Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:50

“Chinni bozor” tadbirkorlari sudda g‘olib chiqdi


16 aprel kuni Toshkent viloyat jinoiy ishlar sudi Zangiota tumanidagi “Chinni bozor”ning 120 dan ziyod tadbirkoriga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha hukm chiqardi.

Tadbirkorlar sudda yutdi


Toshkent viloyat jinoiy ishlar sudi hukmiga ko‘ra, “Chinni bozor”dagi do‘konlarni qurish ishlarida prorab bo‘lib ishlagan Farhod Abdurazzoqovga 15,5 yillik qamoq jazosi berildi.

Bu haqda sudda da‘vogar sifatida qatnashgan Shoira Sodiqbekova Ozodlikka ma‘lum qildi.

- Bugun Abdurazzoqov Farhodni jinoyat kodeksining to‘qqizta moddasi bilan javobgarlikka aybdor deb topdi. 770 million so‘m davlat foydasiga undirilsin, dedi hukmning birinchi qismida. Qamaldiyam. Qamalganda 15 yilu 6 oy muddat uzil-kesil berildi. Qamoqni umumiy koloniyada o‘tash ko‘rsatildi,- deydi Sodiqbekova.

Shoira Sodiqbekova to‘rt xonalik kvartirasini sotib, ikki o‘g‘liga “Chinni bozor”dan ikkita do‘kon sotib olish uchun bozor ma‘muriyatiga 48 million so‘m pul to‘lagan. Biroq Sodiqbekovlar oilasiga bozordan faqat bitta do‘kon berilgan.

Toshkent viloyat mahkamasi hukmida Shoira Sodiqbekova va u singari moddiy zarar ko‘rgan boshqa tadbirkorlarga yetkazilgan zararni qoplash ham qayd qilinadi.

- Bitta do‘konning puli 24 million so‘m, ikkinchi do‘kon uchun ortiqcha olingan pul 11 million 900 ming so‘m, jami bo‘lib 35 million 300 ming so‘m Sodiqbekovlarga qaytarilsin deb o‘qidi. Keyin yana bir milliard 200 ming so‘mdan oshiqroq pulni 120dan oshiq bo‘lgan tadbirkorlarga do‘konning ortiqcha sotilgan puli, do‘konga ortiqcha olingan pullar qaytarilsin dedi. 2 million so‘m pul bozor territoriyasi Zangiota tumanida joylashgan bo‘lganligi uchun Zangiota tuman tadbirkorlarni himoya qilish bo‘limiga o‘tkazilsin deb hukm chiqardi,- deydi Sodiqbekova.

Besh tomdan iborat jinoyat ishi bilan tanishib chiqqan Sodiqbekovaga ko‘ra, ayblov xulosasida sudlanuvchi “Chinni bozor”dagi qurilish ishlari uchun “TATIKO” nomli soxta firma tashkil qilib, davlat byudjetidan ajratilgan 4 milliard so‘m pulni o‘zlashtirib yuborgani qayd qilingan.

Ayblov xulosasida yozilishicha, bozor ma‘muriyati yangi qurilgan rastalarni tadbirkorlarga qimmat narxda sotish evaziga 11 million so‘m miqdorida foyda ham ko‘rgan.

Shoira Sodiqbekovaga ko‘ra, Toshkent viloyat jinoyat ishlari sudida joriy yil fevral oyi oxirida boshlangan mahkama “odil sudlov” ko‘rinishida o‘tgan.

- Sud rosayam yaxshi o‘tdi. Sudlanuvchilarga va da‘vogar tomonga ham bemalol keng imkon berildi. Ko‘rsatmalar berishga, gapirishga, savollar berishga erkinlik berildi. Men hayotimda bunaqa sudni ko‘rmaganman. Haqiqiy, qonuniy jarayonni birinchi bor ko‘rishim. Odil sudlov bo‘ldi desam bo‘ladi,- deydi Shoira Sodiqbekova.


“Chinni bozor”da uyushgan jinoiy guruh bo‘lgan


Joriy yilning 19 yanvar kuni "Chinni bozor" ma‘muriyati, soliq inspektsiyasi va SES xodimlaridan iborat jami 20 dan ortiq odam hibsga olingan edi.

Shoira Sodiqbekovaga ko‘ra, “Chinni bozor” boshqaruv raisi Rahim Axmedov va bozorning boshqa xodimlari, Toshkent viloyati Soliq boshqarmasi ma‘sul xodimlari, bozor qurilishida ishtirok etgan “TATIKO” firmasi nomidan ish yuritgan xodimlarga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov hozirda tugash arafasida.

- Bitta Abdurazzoqovning o‘zi emas. Bu yerda jinoiy guruh bo‘lishgan bular. Aslida shu ishlarning tepasida turgan bozorkom Rahim aka Ahmedov, keyin Qobil hoji aka degan odam bor, u odam hozir qochib ketgan deb aytishayapti. Qobil hoji aka umumiy bozorlar bo‘yicha rais. Keyin Zafar Ergashev degan odam bor shu qurilishga bosh bo‘lgan. Ularning ishi hali tergov jaraënida. Bugun yaqinda sudga oshadi deyishdi,-dedi Sodiqbekova.

"Chinni bozor" Bozor ma‘murlari korruptsiyaga bog‘liq jinoyatlar va davlat mulkini talon-taroj qilganlikda ayblanmoqda.

"Chinni bozor"da xo‘jalik va maishiy texnika mollari bilan savdo qilinadi.

2010 yilning fevral oyida Toshkentdagi eng katta ulgurji bozorlaridan biri bo‘lgan “Karvonbozor” ma‘murlari ham iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, hibsga olingan edi.

Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, “Karvonbozor” rahbariyati 30 million AQSh dollari miqdoridagi pulni o‘zlashtirganlikda ayblangan edi.
XS
SM
MD
LG