Линклар

logo-print

Qorasuv shahrida yashovchi bir guruh o‘zbeklarning Ozodlikka bildirishicha¸ shaharda boraëtgan gaz hisoblagichlarni yangilash jaraëni bahonasida o‘zbek oilalariga bir necha ming dollarlik jarima solinmoqda.

Qorasuv gaz idorasi hisoblagichlarni yangilashga qaror qildi


16 aprel kuni Ozodlikka murojaat qilgan qorasuvliklar shaharning Nuroxunov ko‘chasida yashovchi o‘zbeklardir. 2010 yil iyunida Qirg‘iziston janubida yuzaga chiqqan qonli milliy nizo va undan so‘ng o‘zbek jamoasiga nisbatan davom etayotgan qonunbuzarliklar bois¸ suhbatdoshlar o‘z ismlari sir qolishini ma‘qul ko‘rishdi.

Ularga ko‘ra¸ shahar gaz idorasi bundan bir hafta ilgari gaz hisoblagichlarni yangilash asosida gaz quvurlari ko‘zini boylab¸ eskilarini olib ketgan. Yangi hisoblagich uchun ertasiga gaz idorasiga borgan o‘zbeklarning aksariga ming-ming so‘mlik jarima solishgan.

Nuroxunov ko‘chasida yashovchilar orasida nisbatan eng kam jarimaga tortilgan oila vakili gapiradi:

- 9 aprel kuni gazdan kelib schyotchigimizni chiqarib “Gorgazga olib boringlar. Tekshiramiz¸ laboratoriyadan o‘tkazib, sizlarga yangi schyotchik qo‘yib beramiz” deyishdi. Chiqarib bitta salafanga solib schyotchikni, o‘zlari plombalab ketishdi. Schyotchigimizning plombalari, hamma yog‘i yaxshi ekan. “Hamma yog‘i yaxshi ekan. Oynalari sinmagan ekan” deb akt tuzib, bitta aktni bizning qo‘limizga berdi, bitta aktni schyotchikka qo‘shib salafanga solib, salafanni plombalab ketishdi.

Keyin biz 10 aprel kuni olib chiqdik O‘shga. “Qisqasi, schyotchiging ichidan yaxshi ishlamay qolgan ekan. Nomerlari yaxshi nima bo‘lmagan ekan” deb turib kalkulyatorga solib “1640 so‘m shrtaf to‘laysan” dedi¸ deydi 9 aprel kuni boshlangan jarayonga oydinlik kiritgan qorasuvlik yigit.

Gaz idorasi tomonidan eski gaz hisoblagichi nobop deb topilib¸ jarimaga tortilganlardan yana birining Ozodlikka aytishicha¸ atigi ikki odamdan iborat bu oilaga 301 000 qirg‘iz so‘mi yoxud 6500 AQSh dollari miqdorida jarima solingan.

- O‘zi “Yaxshi ishlayapti, ishlashi normalniy” deb bu yerdan chiqarib ketgan. U yoqqa borgandan keyin “yomon ishlayapti ekan. Orqasini ochgan ekansan” deb, tuhmatda endi. Bugun men borsam, “Schyotchiging yomon ishlaydi” deyaptida. Har oy to‘laganman, hatto 1000-1500 so‘mgacha to‘lagan kunlarim bo‘lgan. Uni hisobga olishmayapti. 500 so‘mlik yoqamiz. 12-13 dollarlik yoqamiz. O‘zi ikki kishimizda oilada. Ikki odam yozilgan. Gazni faqat ovqatga ishlatamiz, choy qaynatgani ishlatiladi xolos. Ishlatmagan gazimizga uncha pul to‘lamaymizda biz. Tovuqning ketiday joyda yashaymiz o‘zi¸ deydi Nuroxunov ko‘chasida yashovchi kichik oila sohibi.

Kvitantsiya va akt inobatga olinmayotir


Ozodlikka murojaat qilgan qorasuvliklarning aytishicha¸ ularning qo‘lida 2003 yilda bugunda eskirgan deb topilgan gaz hisoblagichlar o‘rnatilganidan beri gaz uchun to‘lovni muttasil tarzda amalga oshirib kelganliklarini tasdiqlovchi kvitantsiyalar bor. Bu qog‘ozlar¸ qolaversa¸ eski hisoblagichlarni uzayotib tuzilgan aktda uskunaning sozligi tasdiqlanib¸ hujjatlashtirilganiga qaramay¸ gaz idorasi mas‘ullari hech bir dalil-hujjat taqdim qilmagan holda¸ hisoblagichlarni nosoz deb topmoqda. Hisoblagich nosoz deb topilgach¸ chiqarilayotgan jarima miqdorining qayerdan¸ nimaga asoslanib hisoblanishi haqida ham aholiga hech qanday tushuntirish berilmayotir¸ deydi qorasuvliklardan yana biri:

- Men berganim yo‘q. Beradigan pulim ham yo‘q. Men martnikini ham to‘laganman. Hech qarzim yo‘q edi. 45 ming devdi, voy desam, keyin 25 ming dedi, endi 4600 so‘m deyapti. Men to‘lamadim. Qanday to‘layman? To‘laydigan pulim ham yo‘q mening.

