Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:47

Mahalla hayotingizga aralashganmi?


12 aprel kuni Toshkentning “Chilonzor” mahallasi vakillari huquq himoyachisi Abdulla Tojiboy o‘g‘lini maxsus yig‘inga chaqirtirib, uni mamlakat yutuqlarini, xalq hayotidagi ijobiy hodisalarni ko‘rolmaslikda ayblab, mahalladan quvish haqida qaror chiqardi.

2007 yilgi prezidentlik saylovida o‘z nomzodini ilgari surgan Abdullo Tojiboy o‘g‘li yaqinda Internetda ochiq xat bilan chiqib, oddiy fuqarolarga nisbatan qonunlar buzilayotgani va rasmiylarning o‘zboshimchaligi oshgani xaqida norozilik izhor qilgan.

Abdulla Tojiboy o‘g‘li mahalla faollari harakatini o‘zining huquq himoyasi faoliyati bilan bog‘lamoqda. Uning aytishicha, rasmiylar unga nisbatan mahalla orqali bosim o‘tkazishga urinmoqda.

O‘zbekistonda mahalla instituti fuqarolar turmushining turli sohalarida muhim, ba‘zan esa hal etuvchi rol o‘ynaydi: oilaviy mojarolar, kirdi-chiqdi, kommunal to‘lovlarni undirish, xorijga chiqish vizasi va ZAGS uchun dalolatnoma berish, kam ta‘minlangan oilalarga nafaqa tayinlash va hokazo.

Hafta savoli ruknining bugungi sonida respondentlarga "Mahalla hayotingizga aralashganmi?" degan savol bilan murojaat qildik.

Shavkat Usmonov, toshkentlik o‘qituvchi:


- Men qonunni yaxshi bilaman, bo‘lar-bo‘lmasga aralasha olmaydi menga nisbatan. Boshqalarga nisbatan bor bunaqa holatlar. Ko‘proq kommunal xizmatlarni to‘lamaganligi haqida, oilaviy janjallarni mahallada ko‘rishadi, yordam pulini rasmiylashtirish bo‘yicha ishlarni ko‘rishadi. Mening ishim tushgan emas.

Rajabboy aka, xorazmlik pensioner:


- Yo‘q, mening mahallam hayotimga aralashmagan. Men ham bir paytlari mahalla komitetining raisi edim 90-yillarda. 10 yil mahalla qo‘mitasi boshlig‘i bo‘lib ishladim. U paytlarda biz aralashardik har narsaga. To‘y-tomoshalarga aralashardik, mojaro, janjal bo‘lsa aralashardik. Uyma-uy kirib odamlarning ahvollarini so‘rardik. Nima tashvishlari bor, oilasida qanday muammolari bor, muhokama qilib yarashtirib yurardik. Hozir mahalla komitetlari oilalarda nima yetishmaydi, nimaga muhtoj so‘ramaydi, bizlarning Urganch tumani mahallalari misolida aytayapman, shaharda qanaqaligini bilmayman. Hozir bizning tumanimizdagi mahalla komitetlarida har kim o‘z ishi bilan o‘zi ovora, o‘z tirikchiligi payida yugurib yuribdi.

Nasiba Saidova, Qo‘qon shahri:


- Qo‘qon shahar 21-mahallada yashayman. Yangi farzand ko‘rgandim. Mahalla komitetidagilarning hammasi nafsning oldiga tushgan. Prezidentimiz mahallaga shunaqa katta huquq berib qo‘yganki, mahalla hal qilishi kerak hamma narsani. 2010 yil 8 noyabrda tuqqanman. Tug‘ishim bilan ariza yozib olib kirganman mahallaga. Ular limit yo‘q deb nafaqa bermadi. Xohlamadi berishni. Cho‘ntagidan pul berayotganday “limit yo‘q, falon yo‘q” deb odamlarning qonini ichadi. Bolam bir yarim yashar bo‘ldi. Mart oyidan nafaqa pulini ola boshladim. Moliya vazirligiga yozib yubordim. Keyin berdi. Osongina bermadi. Biror kishi bolalarining pulini vaqtida olgani yo‘qda. Axlatga pul yig‘ib ketishni, gazning pulini ber, svetning pulini ber deb kelishni bilishadi ular.

