Линклар

logo-print

Aprel oyining oxirgi kunlarida O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov va qiziqchi Shukurullo Isroilov AQShda uch kunlik kontsert berishni rejalashtirmoqda.

Ozodbekning "Xush keldingiz" kontserti


O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov va qiziqchi Shukurullo Isroilov ijrosidagi “Xush keldingiz” deb nomlangan kontsert dasturi 26, 27, 29 aprel kunlari AQShning Nyu York va Pensilvaniya shtatida o‘tkaziladi.

Kontsert dasturining tashabbuskori Amerikada o‘zbek tilida chiqadigan “Vatandosh” gazetasi bo‘lib, nashr tahririyati vakili Ozodlik bilan suhbatda AQShdagi o‘zbeklarning takliflaridan kelib chiqib, Ozodbek Nazarbekov va Shukurullo Isroilovning kontsertini tashkil qilishga qaror qilganini aytadi.

“Vatandosh” gazetasi muassisi Farxod Sultonovga ko‘ra, kontsert dasturlari Filadelfiyadagi "Samarqand" restorani, Bruklindagi "Millinuim Theatre" hamda Kvinsdagi "Da Mikielli Palace" kontsert zallarida bo‘lib o‘tadi.

- Ozodbek Nazarbekovni olib kelish uchun oxirgi uch oy davomida harakat qilindi. Yaqinda Ozodbek Nazarbekov va Shukurullo Isroilovning vizasi chiqdi. Kontsert dasturlari aprel oyining 26, 27 va 29 kunlari Nyu York va Filadelfiyada o‘tkaziladi. "Millinuim Theatre" teatri 600 kishilik, "Da Mikielli Palace" kontsert zali ham kattagina. “Samarqand” restorani ham katta bo‘lib, uni o‘zimizning yurtdoshlar-samarqandlik akaxonlar ochishgan. Kontsert borasida kecha “Vatandosh” gazetasida e‘lon qilgan edik. Amerikadagi yurtdoshlarimiz bu xabarni juda xursandchilik bilan kutib olishdi,- deydi Farxod Sultonov.

Qiziqchi Shukurullo Amerikada ko‘p bo‘lgan


Kulgu ustasi Shukurullo Isroilovning Ozodlikka aytishicha, u AQShda avval ham ikki bor kontsert bergan.

- Amerikada kontsert beramiz deb so‘rashdi. Ozodbek Nazarbekov ikkalamiz. Kontsert o‘zimizning vatandoshlarga mo‘ljallangan. Bu endi Navro‘z bayrami munosabati bilan tashkil qilinayapti. Men avval ikki marta - 2002 va 2003 yillari Amerikada bo‘lganman. AQShdagi o‘zimizning elchixonada Navro‘z bayrami bo‘lgan. Shu tadbirda ishtirok etib qaytganmiz. Endi biz ko‘p dunyo kezganmiz. Ko‘p mamlakatlarga bordik. Lekin o‘zimizning O‘zbekistonga teng keladigan yurtning o‘zi yo‘q. Har bir insonning o‘zining tug‘ilgan joyi yaxshi, deydi-ku. Chet elga borsak, uzog‘i bilan bir haftaga bo‘lsa, bo‘ldi. Jonga tegadi. Odam uyiga ketgisi keladi. Avvalo O‘zbekistonimizga ko‘z tegmasin. Chet davlatlarda yurgan yurtdoshlarga niyatimiz sog‘-salomat bo‘lishsin. O‘zbekligini unitishmasin,- deydi Shukurullo Isroilov.

O‘zbekning "do‘mboqqina" qiziqchisi deya tanilgan Shukurullo Isroilov kulgu sahnasida yetakchi san‘atkorlardan biridir.

Xonanda Ozodbek Nazarbekov esa bugungi kunda o‘zbek estradasining eng mashhur qo‘shiqchilaridan sanaladi.
XS
SM
MD
LG