Линклар

Yaqindagina "yangi iPad" planshetini sotuvga chiqargan Apple shirkati kelajakda "iPad mini", ya'ni taniqli planshetning kichikroq versiyasini e'lon qilishi mumkin. Bu xarbarni amerikalik blogger Jon Gruber Apple shirkatiga yaqin bo'lgan manbasiga asoslanib tarqatdi.

Bloggerga ko'ra, Apple injenerlari ayni damda ekrani 7,85 dyuymlik iPad ustida ish olib borishmoqda. Planshetning bu versiyasi qolganlaridan faqat ekranining kichikligi bilan farqlanadi, xolos. Operatsion tizimda va dasturlarni o'rnatishda o'zgarish bo'lmaydi, deydi Gruber.

Yangi planshet haqidagi xabar Apple shirkati tarafidan tasdiqlanmagan bo'lsa-da, odatdagidek Internetda keng munozaraga sabab bo'ldi. Bir qator taniqli texno-bloglar taxminiga ko'ra, "iPad mini" plansheti narxi arzonroq bo'lib, asosan rivojlanayotgan mamlakatlar bozoriga mo'ljallangan bo'ladi.

Agar taxminlar rost bo'lib chiqsa, kichkina iPad Apple shirkatining iyun oyida otadigan Worldwide Developers Conference tadbirida e'lon qilinishi mumkin (ayrim manbalar ko'ra esa, ushbu tadbirda iPhone smartfonining 5-avlodi ham taqdim etiladi).

Biroq blogger Jon Gruberning aytishicha, kichkina iPad umuman sotuvga chiqarilmasligi ham mumkin. Sababi Apple shirkati injenerlari gohida o'zlari bilmagan holda umuman dunyo yuzini ko'rmaydigan mahsulotlar ustida ish olib borishadi.

Eslatamiz, iPad planshetining birinchi avlodi 2010 yilning yanvar oyida o'sha vaqtda hayot bo'lgan Apple rahbari Stiv Jobs tarafidan taqdim etilgan edi. Shundan beri Apple planshetning yangi avlodlari - iPad 2 va "yangi iPad" ni sotuvga chiqardi. Ularning barchasi 9,7 dyuymlik ekranga ega.
XS
SM
MD
LG