Линклар

Marg‘ilonda gaz portlab, 2 go‘dak onasiz qoldi


Yong‘in ro‘u bergan xonadonda 6 yoshli qizaloq va 1 oylik go‘dak onasiz qoldi.

Yong‘in ro‘u bergan xonadonda 6 yoshli qizaloq va 1 oylik go‘dak onasiz qoldi.

Bunaqa fojeaga tez-tez uchrayotgan marg‘ilonliklar ta‘minotga mas‘ullar gazning kelish-kelmasligidan xalqni ogohlantirmayotganidan nolimoqda.

Marg‘ilon shahri, Toshloq mahallasi, Shohimardon ko‘chasi 1 uyda gaz portlashi oqibatida yoshgina oila yonib ketgani haqidagi xabar 8 aprel kuni Ozodlikning elektron manziliga kelib tushdi.

Xabar ortidan aniqlanishicha, ushbu xonadonda istiqomat qiluvchi Mashrapovlar xonadonida gaz portlashi 3 aprel kuni tongda ro‘y bergan.

Xonadonning Ozodlik murojaatiga javob bergan a‘zosi - Mavludaxon voqeani shunday hikoya qilib berdi.

- 10 kundan beri gaz bo‘magan. Undan oldin yonib turardi ozgina. Bolalariga e‘tibor qilmagan shekilli, vintel ochiq qolgan. Azonda uyiga gaz to‘lib qolgan, ularni gaz elitib qo‘ygan, hidini bilmagan. Keyin uy sovub ketibdi, bolalarim sovqotmasin, deb kelin ayam yoqib ko‘rganda uy portlab ketgan, - deydi Mavludaxon.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, hamma uyquda bo‘lgani, buning ustiga oila sohibining tungi smenada ishda bo‘lgani bois saharlab ro‘y bergan portlash va uning ortidan chiqqan yong‘inda 26 yoshli kelinchak Fotima Mashrapovani saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.

- Kelin ayam bir kun yashadi, bolnitsada olamdan o‘tdi. 1 oylik chaqaloqning yuzi kuygan, 6 yoshlik qizining qo‘l-oyog‘i kuygan. Bolnitsada yotibmiz hozir. Qizcha ancha yaxshi, uni buvisi olib ketadi. Bolani esa men boqib olaman endi, yetim bolib qolarmidi?! - deydi Mavludaxon.

Mashrapovlar oilasi fojeadan so‘ng tumandagi gaz ta‘minotiga mas‘ul tashkilotga murojaat qilgani, ammo ulardan bu hodisaga o‘zlarini mas‘ul bilmasliklari haqidagi javobni olganini aytmoqda.

Bu so‘nggi ikki oy ichida Marg‘ilon shahri va unga yondosh hududlarda ro‘y bergan birinchi ayni hodisa emas.

Uzoq muddat uzilgan gaz kutilmaganda yana berila boshlashi oqibatida aholi xonadonlarida gaz portlayotgani haqida Ozodlik bir necha bor xabar bergan.

Bunaqa holatlardan bir nechtasidan xabardor bo‘lgan Mavludaxon va boshqa marg‘ilonliklar gaz ta‘minotiga mas‘ul idoralar gaz yana berilishi haqida aholiga ogohlantirish berilmayotganidan nolimoqda.

- Shunaqa, gaz keladi, deb qo‘yishsa bo‘lmaydimi? Qayerdadir nosozlik bo‘lsa, o‘chirishini aytishadi. Lekin yoqishi haqida gapirishmaydi. Bunaqalar ko‘p bo‘layapti. Mana Oxunboboyevdanam yotishibdi. Ayasi o‘lgan, 2 yoshli o‘g‘li o‘lgan. Mening kelin ayam o‘ldi. Yana bitta qizning ayasi o‘lgan, - deydi shu kunlarda 1 oylik jiyanini olib shifoxonada yotgan Mavludaxon.

Ozodlik ham shu yilning yanvar oyida Marg‘ilon shahrining Sholdirama mahallasidagi Hikmatovlar xonadonida gaz portlashi oqibatida chiqqan yong‘indan 3 go‘dakning nobud bo‘lgani, ota-ona esa og‘ir jarohat olgani haqida xabar bergan edi.

