Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:58

Yoqilmagan gaz uchun qo‘shimcha to‘lov


O‘tgan yilda O‘zbekiston qishloqlarida gaz tanqisligi bois aksariyat aholi ovqat pishirish va uy isitishning ibtidoiy usullariga qaytishga majbur bo‘ldi.
O‘tgan yilda O‘zbekiston qishloqlarida gaz tanqisligi bois aksariyat aholi ovqat pishirish va uy isitishning ibtidoiy usullariga qaytishga majbur bo‘ldi.

Samarqand viloyatining Jomboy tumani aholisi yoqilmagan gaz uchun ortiqcha pul to‘lashga majbur qilinyapti. Bu haqda Ozodlikka xabar bergan jomboyliklarga ko‘ra, garchi aholi gaz pulini oyma-oy to‘lab borayotgan bo‘lsa ham, yil oxiriga borib ularga "osmondan tushgan" qarzdorlikni uzish haqida ogohlantiruv xatlari yuborilmoqda.

Jomboy tumani Alisher Navoiy mahallasida istiqomat qiluvchi fizika-matematika fanlari nomzodi, pensioner Xoliqnazar G‘aniyevning aytishicha, aholining aksariyati "emagan somsaga pul to‘lash"ga majbur qilinmoqda:

- Men har oy gazni pulini o‘zim shaxsan borib to‘lab kelaman. Shundan keyin ham sirtdan tuhmat qilib “faloncha qarzsiz” deb yozib qo‘yadi. 90-yillardan beri shunaqa nayrang boshlandi. Nimagadir kommunal to‘lovlarda o‘zlarining ham ko‘p xato-kamchiliklari bo‘lsa kerak. Shuni yopish uchun bo‘lsa kerak aholiga sirtdan tuhmatdan “mana shuncha qarzing bor” degan yozuv yozib qo‘yiladi. Mana masalan yaqinda mana bunday xat kelgan ekan. “Hurmatli Xoliqnazar G‘aniyev. Jomboy tuman gaz ta‘minoti korxonasi tomonidan 1 yanvar 2012 yil holatiga ko‘ra sizning qarzdorligingiz 287 ming 963 so‘m ekanligi qayd qilingan. Qarzdorlikka aniqlik kiritib 1 fevralgacha mahallaga yozma ma‘lumot olib kelib berishingizni iltimos qilamiz. Hurmat bilan Alisher Navoiy mahalla fuqarolar yig‘ini”, -deydi Xoliqnazar G‘aniyev.

Pensioner o‘qituvchiga ko‘ra, ogohlantiruv xatlari gaz idorlari tomonidan mahalla qo‘mitalariga yuborilmoqda.

Shu mahallada istiqomat qiluvchi boshqa bir iste‘molchi, pensioner Muzaffar Ishoqov ham aholiga qo‘shimcha qarzlarni yozish tuman gaz idorasi uchun odat bo‘lib qolganligini aytadi:

- Men borib hammasini to‘lab kelaman. Har pensiya olganda raschyot qilaman. Yana qarz qilib chiqarib qo‘yaveradi bular. Odat shu. Schyotchikka qaramasdan o‘zlari shunday yozaverar ekan. 246 ming qarz qilib qo‘ygan. U kuni borib janjallashib kelgan edim. Bu yoqdan to‘laymiz, 20-30 ming qolsa bo‘ldi, 1-2 oydan keyin yana 200 ming bo‘lib turaveradi,- deydi pensioner Muzaffar Ishoqov.

Ozodlik bu masalaga munosabat olish uchun “Jomboytumangaz” idorasining chilangar-nazoratchilar brigadasi boshlig‘i, katta usta G‘olib Qo‘chqorov bilan bog‘landi. Katta usta aholiga ortiqcha qarzdorlik yozilayotgani faktlarini inkor etdi:

- Bizda unaqa narsa bo‘lmaydi. Bizni antimonopolniy komitet bilan o‘zimizni markazgaz ham ijro intizomi bo‘yicha tekshirib turadi. G‘ayriqonuniy ish bo‘lgani yo‘q- deydi G‘olib Qo‘chqorov.

Biroq Jomboy tumanida istiqomat qiluvchi, pensioner Nuriddin Komilovning aytishicha, aholining gazdan qarzdorligi o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Bunga aholi o‘z vaqtida to‘lagan pullarining gaz ta‘minoti idoralari xodimlari tomonidan o‘zlashtirilib yuborilayotgani sabab bo‘lmoqda:

- Aholi iste‘mol qilgan gazining pulini o‘zi borib kassaga to‘lashi kerak. Gaz schyotchiklarining nomeri ko‘rsatilgan. Nomeri bo‘yicha qaysi bankda ko‘rsatilgan bo‘lsada. Lekin bular chilangarlar orqali pul yig‘adi. Tuman gazlashtirish idorasining boshlig‘ining qo‘liga eltib bergandan keyin u schyotga tushmaydida muttaham rahbarlarga bo‘linib ketadi. O‘sha hisobdan tumanda ham, viloyatda ham umuman gazlashtirish sohasi bo‘yicha davlatdan aholi kommunal gaz iste‘moli bo‘yicha qarzdorlik oshib bormoqda.

Bu to‘ppa to‘g‘ri narsa. Odamlarning uyiga borganda naqd pul oladi qo‘lidan. Nafaqasidan pochtalonlar borib olib qoladi. Turli xil yo‘llar bilan odamlardan olinadi, lekin pul tushumi bankka tushmaydi. Buni juda qattiq kontrolga olib kelingan bilan ham o‘yin rahbariyatlar o‘rtasida ketayapti. Ubanov Farhod degani bor Jomboyda. Gazni kattasi. Uni biror kishi hech nima qila olmaydi. Endi semirib bo‘lgan bular bu masalada,- deydi jomboylik Nuriddin Komilov.

Bu iddaolar yuzasidan “Jomboytumangaz” idorasi boshlig‘i Farhod Ubanovga murojaat qilganimizda, u kishi Ozodlik radiosining savoliga javob berish u yoqda tursin, rus tilida “da poshyol...” deb haqorat qilib, telefonni o‘chirib qo‘ydi.
XS
SM
MD
LG