Линклар

logo-print

Hizb ut-Tahrir: Britaniya Qaddafiy, Muborak rejimlarini qo‘llagani kabi bugun Karimovga qo‘l uzatmoqda


Xizbut Tahrir tashkilotining Londondagi vakili Toji Mustafo.

Xizbut Tahrir tashkilotining Londondagi vakili Toji Mustafo.

Markazi Londonda joylashgan Hizb ut-Tahrir Islomiy guruhi Britaniya hukumatini O‘zbekistondagi kabi zolim va mustabid rejimlar bilan hamkorlik qilayotganlikda aybladi.

Tashkilot so‘nggi olti hafta ichida London rasmiylari qonli qatag‘onlar ustida turgan Bahrayn Qiroli Hamad bin Iso al-Xalifani Londonda quyuq mehmon qilgani va Britaniya Mudofaa vaziri Filipp Hemmondning diniy ta‘qiblarga mas‘ul bo‘lgan o‘zbek diktatori Islom Karimovni ziyorat qilgani uchun tanqid qilmoqda.

Vazir Hemmond Afg‘onistondagi NATO qo‘shinlariga yuklarni tranzit qilish yo‘llarini kafolatlash maqsadida fevral oyida Toshkentga tashrif buyurgan edi.

Islom olamida tinch yo‘l bilan xalifalik o‘rnatish maqsadini da‘vo qiladigan Hizb ut-Tahrir guruhi Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekistonda terrorchi tashkilot sifatida faoliyati taqiqlab qo‘yilgan.

Ozodlik muxbiri Xizb ut-Tahrir tashkilotining Londondagi vakili Toji Mustafo bilan suhbatlashdi.

Ozodlik: Sizningcha Britaniya Mudofaa vazirining O‘zbekistonga tashrif qilishining nimasi yomon?

Toji Mustafo: Buni biz o‘z muxoliflarini qaynoq suvga solib o‘ldirgan, zolim o‘zbek diktatorini oqlash urinishi, deb bilamiz. Britaniya hukumati bir qo‘li bilan arab dunyosida mustabid rejimlardan qutilgan xalqlarni, ozodlik va demokratiyani, mustabidlarga qarshi bosh ko‘targan isyonkorlarni qo‘llab, boshqa qo‘lini harbiy va iqtisodiy manfaatidan kelib chiqib, Karimov kabi diktatorlarga uzatmoqda. Bu Britaniya hukumatining faqat o‘z manfaatidan kelib chiqib, ikkiyuzlamachi siyosat yuritayotganining yaqqol ko‘rinishidir.

Ozodlik: Bu kabi tashriflar, muloqotlar Britaniya rasmiylariga O‘zbekiston rahbariyati bilan mamlakatdagi inson huquqlari vaziyatini muxokama etish uchun qulay fursat emasmi, sizningcha?

Toji Mustafo: Ular bu haqda o‘n yillardan beri, xususan Andijon qatliomidan buyon aytib kelishadi. Gapni ochig‘i, bu cho‘pchak. Bizningcha, Britaniyani inson huquqlari masalasi qiziqtirmaydi, Britaniya hukumati harbiy hamkorlik, jumladan, o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqish haqida bosh qotirmoqda. Muloqot haqida ko‘p gapirishadi, lekin bugun O‘zbekistondagi asl manzara, odamlar o‘zbek diktaori Karimovni tanqid qilgani uchun qamalmoqda, qiynoqqa solinmoqda. Britaniya bir vaqtlar Qaddafiy, Muborak, Bin Ali rejimlarini qo‘llagani kabi bugun Karimovga qo‘l uzatmoqda.

Ozodlik: Sizningcha, Britaniya O‘zbekistonga nisbatan qanday siyosat olib borishi kerak?

Toji Mustafo: “O‘zbek xalqini qo‘llab-quvvatlamoq kerak. O‘zbekistonliklar ham hur, qiynoq va repressiyalardan xoli yashashga haqlidir. Biz shunday kun kelishiga, o‘zbek xalqi mustabid rejimdan ozod bo‘lishiga ishonamiz.

Ozodlik: O‘zbekiston hukumati Xizb ut-Tahrir tashkilotini odamlar tinchligini buzayotganlikda, jumladan Islom xalifaligi qurish yo‘lida Toshkentda bir qator portlashlarni sodir etganlikda ayblagan?

Toji Mustafo: Bu bo‘xton ekani hammaga ma‘lum. Xizb ut-Tahrir shu paytga qadar global miqyosda hech qanaqa zo‘ravonlik, portlashlarga qo‘l urmagan. Albatta, biz rejimni tanqid qilamiz, odamlarni bu rejimni ag‘darishga chaqiramiz va bizningcha buni O‘zbekistonda ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlaydi. Aynan mana shuning uchun O‘zbekistondagi tarafdorlarimizni qamoqqa tashlashmoqda, qiynoqqa solishmoqda.

O‘zbek rejimi ko‘nglini olish Britaniya manfaatida emas


Britaniya Mudofaa vazirining O‘zbekistonga tashrif hususida “Independent” gazetasida ham tanqidiy fikrlar bildirildi. "Bosh vazirning janob Karimov bilan hamkorligi Britaniya uchun qimmatga tushishi mumkin", deb yozadi gazetaning dam olish kungi sonida.

Nashrga ko‘ra, rasmiy Toshkent Britaniya bosh vaziri Devid Kameronning O‘zbekistonga safar qilishi va O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Britaniyaga davlat tashrifini uyushitrishni ham talab qilgan.

Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlov esa, dunyoning bir kun kelib qulaydigan eng repressiv rejimi bilan opoq-chopoq bo‘lish Britaniya manfaatida emas, deb ta‘kidlagan.
XS
SM
MD
LG