobaynida mavjud va yangi qurilayotgan AYoQShlar, gaz quyish stantsiyalari, avtoulovlarga gaz quyish kompressor stantsiyalari va Gaz quyish stantsiyalari yer uchastkasining huquqiy holati, loyiha-cmeta hujjatlari, litsenziya, malakali xodimlar, yong‘inga qarshi vositalar va inventarning yetarli ekanligi borasidagi mezonlar hisobga olinadi.

Toshkentdagi UzGazOil shahobchalaridan birida ishlovchi Baxtiyor Kimsanovning ta‘kidlashicha, poytaxtda bu kabi taftishlar allaqachon boshlandi.

Taftishchilar guruhida prokuratura, IIB, Moliya boshqarmasi, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va boshqa tegishli idoralardan mas‘ul shaxslar bor. Ular har bir “zapravka” bo‘yicha keng ko‘lamli tekshirishlar o‘tkazmoqda. Shuningek, “zapravka”lar hududidagi obodonlashtirish, savdo va ijtimoiy ob‘ektlarning joylashuviga ham e‘tibor qaratishmoqda.

Joriy yilning 1 aprel kuni Toshkentning kichik halqa yo‘lidagi "MQ-Servis" yoqilg‘i quyish stantsiyasida yirik portlash sodir bo‘lgandi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining AYoQShlarda tekshirish o‘tkazish borasidagi qarori ana shu portlash natijasi ekani taxmin qilinmoqda.

Qurbonlar bo‘lmagan mazkur portlash hodisasi bir hafta muqaddam mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida bosh mavzuga aylangandi.
XS
SM
MD
LG