Линклар

logo-print

O‘zbekistonda dindorlar va diniy erkinlik bo‘yicha faollar chiqish vizasini olish hamda mamlakatga kirish bilan bog‘liq qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Qarorgohi Osloda joylashgan, diniy erkinliklarni targ‘ib qiluvchi "Forum-18" tashkiloti bu haqda bayonot tarqatdi.

- O‘zbek hukumati Sovet davridan qolgan OVIR tizimini saqlab qolgan xolda chetga chiqmoqchi bo‘lganlar ustidan kuchli nazorat o‘rnatgan va hozir shu tizim orqali shubhali ko‘ringan dindorlarning chet davlatlarga chiqishlariga to‘sqinlik qilyapti,- deydi "Forum-18" tashkiloti faoli Feliks Korli.

Tashkilot faoliga ko‘ra, chiqish vizasini ololmayotganlar orasida Haj safariga otlangan musulmonlar ham bor.

- "Forum-18" O‘zbekistonda Haj safariga rasman ruxsat olgan fuqarolarning ayrimlariga ham chiqish vizasi berilmagani holatlarini ham o‘rgandi,- deydi Korli.

Shuningdek, nasroniy hamda Yohuvo guvohlari deb ataluvchi diniy guruhining ayrim mansublari ham mamlakatdan chiqish vizasini, ayrim xorijlik faollar esa O‘zbekistonga kirish vizasini olish mushkulotlari bilan yuzma-yuz kelishgan.

- Har kimning vaziyati har xil. Lekin, nimaga rasmiylar bunday shaxslarga viza berishdan bosh tortayotganini tushinish qiyin. OVIR idoralaridagi rasmiylari buni sabablarini aytishmaydi,- deydi "Forum-18" tashkiloti faoli Feliks Korli.

Haj safariga otlangan fuqarolarga ham chiqish vizasi rad etilayotganini Xorzamdagi “Najot” inson huquqlari tashkiloti rahbari Hayitboy Yoqubov ham tasdiqlaydi.

- Dindorlar o‘zlari yashaydigan masjidlarga murojaat qilishadi va ularga raqam aytiladi, sen ro‘yxatda 16inchi, falon kuni ketasan deyiladi. Orada ma‘lum muddat o‘tgandan keyin, shu odamga seni navbating 16inchi emas, 116inchi bo‘lib qolibdi, deb aytishadi. Ularga OVIR tasdiqlamabdi, ba‘zi texnik kamchiliklar bo‘lib qolibdi, deyishadi. Shu bilan Hajga borishni niyat qilgan odamlar ketmay qolishadi,- deydi Hayitboy Yoqubov.

Chiqish vizasini olish azobi


Sovet davridan qolgan chiqish viza tartibi tufayli O‘zbekiston fuqarolari o‘zlari istagan mamlakatga istagan paytda ketaolishmaydi. Ikki yilga ruxsat beruvchi chiqish vizasini olish jarayoni bir necha xafta, ba‘zida oylab cho‘zilishi aytiladi.

Shuningdek, mazkur cheklovlar tufayli odamlar katta miqdorda pul berib, ishlarini bitkazishga intiladilar. Ba‘zi hollarda chiqish vizasini olish bir necha yuz dollarga tushadi.

- Fuqarolar OVIR rasmiylarining “Erta kel, indin kel”, degan bahonalaridan bezor bo‘lib ketishgan. Fuqaro shu keladigan kunida ishi bitishini o‘ylab, chet mamlakatga safar uchun bilet olib qo‘yadi. Lekin yana faqat va‘da olib, bilet puli kuyib ketadi. OVIR xodimlari, cho‘zilish bizlarga bog‘liq emas, deydilar. Hujjatlarda biron bir kamchilikni topib, aniq gap ham aytmaydilar, - deydi Hayitboy Yoqubov.

“Najot” tashkiloti rahbarining o‘zi ham viza olish uchun murojaat jarayonida yuqoridagi muammolarga duch kelganini aytadi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda fuqarolarning chet elga chiqishi uchun maxsus ruxsatnoma beriladigan yagona davlat hisoblanadi.

- Hozir dunyodagi ko‘plab davlatlar bu kabi cheklovlarni bekor qilayotgan bir paytda, O‘zbekiston ularni yanada kuchaytirmoqda, - deydi “Forum 18” faoli Feliks Korli.

Hech qanaqa muammo yo‘q


Xorazmlik 45 yashar Oyposhsha so‘nggi yillarda O‘zbekistonda biometrik pasport yo‘lga qo‘yilganidan so‘ng chiqish vizasini olish qaytanga yengillashganini aytadi.

- Hech qanqa mummo yo‘q. Hamma ariza yozilib, kerkli hujjatlar topshirilganidan keyin 10 kun ichida sizga qo‘ng‘iroq qilishadi, tayyor bo‘ldi, keling deb aytishadi. O‘n kundan nariga o‘tmayapti,- deydi Oyposhsha opa.

Germaniyada yashovchi toshkentlik 28 yashar Oybek ham yaqinda hech qanaqa muammosiz chiqish vizasini olib, Berlinga uchib keldi.

- Ozgina navbatda turish, qog‘oz to‘ldirishni hisobga olmasa hech qiyinchiligi yo‘q. Hatto pulini to‘lasangiz qog‘ozni ham o‘zlari to‘lg‘izib berishadi, - deydi Oybek.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining o‘z ismini aytmagan xodimiga ko‘ra, chet elga ketayotgan shaxslarga ikki yilga chiqish vizalari berish jarayoni, hujjatlarni ko‘rib chiqish 15 kun, ba‘zi hollarda bu muddat zarurat bo‘lganda 30 sutkagacha uzaytirilishi mumkin.

- Xorijga chiqishi maqsadga muvofiq bo‘lmagan, sudlangan va jarayoni hali yakunlanmagan shaxslarga chiqish vizasi berilmaydi, - deydi IIV rasmiysi.
XS
SM
MD
LG