Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:32

Prezidentning o‘g‘li yo‘l yamadi


Atay Sadibakasov va uning do‘sti o‘z qo‘llari bilan 3 ta ko‘chani ta‘mirdan chiqarishdi.
Atay Sadibakasov va uning do‘sti o‘z qo‘llari bilan 3 ta ko‘chani ta‘mirdan chiqarishdi.

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Roza O‘tunbayevaning o‘g‘li Atay Sadibakasov o‘z qo‘li bilan Bishkek ko‘chalarini ta‘mirlab chiqdi.

12 aprel kuni ertalab Bishkek markazidagi Erkinlik hiyoboni bilan tutash 3 ta ko‘chadagi chuqurlar Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Roza O‘tunbayevaning o‘g‘li Atay Sadibakasov va uning do‘sti tomonidan yamab chiqildi.

Bishkekning eng serqatnov bo‘lgan bu ko‘chalaridan mashinasini minib o‘tayotgan haydovchilar, qo‘liga belkurak olib yo‘l yamayotgan ikki odamdan biri sobiq prezidentning o‘g‘li ekanini hayollariga ham keltirishgani yo‘q.

Atay Sadibakasov o‘z harakatini matbuotdan yashirishga qanchalik urinmasin, bu boradagi xabar yo‘l yamash ishi boshlanishidan bir oz o‘tgach matbuotda paydo bo‘ldi.

- Bu tadbirdan maqsad odamlar va Bishkek meriyasi diqqatini poytaxt yo‘llarining ayanchli ahvoliga qaratish edi. Shuning uchun ham men va do‘stim o‘z qo‘limiz bilan Bishkekning uchta kvartalidagi yo‘lni ta‘mirlab chiqdik, -dedi Atay Sadibakasov.

Bishkek shahar meri Isa O‘murkulov sobiq prezidentning o‘g‘lini bu tashabbusni amalga oshirishdan qaytarmoqchi ham bo‘ldi. Isa O‘murkulov qirg‘iz matbuotiga bergan suhbatida: “Men hurmatli shaxsni bu ishni amalga oshirishdan qaytargan bo‘lar edim. Bu uning xavfsizligi bilan bog‘liq. Chunki Atay yo‘lni ta‘mirlash malakasiga, litsenziyasiga va maxsus kiym-kechak hamda asbob-uskunlarga ega emas. Lekin Atay o‘z niyatidan qaytmay, yo‘lni ta‘mirlashda davom etsa, uni qo‘lga olish yoki unga jarima solish noto‘g‘ri bo‘lar edi”, deb bildirgan.

Ammo Atay Sadibakasov yo‘lni ta‘mirlash uchun barcha kerakli jihozlarni sotib olganini aytadi:

- Yo‘lni ta‘mirlash uchun 10 ming 600 so‘m (tahminan 220 dollar-tahririyat) pul sarfladik. Biz barcha kerakli jihozlarni, ya‘ni maxsus kiyim-kechak, yo‘l belgilari va asbob –uskunlarni sotib oldik. Bundan tashqari yo‘lni ta‘mirlash uchun 2 tonna asfalt ham sotib oldik va bu asfaltni bizga olib kelgan yuk mashinasi ijarasi uchun 2 ming so‘m berdik. Uchta kvartalda jami 107 ta chuqurni yamab chiqdik, -dedi Atay Sadibakasov.

Atay Sadibakasov o‘tgan yilning yoz mavsumida ham o‘ziga hos tadbirni uyushtirgan edi. U mashhur yozuvchi Chingiz Aytmatovning qizi, parlament deputati Shirin Aytmatova bilan birgalikda qirg‘iz-qozoq chegarasida Issiqko‘lga dam olish uchun Rossiya va Qozog‘istondan kelayotgan sayyohlarni chegarada kutib olib, ularga o‘z qo‘li bilan Issiqko‘lga yetib borish haritasini va Davlat avtomobil nazorati postlari qayerlarga o‘rnatilgani haqidagi ma‘lumotni tarqatib yurgan.

Atayning aytishicha, bunday tadbirlar kelajakda ham davom etadi. “Mana shunday yo‘l bilan har bir fuqaro Qirg‘izistonning rivojlanishi uchun o‘z hissasini qo‘shishi mumkin”, deydi u.

Mintaqa aholisi orasida prezidentlarning farzandlari oddiy odamlardan farqli o‘laroq, alohida bir “sayyora”da yashaydilar degan fikr shakllanib qolgan. Atay esa mana shu qolipni buzayotganday ko‘rinadi. U siyosatga ham aralashmaydi, biznesga ham. Tan qo‘riqchisi ham yo‘q. Matbuotda chiqish qilishni, jurnalistlar bilan suhbatlashishni yoqtirmaydi. Mazkur suhbatni ham o‘rtaga bir qator “nozik” odamlarni solgan holda uyushtirishga to‘g‘ri keldi.

Ataydan uning bunday hatti-harakatlari sabablarini ham so‘radik:

- Har doim inson bo‘lib qolish kerak. Bundan tashqari Qirg‘iziston kichkina davlat. Bishkek esa undan ham kichiqroq. Biz har kuni odamlar bilan uchrashamiz, ko‘zimiz ko‘zimizga tushadi, do‘stlarimiz bilan muloqot qilamiz. Har bir harakatimiz xalqning ko‘z o‘ngida turadi. Shuning uchun oddiy odamlardan farqlanmasdan yashash kerak. Tarix xalqqa yoqmaydigan harakatlar qilgan shaxslar xor bo‘lishini juda ko‘p marotaba isbotlagan. Muvaffaqiyatning eng oddiy formulasi esa bitta: har doim oddiy odam bo‘lib yashash kerak, -deydi Atay Sadibakasov.
XS
SM
MD
LG