Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:46

Xitoyda mingdan ziyod “internet jinoyatchi” ushlandi


So‘nggi ikki oy mobaynida Xitoyda olib borilayotgan “internetdagi jinoyatlar”ga qarshi kurash kampaniyasida mamlakat huquq-tartibot idoralari 1065 kishini qo‘lga olganlar.

Bu haqda xabar qilgan Xitoy rasmiy nashrlari “vitual tartibbuzarlar”ga nisbatan aynan qanday ayblovlar qo‘yilayotgani haqidagi tafsilotlarni ochiqlamagan.

Internetni tartibga solish bo‘yicha kampaniya, Pekin ta‘biriga ko‘ra, asosan forum va ijtimoiy tarmoqlarga Xitoydagi davlat tuzumini ag‘darish chaqiriqlari, siyosiy mish-mishlar va boshqa “zararli” axborot chiqib ketishining oldini olishga qaratilgan.

Sinxua agentligining xabar qilishicha, o‘tgan ikki oy mobaynida “mish-mish uydirish va tarqatish”ga daxldor bo‘lgan 16 ta veb-sayt yopilgan, 208 mingta “zararli” onlayn xabar o‘chirib chiqilgan.

Xitoydagi yirik internet-portallardan hisoblanmish www.sina.com va www.qq.com ham rasmiy Pekin tanqidiga uchragan saytlar sarasiga kiradilar. Bu veb-resurslar o‘z forumlaridagi “taqiqlangan ma‘lumotlar”ni o‘chirib chiqish uchun to‘rt kunga faoliyatini to‘xtatib qo‘yishga majbur bo‘lgani aytilmoqda.

“Internet orqali mish-mish tarqatish xalqimiz manfaatlariga ziyon yetkazuvchi, davlat xavfsizligi va ijtimoiy barqarorlikni yemiruvchi jiddiy muammoga aylandi”, deyiladi 8 aprel kuni Xitoy Internet assotsiatsiyasi tomonidan tarqatilgan bayonotda.

Mazkur tashkilot Internetda faoliyat yurituvchi barcha shirkatlarga “o‘zni intizomga bo‘ysundirish”ni kuchaytirib, mish-mishlar tarqatishning oldini olishga chaqirig‘i bilan chiqdi.

Global tarmoqda intizom joriy qilish va uni tartibga keltirish maqsadida Xitoy rasmiylari hozirda qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdalar. Ulardan biri asosiy mikroblog xizmatlarida qayddan o‘tishda foydalanuvchilardan haqiqiy ism va hujjat raqamlarini taqdim etishni talab etadigan tizim joriy etishni ko‘zda tutadi.

Xitoyda Twitter, Youtube va Facebook ijtimoiy tarmoqlarga anchadan buyon to‘siq qo‘yib kelinadi. O‘tgan qishda Internetda tanqidiy maqola e‘lon qilgan uch xitoylik dissident 9-10 yildanga ozodlikdan mahrum qilingan.

2011 yil oxiridagi ma‘lumotlarga qaraganda, Xitoyda internetdan foydalanuvchilar soni 513 million kishiga yetgan, bu mamlakatga doxil veb-saytlar soni soni esa 2,3 milliondan oshgan.

Xitoyda Internetning oshig‘ich sur‘atlar bilan yoyilishi qabatida mamlakatda internet-iqtisodiyot ham jadallik bilan rivojlanib bormoqda. Elektron savdo bozorining kattaligi bo‘yicha bu mamlakat hozir dunyoda ikki o‘rinni egallaydi.
XS
SM
MD
LG