Линклар

logo-print

Farg‘onani qayta qurish avjida


Farg‘onaning Quvasoy va katta yo‘l o‘tadigan boshqa ko‘chalaridagi uylar buzilib, yo‘llar kengaytirilmoqda.

Farg‘onaning Quvasoy va katta yo‘l o‘tadigan boshqa ko‘chalaridagi uylar buzilib, yo‘llar kengaytirilmoqda.

Keyingi bir-ikki yil ichida O‘zbekistondagi aksariyat shaharlarning markaziy ko‘chalari bo‘yidagi uylar buzilib, o‘rniga yangilari qurilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 15 noyabrdagi qaroriga binoan bunday qayta qurish ishlari Farg‘ona shahrida ham amalga oshirilmoqda. Oddiy farg‘onaliklarning aytishicha, qayta qurishdan yutganlar ham bor. Lekin yutqazayotganlar ko‘proq.

Abdurahmon Farg‘onaning Quvasoy ko‘chasida yashaydi. U shaharda amalga oshayotgan o‘zgarishlardan xursand.

- Zo‘r ketayapti. Misol eski yo‘llardan ko‘ra mana hozir ko‘chalar keng. Kechalari yorug‘ bo‘layapti ko‘chalarimiz, deydi Abdurahmon.

O‘zi yashaydigan Quvasoy ko‘chasidagi o‘zgarishlar to‘g‘risida gapirar ekan, 34 yoshli tadbirkor yigit Abdurahmon “Asosan uylar buzilib yo‘llar kengayayaptida. Zamonaviy yo‘llar tushadida bu yerga” dedi.

Abdurahmonning aytishicha, bir qismi yo‘lga tushib qolgani uchun hovlisi torayib qolganlarga davlat yer uchastkasi ajratmoqda.

- Uyi yo‘lga tushayotgan bo‘lsa, ularga xo‘jalik berilayapti. 6-8 sotixdan chek berilayapti, deydi 34 ga kirgan tadbirkor yigit Abdurahmon.

Biroq yashab turgan domi derazasidan Quvasoy ko‘chasi ko‘rinib turadigan iqtisodiyot o‘qituvchisi Ma‘rufjon Abdurahmonovning so‘zlariga qaraganda, masala Abdurahmon aytganidan ko‘ra murakkabroq.

Domlaning aytishicha, Quvasoy ko‘chasining qayta qurilayotganidan yutganlar ham yo‘q emas.

- Farg‘ona shahrining qoq markazida ikkita mahalladoshimizning uyi buzildi. Ikkovining ham o‘rnini davlat emas tadbirkorlarga ajratib beirldi. Olti raqamli pulga sotishdida ikkalasi ham. Ular hozir ikki joydan, ota bolalar alohida etajli chiroyli uylarni olishdi. Dadasi Neksiya mashinalarni olib yuribdi. O‘g‘li esa Matiz mashinasini minib yuribdi.

Ozodlik: Oltita raqamli o‘zbek so‘midami?

- Dollarda, deydi Ma‘rufjon Abdurahmonov

Ma‘rufjon Abdurahmonov aytayotgan bu hovli Quvasoy ko‘chasining eng bozorbop joyida – Tez tibbiy yordam markazi oldida.

Ozodlik: Quvasoy ko‘chasida uy buzish qachon boshlandi?

- Boshlanganiga bir oy ham bo‘lgani yo‘q.

Ozodlik: Uylarni buzar ekan qanaqa shartlar bilan buzayapti?

- Uyning joyini davlat o‘z ixtiyoriga olib, u yerda faqat yo‘l bo‘ladigan bo‘lsa, yo‘lga qo‘shib yuborilayotgan bo‘lsa, u odamlarning fig‘oni falakka chiqqan, deydi Ma‘rufjon Abdurahmonov.

Biz o‘zimizni go‘yoki farg‘onalik – Quvasoy ko‘chasining, masalan, 20 uyi sohibi, deb faraz qildik va shundan kelib chiqib suhbatdoshimizga bir necha savol berdik.

Ozodlik: Quvasoy ko‘chasida 20-uyda mening uyim bor deylik. Uyim ko‘chaga chiqqan. Menga hokimiyat nima deydi?

