Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:11

Aholiga keragidan ortiq elektr berilmasligi lozim


O‘zbekistonning aksar mintaqalarida elektr quvvati aholiga sutkasiga bir necha soat beriladi.
O‘zbekistonning aksar mintaqalarida elektr quvvati aholiga sutkasiga bir necha soat beriladi.

Qarshi shahar elektr tarmoqlari korxonasi rahbariyati aholiga limitdan ko‘p elektr energiyasi bergani uchun prokuratura tomonidan ogohlantirildi. O‘zbekistonda qonun nazoratiga mas‘ul bo‘lgan idora elektr energiyasi bo‘yicha cheklovga qat‘iy rioya etishni talab qilmoqda.

Qarshidagi vaziyatdan boxabar manbaning ma‘lum qilishicha, bu borada jinoiy ish ham qo‘zg‘atilgan, shahar elektr tarmoqlari korxonasining 60 ga yaqin nazoratchisi esa yozma ogohlantirilgan.

Cheklov jadvali bor


O‘zbekistonning boshqa hududlarida bo‘lgani kabi Qarshi shahrida ham elektr uzilishlari odatiy holga aylangan.

Mahalliy aholiga ko‘ra, ba‘zida elektr energiyasi sutkasiga 10 soatgacha uzib qo‘yiladi.

– Elektr iste‘molini kamaytirish bo‘yicha cheklov jadvali bor. Bu, menimcha, barcha shahar-tumanlarda bo‘lsa kerak. Limit jadvali mahalliy hokimiyat bilan kelishib tuziladi. Bilishimcha, shu jadval bo‘yicha Qarshida bir sutkada 4,5-9 soat cheklov belgilangan,– deydi o‘z ismini oshkor qilishni istamagan qarshilik jurnalist.

Qarshi shahar elektr tarmoqlari korxonasi ayni shu jadvalga rioya qilmaslik, aniqrog‘i, aholiga belgilangan cheklovdan ko‘proq elektr energiyasi bergani uchun ogohlantirilgan.

Vazirlar Mahkamasining “Elektr va issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 245-sonli qaroriga ko‘ra, mamlakatda energiya tanqisligi yuzaga kelgan paytda “O‘zbekenergo” shirkati elektr energiyasini cheklash jadvalini amalga kiritishi mumkin.

Sharti shuki, cheklov kuchga kirishi bilan aholiga cheklashning miqdori, boshlanish va tamom bo‘lish vaqti ma‘lum qilinishi kerak.

Biroq kuzatuvchilarga ko‘ra, sohaga mas‘ul rasmiy idoralar aholiga cheklov haqida ma‘lumot berish u yoqda tursin, limit mavjudligini rad etib keladi.

– Elektr korxonasi qurilmalarni ta‘mirlash yoki profilaktika qilish davridagina iste‘molchilarga elektr energiyasi berishni to‘liq yoki qisman to‘xtatishi mumkin. Lekin energiyani uzishdan kamida 3 sutka oldin iste‘molchilar ogohlantirilishi kerak,– deydi Ozodlik muxbiri suhbatlashgan huquqshunos.

Qarzlarni kamaytirish chora-tadbirlari


Qarshi shahar elektr tarmoqlari korxonasidan aholi va tashkilotlarning qarzlarini undirishga qat‘iy kirishish talab qilingan.

2012 yil 1 yanvar holatiga Qarshi aholisining elektrdan qarzi 33 milliard so‘mdan oshgan.

Shahar elektr tarmoqlari korxonasi 48 mingga yaqin xonadonga, shuningdek, mingdan oshiq yuridik tashkilotga xizmat qiladi.

– Aholi qarzi ko‘payib ketgan. Ko‘pchilik qo‘li kaltaligidan vaqtida to‘lolmaydi-da. Keyin qarz bolalab ketadi. Eshitishimcha, endi Qarshi “Elektroset”i energiya uchun oylik to‘lovning 30 foizini oldindan undirish tartibini joriy qilmoqchi. Qarzini ixtiyor to‘lamagan fuqarolardan to‘lovlar sud orqali undirilyapti,– deydi mahalliy jurnalist.

“O‘zbekenergo” davlat shirkati tizimidagi korxonalar aholining elektr energiyasidan qarzi ko‘pligini aytib keladi.

Elektr uzilishlari ham aynan qarzdorlik bilan xaspo‘shlanadi. Aholi esa surunkali chiroq o‘chishidan qarzi yo‘q xonadonlar ham aziyat chekayotganidan shikoyat qiladi.

Joylardan olinayotgan xabarlarga ko‘ra, respublikaning boshqa hududlarida ham elektr energiyasi bo‘yicha qarzlarni undirishga huquq idoralari aralashmoqda.

Mahalliy matbuotga ko‘ra, Samarqand viloyati sudlarida so‘nggi oylar ichida 8 milliard 530 million so‘mlik qarzlarni undirish yuzasidan 227 ta da‘vo arizasi ko‘rilgan va ijro uchun sud departamentiga yuborilgan.

Xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashi maxsus komissiyasining mart oyi oxirida o‘tgan yig‘inida ham aholining elektr energiyasidan 53 milliard 283 million so‘mlik qarzini undirish choralarini ko‘rish zarurligi uqtirilgan.

Avval xabar berganimizdek, ayni paytda Buxoro, Samarqand va Jizzax viloyatlarida muomalada bo‘lgan eski elektr hisoblagichlar yuqori aniqlikda ishlovchi yangi modelga almashtirilmoqda.

Yangi hisoblagichlarni o‘rnatish orqali qarzdorlikni tugatish maqsad qilingan. Elektr tarmoqlari mutasaddilariga ko‘ra, yangi hisoblagichlar elektr toki uchun oldindan undirilgan haq tugashi bilan tokni uzib qo‘yadi.
XS
SM
MD
LG