Qarzim yo‘q mening. O‘zi gaz ham bo‘lmaydi. yondirganimda ham mayli edi. Ikki ko‘zli kichkina gazim bor. U hech qancha aylanmaydi ekanda o‘zi. Gaz bo‘lsa, bitta-ikkita choy qaynatib qo‘yaman. Bo‘lmasa choy ham qaynatavermasdim¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda avvaliga 45 000 qirg‘iz so‘mi¸ undan 25 000 va 16 aprelga kelib¸ 4600 so‘mlik jarima to‘lashga amr etilgan ayol.

"Jarimaga tortilgan qirg‘izni ko‘rmadik"


Ozodlikka murojaat qilgan qorasuvliklarni gaz hisoblagichlarni yangilash bahonasida jarimaga tortilayotganlarning aksari o‘zbeklar ekani tashvishga solmoqda.

- Qirg‘iz nimalarimiz kirsa, to‘polon qilib bir so‘m pul to‘lamasdan chiqib ketayapti. O‘zbeklar borsa, ustidan tepalab o‘ynayapti.

- Bu mahallada bitta qirg‘iz ham bo‘lgani yo‘q. Schyotchigi sog‘, deganlarniki ham so‘rab-surishtirib ko‘ringlar. Katta xotinlar ham bordi. Hech ham qirg‘iz xotin degan narsa ko‘rmadik, qirg‘iz bolani ham ko‘rmadik. Hamma o‘zbeklarni shunaqa qilayapti¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan qorasuvlik o‘zbeklar.

Ozodlik muxbiri qorasuvliklarning mazkur shikoyatiga munosabat olish maqsadida Qorasuv shahar meri Ahmad polvon Rahimov bilan bog‘landi.

Jarayonning Ozodlikka bog‘langan qorasuvliklar aytgan tarzda borayotganini tasdiqlagan shahar hokimi¸ bu shikoyatlardan xabari borligi va uning ijobiy yechimi ustida ishlayotganini bildirdi.

- Biz Gorgazning boshlig‘ini chaqirib, juma kuni bular bilan majlis o‘tkazganmiz. Biz dokument bilan borgan edik, Gorgazning kattalari bo‘lmadi. Buni endi polijitelьniy hal qilamiz¸ ellarni himoya qilamiz¸ dedi Ozodlik bilan suhbatda Qorasuv shahar hokimi Ahmad Rahimov.

"Gaz idorasi xatosini tuzatishga va‘da berdi"


Qorasuvliklarning gaz hisoblagichlarni yangilash jarayonida jarimaga tortilayotganlarning aksari o‘zbeklar ekani haqidagi da‘vosiga munosabat bildirgan shahar hokimi¸ bu bayonotning u qadar to‘g‘ri emasligini ta‘kidladi.

- Endi unday desak to‘g‘ri bo‘lmasa kerak. Nimaga deganda hozir butun Qorasuvni yangi schyotchikka o‘tkazamiz deb tekshirayapti. To‘g‘ri, hamma yerda yaxshi-yomon odam bor. Uncha-muncha o‘zimizdan ham o‘tayapti. Lekin hozir 300 ming so‘m noto‘g‘ri bo‘lib qolganligi uchun Gorgazning kattasini chaqirib keldik. Gorgazning kattasi “Bu narsani men bilmabman. Tekshirib, gaplashib, yechib beraman” degan va‘dasi bor.

Shikoyat qilgan odamlarning hammasini bo‘lmasa ham¸ 30 odamni olib keldik. Meriyaning majlis zaliga chaqirib, Gorgazning xodimlarini chaqirib, Gorgazning boshlig‘ini chaqirib, shu narsalarni jinday gaplashib, Gorgazning kattasining va‘dasini oldik. “Agar bizning xodimlarimizdan nima ketgan bo‘lsa, yaxshi tomonga o‘zgartirib beraman” degan va‘dasini oldik¸ deydi Qorasuv shahar hokimi Ahmad Rahimov.

Ozodlik bu voqea rivojini kuzatishda davom etadi.

XS
SM
MD
LG