Линклар

logo-print

Qirg‘izistonda Botirovning mulki musodara qilinadi


Qodirjon Botirov dunyoning boshqa davlatlarida ham mol-mulkka ega ekanini rad etmaydi.

Qodirjon Botirov dunyoning boshqa davlatlarida ham mol-mulkka ega ekanini rad etmaydi.

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi O‘sh qirg‘ini aybdori sifatida ayblanayotgan Qodirjon Botirovning mulkini musodara qilish jarayoni boshlanganini bildirdi.

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi ayni paytda xorij o‘lkalaridan biridan boshpana topgan Qodirjon Botirovning mol-mulkini musodara qilish yuzasidan alohida sud jarayoni o‘tkazilishini ma‘lum qildi. Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Nurlan Jeenaliyevning aytishicha, ayni paytda Botirovning mol-mulkini aniqlash ishlari yakunlangan.

- Hozir sud ijrochilari Botirovning mulklarini aniqlashib, tekshirib chiqishib, bu boradagi materiallarni sudga taqdim etishdi. Sud hukm chiqarsa, Botirovning yigirmaga yaqin mol- mulki davlat ixtiyoriga musodara qilinadi. Botirovning qanday mol-mulki borligi, bu mulk kimlarning nomiga rasmiylashtirilgani ham aniqlandi, -dedi Nurlan Jeenaliyev.

Bishkekda nashr etiladigan “Jani Agim” gazetasi “Qodirjon Botirov Moskvadagi “Allstroy-Teks”, “Xolor”, “Ark-Trans” va “Savin” kabi yirik korxonalarning egasidir”, degan ma‘lumotni e‘lon qildi.

Gazetaning yozishicha, Qodirjon Botirov bundan tashqari Moskvadagi “DGL-Grupp” shirkati, Kurskdagi “Novost” tamaki fabrikasi xo‘jayini ekan. Gazeta Botirov Moskvadagi “Ekros” hissadorlik jamiyati, Farg‘onadagi neft zavodi va O‘zbekistondagi temir yo‘l uskunalari sotuvchi korxona aktsiyalarining teng sherikli egasi ekanini ham yozgan.

Ayni paytda “Jani Agim” gazetasi Qodirjon Botirovning Rossiya fuqarosi ekanini ham iddao qilgan.

Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga suhbat bergan Qodirjon Botirov gazetada chop etilgan ma‘lumotlarni qisman tasdiqladi, ammo o‘zining Rossiya fuqarosi ekani to‘g‘risidagi iddaoni rad etdi:

- Men hech qachon Rossiya fuqarosi bo‘lgan emasman. Prezident Bakiyev davrida meni parlament deputatligiga saylanmasligim uchun mana shunday afsonani o‘ylab topishgan. Men Qirg‘izistondan boshqa birorta mamlakat fuqaroligini olgan emasman.

Mening faqat Rossiyadagina emas, MDH va uchinchi davlatlarda ham biznesim borligi haqiqat. Men boshqalarga o‘xshab mol-mulkimni jinoiy yo‘llar yoki davlat amalida o‘tirib olib, korruptsiya orqali to‘plagan emasman. Barcha mol-mulkimni manglay terim bilan to‘plaganimni hamma biladi, -dedi Qodirjon Botirov.

Aytib o‘tish lozimki, Qodirjon Botirov Jalolobod shahrida eng zamonaviy gimnaziya, Xalqlar do‘stligi universiteti, zamonaviy tibbiyot markazlarini ham qurgan. Botirov xalq foydalanishi uchun qurilgan mazkur ob‘ektlar ham talon-taroj qilinganini aytgan.

Ozodlik radiosiga bergan avvalgi suhbatlaridan birida Qodirjon Botirov mulkining bir qismini fazogir Solijon Sharipovga o‘tkazib berganini bildirgan edi. Biroq Solijon Sharipov uning bu gapini inkor etib, mulkni birjada sotib olganini aytmoqda.

Qirg‘izistonning Suzoq tuman sudi, keyinroq esa Jalolobod viloyat sudi Qodirjon Botirovni 2010 yilning iyunida sodir etilgan O‘sh qirg‘ini aybdori sifatida sirtdan bir umrlik qamoq jazosiga mahkum qilgan edi.
XS
SM
MD
LG