Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:30

“Soqol qo‘yish O‘zbekiston fuqarosining shaxsiy ishi”


O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari soqol qo‘yish har kimning shaxsiy ishi desada, soqol tagida nima yashiringanini bilishni istaydi.
O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari soqol qo‘yish har kimning shaxsiy ishi desada, soqol tagida nima yashiringanini bilishni istaydi.

O‘zbekiston Ichki ishlar tizimi xodimlarining soqol qo‘ygan odamga ehtimoliy terrorchi deb qarashi shakllangan. Bu holat esa pasport almashtirmoqchi bo‘lgan sersoqollar uchun mushkullik tug‘dirmoqda.

Samarqandlik Abdulhamid ismli 25 yashar yigit soqoli bois pasportini yangilashi qiyin bo‘layotganini internetdagi LiveJournal sahifasida yozdi.

"Soqoldorlar uchun pasport" degan ushbu hikoya muallifi 25 yoshga to‘lganida pasportini almashtirish uchun murojaat qilganida pasport bo‘limi mulozimlari undan maxsus ruxsatnoma talab qilishganini yozadi.

LiveJournal da Abdulhamidning yozishicha soqol qo‘yish uchun izn viloyat musulmonlar idorasi tarafidan berilishi unga bildirilgan.

Abdulhamid viloyat imomi bilan uchrasha olmagan va o‘z mahallasidagi masjid imomiga murojaat qilgan. Imom o‘zi ham qo‘rqqanidan soqolsiz yurganini va soqolli kishilar SNB qora ro‘yxatiga kiritilishini bildirgan.

LiveJournal dagi qissadan "O‘zbekistonda pasportga soqol qo‘ygan holda tushish uchun maxsus ruxsat kerakmi?" degan savol kelib chiqadi.

Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasiga bu yuzadan izoh so‘rab telefon qildik. O‘zini IIB ishonch telefoni ma‘suliman deb tanishtirgan xodim bu savolimizga, pasport berilmagan yigitning soqoli shubhali darajada uzun bo‘lgan bo‘lsa kerak deya javob berdi:

- Endi shunga yarasha bo‘lsa kerakdirki, aytgan. To‘g‘rimi? Normalniy bo‘lsa, ular ham gapirmaydi. Hozir bilasizku o‘stirib yuradiganlar ko‘p,- deydi o‘zini Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi ishonch telefoni mas‘uliman deb tanishtirgan xodim.

Soqol qo‘yish uchun imomdan ruxsat olib kelish kerakmi, deb so‘raganimizda mulozim bunday gapni birinchi marta eshitayotganligini aytdi.

Uzun soqoldan shubhalanishga buyruq bor


Samarqand viloyat ichki ishlar bo‘limi mulozimi soqol qo‘yganlar potentsial terrorchi bo‘lishi mumkinligi bois ularni jiddiy tekshiruvdan o‘tkazish haqida ko‘rsatma borligini aytdi.

Bunday ko‘rsatma butun respublika bo‘ylab berilganinini Qashqadaryo viloyat ichki ishlar bo‘limi xodimi bilan suhbatdan ham ayon bo‘ldi.

Suhbatdoshga ko‘ra IIB xodimlari uzun soqol ostida nima yashiringanini bilishga haqli.

- Rasmda fuqaroning yuzi ko‘rinib turishi kerak. Soqol qo‘yib biror nimani yashirmoqchi bo‘ladimi, bir nima bo‘ladimi, shuning uchun juda o‘sib ketgan soqol emas kichkina soqol, mana o‘zimizning imomlar qo‘yib yuradiku, juda o‘sib ketgan soqol bilan berib bo‘lmaydi. Tekshiruv olib borishga buyruq bo‘yicha bizlarning haqqimiz bor. Buyruq bo‘yicha surishtiruv, tekshiruv ishlarini olib boradi shaxsini tekshirish bo‘yicha. Tanimasligi uchun soqolini o‘stirib nima qiladiganlar ham bo‘lishi mumkinda.

Ozodlik: Tartibi qanaqa? Qog‘oz kerakmi?

- Hech qanday qog‘oz kerak emas. Soqol qo‘yib yurish, boshqa qilish u fuqaroning shaxsiy huquqi. Xohlasa, soqol qo‘yib yuradi, xohlasa sochini o‘stirib yuradi,- deydi Qashqadaryo viloyat ichki ishlar bo‘limi xodimi.

Soqol estetikasi


Qashqadaryo IIB xodimi Ozodlik bilan suhbatda imom domlalar qo‘yadigan hushbichim soqolchalarga e‘tiroz yo‘qligini aytdi. Suhbatdoshga ko‘ra, dindorlarning taqiqlangan oqimlarga aralashganlarning qaysi bichimda soqol qo‘yishi barcha militsiya xodimlariga yaxshi tanish.

Ayni paytda, suhbatdosh har bir o‘zbek fuqarosi soqol qo‘yish huquqiga ega ekanligini rasman ta‘kidladi.

O‘zbekiston musulmonlar idorasi va O‘zbekiston Provaslav cherkovi vakillari soqol qo‘yish masalasida pasport tizimiga aralashmasliklarini ma‘lum qilishdi.

Soqol va siyosat


Rossiya podshosi Petr bir, boyonlarga soqol qo‘yishni taqiqlab qo‘ygan edi. Qolganlar soqol qo‘yish huquqini sotib olishgan. Bir yil davomida soqol qo‘yish uchun o‘sha paytda 10 oltin chervon to‘langan.

Soqol qo‘yish uchun pul to‘lagan soqoldorga maxsus temir tumor berilgan. Bo‘yinga osilgan bu tumor soqol nazorati bilan shug‘ullangan mirshablarga ko‘rsatilgan.

Dindorlar Chor Rossiyasida soqol haqidan ozod qilingan.
XS
SM
MD
LG