- Hokimiyat bosh plan bo‘yicha “Sizning uyingizning mana shuncha metri katta magistral yo‘lga qo‘shilar ekan. Shuning uchun o‘rniga sizga falon joydan uchastka beriladi. Hozircha siz marhamat falon joyda yashab turasiz vaqtincha” deb ko‘chirib yuborayapti.

Ozodlik: Agar men “Uyimning ko‘chaga tushgan qismiga men o‘tgan yil 20 ming dollar sarflab imorat qurganman. Endi kuyib qolaveramanmi?” desam, nima deydi?

- Hech narsa demaydi. “Sen plandan tashqari qurgansan” deydida. “Planda yo‘q, BTIning ro‘yxatidan o‘tmagan. Buzib, materiallaringni olib ketaverasan” deydi.

Ozodlik: Yo‘q, deb oyog‘imni tirab turib olsamchi?

- Uyini mazza qilib sotdi deyaptmanku. O‘shaning o‘rniga novvoyxonasi ham bor edida. Belarus traktor borku, o‘shani olib kelib gumbillatib buzishgan oldin. Qon-qaqshab yugurib “Domla, nima qilsam bo‘ladi? Maslahat bering. Siz tushunasizku qonunni” deb mening oldimga chiqqan. Keyin men shunaqa gaplarni gapirganman. Xususiy mulk O‘zbekiston respublikasi konstitutsiyasi bo‘yicha ham, boshqa qonunlar bo‘yicha ham davlat himoyasida bo‘ladi, deb tushuntirgan edim. Balki mening aytgan gapim bo‘yicha bo‘ldimi, endi Xudo biladi, lekin harqalay uylarini yaxshi pulga sotishdi.

Ozodlik: Men o‘tgan yil 20 ming dollar sarflaganimga qaramasdan buldozerini olib keldida buzdi. Men qurilish materiallarimni olib Farg‘onaning chetidagi yangi yer uchastkasiga boraman. Davlat menga uyim uchun hech narsa bermaydimi?

- Tovon pulini BTIning baholashi bo‘yicha to‘lashadi.

Ozodlik: U baho bozor narxlariga qanchalik mutanosib?

- Osmon bilan yercha farqi bo‘ladi. Hech kim BTIning puliga hech narsa qila olmaydi. Bitta tandir yoki bitta-ikkita narsaga yetsa kerakda, deydi Ma‘rufjon Abdurahmonov.

U kishining aytishicha, Quvasoy ko‘chasida yashaydiganlar orasida faqat bir oila davlat qo‘ygan shartlar asosida uyini bo‘shatib berishga rozi bo‘lmayapti.

- Bir mahalladoshimiz borda. Uyi haliyam turibdi. Shunday tratuarga tutashgan uy. Nimaga? Chunki u qonunni biladi, o‘zini o‘zi himoya qila oladi. Qizi bilan turadi. Ularning uyini hech kim buza olmayapti. Qonun bor ekanda. O‘zini o‘zi himoya qilayapti. Uning ichkarisida hovlisi borda. “O‘sha joylarga menga alohida uy qurib berasan. Undan keyin buzaver” deyapti. Millati rus. Shuning uchun ham birinchidan o‘shanga tegisha olmayotgan bo‘lsa kerak, deydi Ma‘rufjon Abdurahmonov.

O‘zbeklar esa, ruslarga nisbatan ancha royish keladi, deb qo‘shib qo‘ydi suhbatdoshimiz.

Farg‘onadagi qayta qurish ishlari to‘g‘risida 9 aprel kuni O‘zA agentligi ham yozdi.

Quvasoy ko‘chasining bir qismini o‘z ichiga olgan “Iftixor” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Sabohatxon Turg‘unova O‘zA muxbiriga “Mahallamizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari kuchimizga kuch, g‘ayratimizga g‘ayrat qo‘shmoqda”, degan.

O‘zA ma‘lumotlariga ko‘ra, 2012-2015 yillar davomida Farg‘ona shahrida umumiy uzunligi 84,8 kilometr bo‘lgan avtomobil yo‘llari, bir qancha ko‘cha va ko‘priklar qurish hamda ta‘mirlash ishlari olib boriladi. Jami 17 ob‘ektda 150 milliard so‘mlikdan ortiq qurilish-ta‘mirlash ishlari bajariladi, 14 yangi ko‘prik bunyod etiladi.
XS
SM
MD
LG