Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:25

Rossiyadan O‘zbekistonga pul jo‘natish ikki baravar ortgan


Rossiya Markaziy bankiga ko‘ra, bu mamlakatdagi o‘zbekistonlik mehnat muxojirlari 2011 yilda o‘z vatanlariga 4,3 milliard AQSh dollari miqdorida mablag‘ jo‘natganlar.

Bu avvalgi yildagiga qaraganda 50 foizga ko‘proqdir. 2010 yil mobaynida Rossiyadan O‘zbekistonga yuborilgan pullar 2 millard dollardan ko‘proqni tashkil etgan.

Uylariga jo‘natilgan pul miqdori bo‘yicha Rossiyada ishlovchi o‘zbekistonliklar hali ham birinchilikni ushlab turibdi.

O‘zbekistonga jo‘natilayotgan pullar hajmining ortishi Rossiyada o‘zbekistonlik mehnat muxojirlarining ko‘paygani bilan izohlanadi.

Hozirda Rossiya Federatsiyasida 3 yarim millionga yaqin o‘zbekistonlik mehnat muxojiri borligi aytiladi. Ba‘zi norasmiy manbalar esa bu raqam ikki baravar ko‘proq deb taxmin qiladi.

Hozirda Rossiyada muxojirlar soni bo‘yicha ham, pul jo‘natish bo‘yicha ham o‘zbekistonliklar birinchi o‘rinda.

Pul jo‘natish bo‘yicha tojikistonliklar ikkinchi o‘rinda turibdi. Ukrainaliklar esa uchinchi.

O‘tgan yili tojikistonliklar vatanlariga 3 milliard dollar, ukrainalik muxojirlar esa 2,8 milliard dollar pul jo‘natganlar.

O‘zbekistonga "Eastern Union" orqali ham pul ketyapti


Rossiya Markaziy banki Western Union, MoneyGram, UNIStream, Contact, InterExpress, Migom va "Pochta Rossii" singari yigirmaga yaqin muassasalardan olingan hisob-kitoblarga tayangan xolda O‘zbekistonga o‘tgan yili 4,3 milliard AQSh dollari jo‘natilgani haqida ma‘lum qilgan.

O‘zbekistonliklarning boshqa shirkat xizmatlaridan foydalanishi, yoki bo‘lmasa mardikorlar orasida "Eastern Union" deb ataluvchi vosita - tanish-bilishlar orqali uylariga pul mablag‘lari yuborishlari ham inobatga olinsa, O‘zbekistonga jo‘natilayotgan mablag‘lar bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston rasmiylari chetdagi mehnat muhojirlari jo‘natayotgan mablag‘lar miqdorini ochiqlamaydi. O‘zbekistonda mehnat muxojirlari jo‘natayotgan mablag‘larning mamlakat iqtisodiyotidagi o‘rni borasidagi statistik ma‘lumotlar ham jamoatchilikka oshkor etilmaydi.

Iqtisodni qutqaruvchi omil


Ayni paytda, Qozog‘istonda ham ko‘p sonli o‘zbekistonliklar uzoq muddatli yoki mavsumiy ishlar bilan mashg‘ulligi, shuningdek, Janubiy Koreya, Yevropa mamlakatlari va AQShdagi legal va nolegal mehnat muhojirlari ham vatanlariga pul jo‘natishi inobatga olinsa, muhojirlar O‘zbekistonga yuborayotgan mablag‘ miqdori haqida tasavvur xosil qilish mumkin.

Mustaqil tahlilchilar fikricha, aynan mehnat muhojirlari oilalariga yuborayotgan pul jo‘natmalari O‘zbekiston iqtisodini defoltdan qutqarmoqda va jamiyatdagi taranglikni yumshatuvchi omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, mehnat muhojirlari chetdan yuborayotgan mablag‘lar O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining 10 foizini tashkil etadi.
XS
SM
MD
LG