Линклар

logo-print

Rasmiylar ish joylariga oid soxtakorlikni tan oldi


Mamlakat kollejlarini bitirayotgan o‘n minglab yoshlarni ish bilan ta‘minlash mahalliy hokimiyat idoralari zimmasiga yuklatilgan.

Mamlakat kollejlarini bitirayotgan o‘n minglab yoshlarni ish bilan ta‘minlash mahalliy hokimiyat idoralari zimmasiga yuklatilgan.

Namangan viloyatida aholini ish bilan ta‘minlashga oid rasmiy raqamlarda qo‘shib yozishlar, soxtakorliklar mavjud.

Buni Namangan viloyati hokimligi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Anvarjon Otaxo‘jayev “Diyonat” gazetasiga bergan intervьyusida tan olgan.

Namanganda chop etiluvchi mazkur gazetaning 2012 yil 10-sonida yozilishicha, monitoringlar jarayonida hisobotlardagi aldovlar fosh bo‘lgan.

Hujjatlarda Norin tumanidagi iqtisodiyot kollejining 12 nafar bitiruvchisi “Nasriddin hoji qozi” fermer xo‘jaligiga, qurilish va servis kollejining 4 nafar bitiruvchisi “Jo‘rabek” fermer xo‘jaligiga, 2 nafari Toshloq mahalla fuqarolar yig‘iniga ishga joylashtirilgani ko‘rsatilgan. Tekshiruvlarda esa yoshlar aslida ishsiz ekani ma‘lum bo‘lgan.

Kosonsoy tumanidagi Qo‘qimboy maishiy xizmat ko‘rsatish kollejining 4 nafar bitiruvchisi “Kosonsoy MTP” aktsiyadorlik jamiyatiga ishga kirgani haqida yolg‘on axborot berilgan.

Uchqo‘rg‘on tumanidagi iqtisodiyot kollejining bitiruvchilari “Kafolat” davlat sug‘urta kompaniyasida ish bilan ta‘minlangani haqidagi ma‘lumot ham aldov bo‘lib chiqqan.

Mingbuloq tumanidagi melioratsiya qishloq xo‘jaligi kolleji, Pop tumanidagi qishloq xo‘jaligi kollej bitiruvchilari ish bilan ta‘minlangani haqidagi ma‘lumotlar ham yolg‘on ekani aniqlangan.

“Bunday soxtakorliklarni boshqa tumanlar misolida ham aytish mumkin”, degan mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Otaxo‘jayev.

Viloyat bo‘yicha ishsizlar – 4400 nafar?!

Mamlakatdagi kollejlarni har yili minglab yoshlar bitiradi. Hukumat tomonidan mahalliy hokimiyatlarga potentsial ish kuchi sanalgan kollej bitiruvchilariga ish topib berish asosiy vazifa sifatida yuklatilgan.

Ammo tahlilchilarga ko‘ra, ish bilan ta‘minlashda rasmiyatchilik, raqam ketidan quvish ustunlik qiladi, yangi ish o‘rinlari borasida hujjatlarda ham qo‘shib yozishlar avj olgan.

Bundan tashqari, hukumat darajasida ishsizlik ko‘rsatkichini kamaytirib ko‘rsatishga uriniladi.

Namangan hokimligi rasmiysi Otaxo‘jayevga ko‘ra, 2011 yili viloyatda 4405 kishiga ishsizlik maqomi berilgan. Ammo 2,1 milliondan oshiq aholisi bor viloyatda bor-yo‘g‘i bir necha ming nafar ishsiz borligiga kuzatuvchilar shubha bildiradi.

6 mart kuni xalq deputatlari kengashi yig‘ilishida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov qariyb 7 million odam yashaëtgan Toshkent shahrida 5100 odam ishsiz sifatida ro‘yxatga olinganini haqiqatdan yiroq deya tan olgandi.

Rasmiylar ishga yaroqli aholining atigi 1 foizi ishsiz ekanini iddao qiladi. Aslida esa mamlakatdagi ishsizlar armiyasi tobora kengayib borayotgani aytiladi.

Hukumatga ko‘ra, “Ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta‘minlash dasturi” bo‘yicha mamlakatda har yili bir millionga yaqin ish o‘rni yaratilmoqda.

Iqtisodiy tahlilchilar esa rasmiy hisobotlarni tayyorlashda Namanganda bo‘lgani kabi ko‘zbo‘yamachiliklar ko‘payib ketganidan xavotir bildiradilar.

Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, ishga layoqatli aholidan 3 milliondan 8 milliongachasi tirikchilik ilinjida mamlakat tashqarisiga chiqib ketgani aytiladi va bu fakt ham O‘zbekistondagi ishsizlik ko‘lami manzarasiga chizgi bo‘lishi mumkin.
XS
SM
MD
LG