Линклар

Sankt-Peterburgda O‘zbekiston fuqarolari yong‘inda o‘ldi


Bir hafta ichida Rossiyadagi o‘zbekistonlik mardikorlarning yong‘inda nobud bo‘lishi holati ikkinchi marta yuz berdi.

Bir hafta ichida Rossiyadagi o‘zbekistonlik mardikorlarning yong‘inda nobud bo‘lishi holati ikkinchi marta yuz berdi.

Sankt-Peterburg shahridagi kommunal kvartiralardan birida chiqqan yong‘in oqibatida O‘zbekiston ikki fuqarosi va Tojikiston fuqarosi deb taxmin qilinayotgan ikki bola nobud bo‘ldi.

Seshanba, 10 aprel kuni Peterburgning Moskovskaya-Sortirovochnaya ko‘chasidagi 21-uyning ikkinchi qavatida ertalabki soat to‘rtlarda chiqqan yong‘in oqibatida hozircha shaxsi aniqlanayotgan bir-biriga qarindosh ekani taxmin qilnayotgan to‘rt kishi halok bo‘ldi. Ularning ikki nafari O‘zbekiston fuqarolari ekani aytilmoqda. Yong‘inda yana ikki yosh bola kuyib ketgan, ular tojikistonlik ekani taxmin qilinyapti.

“O‘t o‘chirishga yetib kelgan tezkor guruh yong‘in o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari yashagan xonada chiqqanini aniqladi”, deydi Ozodlika o‘zini tanishtirmagan Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati Tergov qo‘mitasi xodimi.

- Halok bo‘lgan ikki kishi va bolalarning millati va boshqa ma‘lumotlari aniqlanmoqda. Lekin hozirdan aytishimiz mumkinki, yong‘in O‘zbekiston fuqarosi yashayotgan xonada chiqqan. U bilan birga uning jiyani ham kuyib o‘lgan, dedi Tergov qo‘mitasi vakili.

6 xonalik kommunal kvartiraning 10 kvadrat metr kattaligidagi xonada chiqib, korridorga yoilgan yong‘inni o‘chirgani yetib kelgan o‘t o‘chiruvchilar uni 20 daqiqada o‘chirib bo‘lgan. Ismi oshkor qlinmayotgan 48 yoshli o‘zbekistonlik va uning jiyanidan tashqari o‘t o‘chiruvchilar qo‘shni xonada 8 oylik o‘g‘il bola va 1 yil 8 oylik qizcha jasadlarini topgan.

Bolalarning onasi, u 33 yoshli Tojikiston fuqarosi deya taxmin qilimoqda, tanasining 60 foizi kuyib ketgani aytilmoqda. U bilan bir xonada yashagan 57 yashar is gazidan zaharlangan. Ularning ikkalasi ham mahalliy shifoxonaga olib ketilgan.

“Qutqaruv ishlari davomida binodan yana 15 kishi evakuatsiya qilindi”, deya ma‘lum qilishdi shahar Tergov qo‘mitasida.

- Mazkur hodisa yuzasidan RF Jinoyat Kodeksining 109-moddasi 3-qismi, ya‘ni ehtiyotsizlikdan o‘limga sabab bo‘lish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Tergov davom etmoqda, dedi Peterburg Tergov qo‘mitasi xodimi.

Tergovchilarning dastlabki taxminlariga ko‘ra, qurbon bo‘lgan o‘zbekistonliklar shaharda mardikorlik qilib kun kechirgan.

Sankt-Peterburgdagi “Umid” o‘zbeklar jamiyati faoli Xusayn Bobojonovga ko‘ra, bunday holatlarning yuzaga kelishida ko‘p hollarda muhojirlarning oddiy yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilmasligi sabab bo‘lmoqda.

- Bu domda faqat o‘zbeklar–tojiklar yashar ekan, kak obshejitiye. Bular asosan o‘zlari yasagan pechka, samodelniy isituvchi moslamalarni qo‘ygan ekan. Ana shundan zamikaniye bo‘lgan ekan. Asosan elektrikadan bo‘lyapti. Bularda gaz yo‘q-ku. Mana 10 kun bo‘ldi, uchta katta bola avtoservisda uxlab qolgan kechqurun. Bir narsadan zamikaniye bo‘lib pojar bo‘lgan. Bollarning oyoqlari-qo‘llari kuygan. Ularni bolnisaga olib borib davolatdilar, hozir ular uyiga ketgan bo‘lishi kerak, deydi Peterburgdagi avtoservisda chiqqan yong‘inda hech kim nobud bo‘lmaganiga shukur qilgan jamiyat faoli Husayn Bobojonov.

Bu so‘nggi paytlarda mehnat muhojirlarining yong‘inda nobud bo‘lishi holatlarining birinchisi emas.

Moskvaning Kachalovo bozoridagi omborda chiqqan yong‘in oqibatida nobud bo‘lgan 17 muhojir kuyib halok bo‘lgani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan edi. Moskva shahar sud-tibbiy ekspertlari halok bo‘lganlardan 10 nafarining O‘zbekiston, birining esa Tojikiston fuqarosi ekanini bildirdi.
XS
SM
MD
LG