Xususan, Toshloq mahallasidagi voqea yuzasidan Ozodlik muxbiri "Marg‘ilongaz" idorasiga bog‘landi.

Idoraning telefon go‘shagini ko‘targan va o‘zini tanishtirmagan xodimi voqeaning bo‘lganini tasdiqlar ekan: "Gaz yana berila boshlashidan aholini nega ogohlantirmaysiz?", degan savolga: "Biz har doim aholini ogohlantirib boramiz, har doim", deb javob berdi.

Ammo, Toshloq mahallasidagi va Marg‘ilon shahrining boshqa hududlarida ro‘y berayotgan gaz portlashi va yong‘inlar haqida Ozodlik savollariga javobni bu idora xodimlari keyinga qoldirdi.

Shuningdek, Ozodlik muxbiri Marg‘ilon shahar Ichki ishlar bo‘limiga ham bog‘lanib: "Ketma-ket sodir bo‘layotgan bunday hodisalar bo‘yicha jinoiy ishlar qo‘zg‘atilyaptimi va chora ko‘rilyaptimi?" degan savollar bilan murojaat qildi.

Ammo, bo‘lim xodimlari bu savollarga javob bermadi.

Shu tariqa, avvalo, gaz tanqisligi bois bo‘layotgan uzilishlar va ta‘minotdan aholining o‘z vaqtida xabar qilinmasligi, bundan tashqari, aholi tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan ehtiyotsizlik bois nafaqat Marg‘ilon shahri, balki O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham gaz portlashi va yong‘inlar oqibatida qurbonlar berilmoqda.

Rasmiy tashkilotlardan tegishli ogohlantiruv va ehtiyot choralari haqidagi ma‘lumotlar bilan muntazam ta‘minlanmayotgan aholi vakillariga Marg‘ilonda istiqomat qiladigan va ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan tinglovchi mana bu so‘zlarni yetkazib qo‘yishni iltimos qildi.

- Odamlarga har doim eslatib turish kerak o‘zi. Gaz uzilib-uzilib turibdimi, demak gaz plitasini yoqishdan oldin havoda is gazi bormi-yo‘qmi, unga e‘tibor qilish kerak. Hid bo‘lsa-bo‘lmasa, derazalarni, eshiklarni ochib, havoni shamollatish kerak. Ungacha, hatto, chiroqni ham yoqmaslik kerak.

Ayol kishi juda aqli yetmasa, biror katta erkak kishini chaqirishi kerak. Eng, avvalo, u plita jonivorni hamisha o‘chirib yurish kerak, bolalarga hushyor bo‘lish kerak. Bu gapni aholiga kattalar har kuni eslatib turishi kerak. Chunki, bu tirikchilik og‘ir, odamlarning hayolida ming xil o‘y hozir. Bunaqa ehtiyot choralarini har kuni eslataverish kerak, - deydi marg‘ilonlik tinglovchilardan biri Ozodlik bilan suhbatda.

Gaz tanqisligi muammosi bois fojeali voqealar O‘zbekistonda tez-tez kuzatiladi.

26 yanvar o‘tar kechasi Jizzaxning G‘allaorol tumanida yashovchi Alimardon Yusupov xonadonidagi yong‘in natijasida ikki bola nobud bo‘lgan edi.

O‘tgan yilning noyabr oyida Andijon shahrida gaz moslamasi portlab kamida 4 odam, Quvasoyning Qo‘chqorchi qishlog‘ida esa, is gazidan bir oila nobud bo‘lgan edi.

Marg‘ilonning o‘zida ham 2010 yilning oxirida Muhammadjon ismli 35 yoshli yigit uyida gaz portlashi oqibatida kuyib, shifoxonaga yotqizilgan edi.

Ozodlik bu hodisalar ortidan mas‘ul idoralarga nisbatan qanday choralar ko‘rilgani va bunday fojealarning oldini olishda nima ishlar qilinayotganiga oid rasmiy ma‘lumotlarni aniqlashga urinishda davom etadi.
XS
SM
MD
LG