Линклар

AQShda qo‘lga olingan o‘zbekistonlik Baxtiyor Jumayev o‘ziga nisbatan ilgari surilgan terrorchilikka doir ayblovlarni inkor qildi.

The Denver Post gazetasining 13 aprel kuni yozishicha, Denverdagi federal sudga olib kelingan Baxtiyor Jumayev bu haqda o‘z advokati orqali bildirgan. Jumayevning o‘zi sud majlisi davomida gapirmagan.

Jumayevning advokati, shuningdek uning hibsda qoldirilishiga oid masala yuzasidan bahs qilishdan bosh tortgan.

Mart oyida Filadelfiya shahrida hibsga olingan paytda 45 yoshli Baxtiyor Jumayev AQShda muddati tugagan viza bilan yashab kelgani ma‘lum bo‘lgan. U AQSh va O‘zbekistonda terrorchi tashkilotlar sirasiga kiritilgan Ilomiy Jihod Ittifoqi guruhiga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatganlikda ayblanmoqda. Bu ayblov Jumayevning terrorchilik faoliyatida ayblanayotgan O‘zbekistonning yana bir fuqarosi Jamshid Muxtorovga 300 AQSh dollariga yozilgan chek yuborgani fakti asos bo‘lgan.

AQShdan siyosiy boshpana olgan asli o‘zbekistonlik Jamshid Muxtorov yanvar oyida Chikagoning O’Hara xalqaro aeroportida Turkiyaga ketayotgan paytda qo‘lga olingan edi. Tergovchilarga ko‘ra, Muxtorov Turkiyaga terrorchilik hurujini amalga oshirish niyatida ketayotgan bo‘lgan.

Kolorado shtatining Avrora shahrida yashab kelgan 35 yoshli Jamshid Muxtorov ma‘lum muddat davomida AQSh Federal tergov byurosi kuzatuvida bo‘lgan. Tergovchilar ayblov xulosasida aytilishicha, Muxtorovning Turkiyada xudkush hujumni amalga oshirish niyati bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin.

Agar Muxtorovga qo‘yilaëtgan ayblar sudda tasdig‘ini topsa, u 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilib, 250 ming AQSh dollarigacha jarimaga tortilishi mumkin.

Jumayev va Muxtorov ishlari bo‘yicha sud tergovini yakunlash uchun bir necha oy talab qilinishi aytilmoqda. Tergov materillaridagi ba‘zi dalillar maxfiylashtirilgan va tergovchilar bu materiallarni advokatlarga qay tarzda ochiqlash ustida bosh qotirmoqda.

AQSh Bosh prokurori yordamichisi Greg Hollouey 13 aprel kungi sudda qilgan chiqishida “Materillarni advokatlarga ochiqlash ancha nozik masala bo‘lib turibdi”, deya ta‘kidlagan.
XS
SM
MD
LG