Neyim Farmonov – kattaqo‘rg‘onlik dehqon:


- Bizda mahallada kamchilik yo‘q. Bizning hayotimizga mahalla aralashmagan. Men yordam so‘rab mahallaga murojaat qilmaganman. Biz ozgina yer olganmiz, shu yerda ekin ekib, dehqonchilik qilamiz. Kattaqo‘rg‘ondagi bizning mahalla juda tinchda. Hamma narsa o‘z vaqtida bo‘lyapti. Hukumat talab qilgan hamma narsa amalga oshyapti. Bizning mahalla “Alijon” mahallasi.

Dilorom Temirova, Shahrisabz:


- Mahalla hamma muammolarimga aralashgan, lekin birorta natija yo‘q. Hammasi ahmoq qilishadi. Men birovning uyida ijarada o‘tiraman necha yildan beri. Men fermerlarning qo‘lida ishladim. Chaqalog‘im bilan pilla olib boqdim, boshqa qildim. Hozir ham fermerlarning qo‘lida ishlaymiz. Mana hozir qizim kamqon kasali bilan og‘rigan. Mazasi yo‘q, lekin birortasi yordam bermaydi. Qayerga borsangiz, homiy top, deydi. Qayerdan topaman homiyni? Menga o‘xshab hamma yoqqa yozadiganni, chizadiganni “unday qilamiz, bunday qilamiz” deb daje bu uydan ko‘chirib yuborishdi. Musorlargacha borib turdim mana shu bolam bilan. Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumani, Kamxoz qo‘rg‘oni, yoshlar ko‘chasida yashayman. Temirova Diloromman. Alisher Navoiy shirkat xo‘jaligi. Fermer xo‘jaligida ishlaymanda.

Toshkentning Bobur mahalla fuqarolar yig‘ini xodimi:


- Muammoli uylarga aralashamiz. Yarashtirish komissiyamiz bor, moddiy yordam berish komissiyasi bor. Vafot etganlarga ozgina yordam berishimiz mumkin. Qanaqa qiyinchiliklar bo‘lsa, hal qilishga yordam beramiz. Rais bilan gaplasha qoling. Kechroq telefon qiling.

Nig‘matilla Sodiqov farg‘onalik huquq faoli:


- Avvalgi vaqtlarda muammolarni mahallada oqsoqollarning o‘zi hal qilardi. Mahalla fuqarolar yig‘ini tashkil bo‘lgandan keyin qaysi mahalla bo‘lishidan qat‘iy nazar men birortasining mahalla xalqiga foydasi tegadi deb o‘ylamayman. Nimaga deganda yoshlar. Bu yoshlarda yetarli bilim savsiyasi, siyosiy saviya bo‘lmagandan keyin mahalladagi arzimagan narsa prezidentgacha yetib borayaptida. Juda ko‘p to‘qnash kelaman, odamlarga maslahat beraman. 27 yildan beri huquq faoli sifatida odamlarga maslahat berib kelaman.

Olimjon - Qoraqalpog‘istonlik yurist:


- Oilamizda unday voqealar bo‘lmagan. Mahalla faollarining oilaviy ishlarimizga aralashishiga zarurat bo‘lmagan. Jiddiy muammolar bo‘lmagan. Hamma muammolarni o‘zimiz hal qilganmiz.

Shuhrat – buxorolik o‘qituvchi:


- Yo‘q, mahalla mening hayotimga aralashmagan. Mening ham ularga ishim tushmagan. Mahalla faollari elektr, gaz bo‘yicha qarzlari bo‘lgan xonadonlardan qarzni yig‘ib chiqadi. Bizlarning qarzimiz yo‘q. Hamma to‘lovlarni oldindan to‘lab qo‘yamiz.

Muhtaram tinglovchi, Siz ham "Hafta savoli"ga javob yozmoqchi yoki shu mavzu xususida ma‘lumot bermoqchi bo‘lsangiz "Sharhlar" tugmachasini bosib, fikr-muloxazalaringizni yozib qoldirishingiz mumkin.
XS
SM
MD
LG