Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:44

Tojikistonda ma‘ruzasevar taksichilar ovlanmoqda


Bu g‘ayrioddiy tadbir, Tojikiston Ichki ishlar vazirligi mas‘ullarining ta‘kidicha, ko‘p sonli yo‘lovchilardan tushgan shikoyat asosida boshlab yuborilgan.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligining yangi tashkil etilgan “ishonch telefoni”ga qo‘ng‘iroq qilgan aholining ko‘pchiligi shahar va tumanlarda faoliyat yuritayotgan marshrutka va taksi haydovchilari mijozlari haq- huquqlarini poymol qilayotganidan shikoyat qilgani bildirildi.

Ana shu shikoyatlar asosida vazirlik yangi hafta boshidan respublikaning qator tuman va viloyatlarida maxsus reyd boshlab yuborgani ma‘lum bo‘ldi. Ammo bu tadbir hozircha Dushanbe shahrida kuzatilmayotir.

- Haydovchilar yoqimsiz musiqalar, hammaga ham tushunarli bo‘lmagan amri ma‘ruflarni baland ovozda qo‘yayotgani haqida shikoyatlar keldi. Umumiy tartibga ko‘ra, yo‘lovchi tashuvchi transport haydovchisi umuman bunday qilmasligi kerak. U eng avvalo mijozining xavfsizligini e‘tiborga olishi lozim. Lekin so‘nggi paytlarda mijozlarga “amri ma‘ruf qilayotgan” taksichilar soni ko‘payib ketdi. Biz bugungi reydimiz doirasida ana shularni tartibga solmoqchimiz, - deydi Ichki ishlar vazirligining Xatlon viloyati bo‘yicha mas‘ul xodimi Davlatov.

Rasmiyning aytishicha, yo‘lovchilar tinchini buzayotgan haydovchilar ustidan tekshiruv o‘n kun davom etadi. “Qora ro‘yxat”ga tushgan haydovchiga katta miqdorda jarima solinadi.

Tojikiston Davlat televideniyelarining birida ishlaydigan dushanbelik Sahro Aminovaning aytishicha, taksi haydovchilari asosan ayol mijozlarga amri ma‘ruf yozilgan disklarni eshittiradi.

- Men ko‘pincha ishxonamga ketayotib, shunaqa taksilarga tushib qolayapman. Ko‘pincha yosh haydovchilar amri ma‘ruf eshittirib, orqasidan o‘zi ham ayollar Islom farzlarini bajo etishi zarurligini uqtirib ketadi. Bu mening g‘ashimga tegadi. Haydovchilarga magnitofonini o‘chirib qo‘yishni, chunki asabimga tegayotganini aytgan vaqtlarim ko‘p bo‘lgan. Axir bu nima degan gap?. Baribir buni ko‘pchilik tushunmaydi-ku, - deydi Sahro.

Jamiyatshunoslar mulohazasicha, so‘nggi yillarda Tojikistonda taniqli din ulamolarining amri ma‘ruflarini aholi orasida targ‘ib qilish va shu yo‘l bilan jamiyatda islomiylashuv jarayonining jadallashishiga ta‘sir o‘tkazishga urinishlar sezilarli darajada kuchaygan.

- Har narsaning vaqti, o‘z o‘rni bor. Yo‘lovchilarga majburan amri ma‘ruf eshittirish bilan biror maqsadga erishib bo‘lmaydi. Aksincha, odamlarni Islomdan va islomiy qadriyatlardan bezdirib qo‘yishi mumkin. Lekin so‘nggi yillarda din ulamolarini reklama qilish yoki odamlarni shu yo‘l bilan Islomga da‘vat qilish holatlari sezilarli darajada kuchaydi, - deya mulohaza bildiradi jamiyatshunos Ilyos Akbarov.

Dushanbe shahar ko‘chalarida haydovchilik qilayotgan Shomahmad ismli yigit bu fikrlarga qo‘shilmaydi.

- Masalan, menga bu odat bo‘lib qolgan. Mashinamga o‘tirdimmi - avval magnitofonni qo‘yib, amri ma‘ruf eshitaman, ruhim tetiklashadi. Mening birov bilan ishim yo‘q, o‘zim uchun eshitaman. Agar mijozlarga yoqmasa, o‘chirib qo‘yaman. Olti yildan beri hali biror marta bu borada shikoyat eshitganim yo‘q. Aksincha, ba‘zilar mashinaga o‘tirsa, “amri ma‘ruf diskingiz bormi, o‘shani qo‘ying ruscha musiqa o‘rniga”, deydi. GAI xodimlarining bizni ovlashdan boshqa ishi yo‘qmikin? - deydi shikoyat ohangida 34 yoshli suhbatdoshimiz Shomahmad.

Mustaqil tahlilchilar fikricha, huquq-tartibot organlari tomonidan boshlangan g‘ayrioddiy reyddan maqsad ko‘proq mijozlarini xafa qilayotgan haydovchilarni tartibga chaqirishdan ko‘ra islomiy harakatlarga qarshi chora ko‘rish bo‘lishi mumkin.

Tojikiston rasmiylari so‘nggi besh yil mobaynida jamiyatda diniy ekstremizm kayfiyati kuchayib borayayotganidan beto‘xtov bong urib keladi. Ana shu xavotirlar ortidan keyingi yillarda bu mamlakatdagi o‘nlab masjidlar eshigiga qulf solindi, o‘smirlarning masjidda namoz o‘qishlari ta‘qiqlandi.
XS
SM
MD
LG