Линклар

O‘zbekistonda dindor yoshlar mobil telefonlariga yozilgan diniy ma‘ruzalar uchun hibsga olinmoqda.

Mobil telefondagi ma‘lumot uchun hibs


Yil boshidan buyon mamlakatning turli viloyatlarida 25-35 yosh oralig‘idagi dindorlar bir xil stsenariy asosida – mobil telefonlaridagi ma‘lumotlar uchun hibsga olinmoqda.

Bu haqda xabar qilgan Toshkentdagi Ekspert ishchi guruhi o‘tkazgan monitoring natijalariga ko‘ra, yanvar oyining oxiridan boshlab, Qashqadaryoda uch, Xorazmda besh, Qorraqalpog‘istonning Beruniy tumanida uch nafar dindor yosh mobil telefonidagi ma‘lumotlar asosida hibsga olingan.

Bu vaziyatni kuzatayotgan Ekspert ishchi guruhi rahbari Suhrob Ismoilovga ko‘ra, hozirda ushbu yoshlarga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 244- moddasi 1-qismi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash yoki tarqatish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va tergov-surishtiruv jarayoni davom etayapti.

- Asosan yoshlarni ma‘muriy huquqbuzarlik qilding deb qo‘lga olish paytida yonlaridagi mobil telefon apparati tekshirilganda, telefon apparatlaridan diniy mavzudagi audio va video materiallar mavjudligi, xususan Xayrulla Hamidovga tegishli radioeshittirishdan parchalar mavjudligi, bundan tashqari Qobil qori, Obid qoriga tegishli diniy mavzudagi va‘zlar mavjudligi ko‘zga tashlanayapti va mana shu holat kuzatilayotgan uchta hududdagi hamma ishlarda kuzatilayapti. Mobil telefonlardan chiqayotgan materiallar asosida diniy mavzudagi yoki jamiyat xavfsizligiga rahna soluvchi materiallarni tayyorlab tarqatayapsizlar degan mazmundagi ayblovlar hozir ilgari surilayapti,- deydi Suhrob Ismoilov.

Xorazm, Qoraqalpog‘iston va Qashqadaryodagi ushbu hibslarga oid boshqa tafsilotlar yo‘q. Mazkur hibslar bo‘yicha monitoring o‘tkazgan Ekspert ishchi guruhiga ko‘ra, qamoqqa tashlangan dindor yoshlarning qarindoshlari o‘z yaqinlarining xavfsizligi uchun ularning ismi-shariflarini ham oshkor qilishni istamayaptilar.

Mobil telefondagi ma‘lumotlar bo‘yicha tashviqot


Suhrob Ismoilovga ko‘ra, so‘nggi paytda rasmiylar mobil telefondagi ma‘lumotlarni nazorat ostiga olish choralarini kuchaytirmoqda.

- Ma‘lumotlar saqlash, bo‘lishish, ularni tomosha qilish yoki eshitish ham agar ular diniy mavzuda bo‘lsa, hozirgi paytda jinoyat kodeski tomonidan jazolanadigan harakatga aylanib ulgurayapti,- deydi Suhrob Ismoilov.

O‘zbek yoshlari orasida diniy terrorizim, aqidaparastlik, ekstremizmga qarshi targ‘ibot-tashvig‘ot ishlari doimiy tarzda o‘tkazib kelinadi.

Fuqarolik jamiyati yosh faollari guruhi a‘zosi Sanjar Saidovga ko‘ra, endilikda ushbu targ‘ibot tadbirlarida mobil telefonlari bilan bog‘liq masala, albatta ko‘tarilmoqda.

- Kollej, litseylarda shunaqa targ‘ibot kampaniyalari mavjud. Har xil diniy tashkilotlar, noqonuniy tashkilotlar haqida xabar berish va yoshlarni ulardan saqlashdan tashqari bunga qo‘shimcha ravishda mobil telefonlardan o‘quvchi va talabalarda diniy roliklar, ma‘ruzalar yoki boshqa shunga o‘xshash materiallar tarqalishining oldini olishga ham e‘tibor qaratilayotganini ko‘rishimiz mumkin. Chunki bugungi kunda mobil telefonlari yoshlarning eng ajralmas vositasiga aylangan. Bu nafaqat muloqot vositasi balki material almashinuvi, axborot almashinuvi va umuman axborotdan xabardor bo‘lish vositasiga aylanib ulgurdi deyishimiz mumkin. Bitta telefonda paydo bo‘lgan qaysidir ma‘nodagi videorolik yoki bo‘lmasa mp3 shaklidagi ma‘ruzalar tez orada yoshlarning telefonlarida undan bunga ko‘chib yurganini ko‘rish mumkin,- deydi Sanjar Saidov.

Huquq faollariga ko‘ra, bu kabi targ‘ibot ishlari huquq-tartibot idoralarining xodimlari tomonidan o‘tkazilmoqda.
XS
SM
MD
LG