Линклар

Toshkentda faoliyat yuritgan “Sharq yulduzi” kredit uyushmasi direktori Dilshod Yo‘ldosh o‘g‘li fuqarolarning 9 milliard so‘m mablag‘ini olib g‘oyib bo‘lgan.

Kredit uyushmasiga pul tikkan 340 dan ziyod omonatchi ayni paytda boshini qaysi devorga urishini bilmayotgani aytilmoqda.

“Novosti Uzbekistana” gazetasining 13 aprel kuni omonatchilar shikoyatiga tayanib yozishicha, firib qurboni bo‘lgan fuqarolar orasida nafaqaxo‘rlar, nogironlar bor.

“O‘g‘ri qamoqda o‘tirishi kerak”


Gazetaga shikoyat yo‘llagan omonatchilar kredit uyushmasinig qonunbuzarligi va nomaqbul xatti-harakati uchun litsenziya beruvchi mas‘ul tashkilot ham javobgar ekanini yozadi.

Mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, kredit uyushmalari Markaziy bank litsenziyasi asosida faoliyat yuritadi.

Markaziy bank kredit uyushmalari uchun majburiy bo‘lgan moliyaviy operatsiyalar tartibini belgilab beradi, ular faoliyatini tekshirib boradi.

Shunga asoslanib, arzgo‘ylar Markaziy bank monitoring va tekshiruvlar payti aldovning oldini olish chorasini ko‘rishi kerakligini urg‘ulaydilar.

Internetda omonatchilar nomidan e‘lon qilingan arznomada ham “Sharq yulduzi” rahbariyati Markaziy bank xodimlari shafeligida faoliyat yuritgani iddao qilinadi.

“Sharq yulduzi” kredit uyushmasining ikki yillik faoliyati davomida Markaziy bank tomonidan bir necha marta tekshirilgan. Lekin tekshiruvlarda birorta ham qoidabuzarlik aniqlanmagani qiziq. Kredit uyushmasi rahbariyati bir soat ichida omonatchilarni ship-shiydam qilib, ularning pulini o‘g‘irlab qochmagandir”, deyiladi shikoyatnomada.

O‘z navbatida, “Novosti Uzbekistana” tahririyati ushbu holatda Markaziy bankning aybi yo‘qligini asoslashga urinadi.

Shu bilan birga, fuqarolarni chuv tushirgan jinoyatchilar jazolanishi lozimligini ta‘kidlaydi.

“Pul egalariga qaytarilishi kerak. O‘g‘rilar qamoqda o‘tirishi kerak”, deya xulosalaydi mazkur nashr.

“Tekin pishloq qopqonda bo‘ladi”


Mojarolar markazida qolayotgan “Sharq yulduzi” kredit tashkiloti 2006 yil oktyabrda 61,4 mln so‘m ustav kapitali bilan ish boshlagan.

Bank-moliya sohasida izlanishlar olib borayotgan mahalliy tadqiqotchiga ko‘ra, mazkur kredit tashkiloti faoliyatining boshidanoq aholining ko‘proq qismini jalb qilishga zo‘r bergan.

– Uyushma a‘zosi bo‘lish uchun odamlardan nizom jamg‘armasiga 10 ming so‘m miqdorida badal talab qilingan, xolos. Bu ham, menimcha, odamlarning ishonchiga kirish uchun tashlangan qadam edi. Shu tariqa kredit uyushmasi omonatchilarning soni 300 dan oshib ketgan, – deydi tadqiqotchi.

“Sharq yulduzi” kredit uyushmasi ikki yil davomida fuqarolar omonati hisobidan kattagina sarmoya to‘plagan.

Yig‘ilgan puldan a‘zolariga iste‘mol va tadbirkorlik kreditlari bergan.
Ozodlik bilan fikrlarini bo‘lishgan tadqiqotchi kredit uyushmasi to‘lagan “otning kallasidek” foizlar omonatchilarda ham, mas‘ul idoralarda ham shubha uyg‘otmaganidan taajjublanadi.

– “Sharq yulduzi” o‘z omonatchilariga 46 foizgacha foiz taklif qilgan. Bu katta foiz, shubhali darajada katta foiz, tushunayapsizmi? Ishbilarmonlar orasida “Tekin pishloq qopqonda bo‘ladi” degan gap bor. Bunaqa katta daromad taklif qilgan kredit uyushmasi faoliyati hech kimda shubha uyg‘otmagani ajablanarli, – deydi u.

Yuzlab omonatchilar haqiga xiyonat qilgan direktor qayerda ekani noma‘lumligicha qolayotgani aytilmoqda.

O‘zbekiston kredit uyushmalari assotsiatsiyasi vakili bu kredit uyushmasi tomonidan omonatchilar aldab ketilgan birinchi holat emasligini qayd etgan.

Avval xabar berganimizdek, 2011 yil iyulda O‘zbekiston Markaziy banki mamlakat bo‘ylab ko‘plab kredit uyushmalarini qonunbuzarliklar vajidan litsenziyadan mahrum etgan edi.

Mamlakat jamoatchiligi orasida mas‘ul idoraning bu qarorini qoralaganlar ham, oqlaganlar ham bo‘lgan.
XS
SM
MD
LG