Линклар

O‘zbekiston hukumati Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida yuz bergan sel va suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish uchun 2 milliard 92 million so‘m mablag‘ ajratishi aytilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining G‘allaoroldagi tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish to‘g‘risidagi 4 aprel kungi qarorida shunday deyiladi.

Unga ko‘ra, ajratiladigan mablag‘ suv toshqinidan zarar ko‘rgan 234 ta uy egalarining imtiyozli narxda qurilish materiallari xarid qilishi uchun sarflanadi.

Mazkur mablag‘ Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi hisobidan Jizzax hokimligiga ajratiladi.

O‘z navbatida, viloyat hokimligi mablag‘ni maqsadli sarflashga mas‘ul etib tayinlangan. Hukumat qarori bilan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ham tasdiqlangan.

Unga muvofiq, “O‘zavtoyo‘l” shirkati va Respublika yo‘l jamg‘armasiga sel yuvib ketgan avtomobil yo‘llarini ta‘mirlash yuklatilgan.

Viloyat hokimligi Qo‘riq va Turk qishloqlariga olib boruvchi 2 ko‘prikni qayta tiklashi belgilangan.

Shuningdek, “O‘ztransgaz” va “O‘zbekenergo” shirkatlari sel yuvib ketgan gaz va elektr tarmoqlarini qayta qurishi zarur.

Bundan tashqari, hukumat qarorida turar-joylarini tiklayotgan jabrdiydalarga kredit ajratish, tabiiy ofatda vayron bo‘lgan 11-maktab o‘rnida yangi bino qurish vazifalari ham ko‘rsatilgan.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil 21 fevraliga o‘tar kechasi G‘allaorol tumanining Juma, Cho‘michli, Toshkamar, Jarbuloq, Turk va Karizquduq qishloqlarini suv bosgan.

Tabiiy ofat ikki kun davomida tinimsiz sel yog‘ishi va buning ortidan katta soy suvining toshishi bois ro‘y bergan. Toshqin natijasida yuzdan ziyod uyni suv bosgan edi.

Tabiiy ofat payti Jarbuloq qishlog‘ida bir ayol halok bo‘lgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi. Biroq keyinroq bu ma‘lumot rasmiylar tomonidan rad etilgan.

Yuzlab insonni boshpanasiz qoldirgan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan hukumat qarori chiqqaniga qaramasdan, bu hodisa haqida O‘zbekiston rasmiy matbuotida biror ma‘lumot berilganicha yo‘q.
XS
SM
MD
LG