Линклар

O‘zbekistonda uyali aloqa xizmati qimmatlaydi


Prezident Karimov tomonidan abonentlik raqami uchun joriy qilingan 400 so‘mlik to‘lov pirovardida uyali aloqa mijozlari bo‘yniga tushadigan bo‘ldi.

Prezident Karimov tomonidan abonentlik raqami uchun joriy qilingan 400 so‘mlik to‘lov pirovardida uyali aloqa mijozlari bo‘yniga tushadigan bo‘ldi.

MTS-O‘zbekiston va Ucell uyali aloqa operatorlari abonentlik to‘lovini ikki baravarga oshirdi. To‘lov narxlari shu paytgacha 1 tsent-18 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, endilikda 2 tsent- 36 so‘m qilib belgilandi.

O‘zbekistonda mijozlar soni ko‘pligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadigan Ucell kompaniyasi (mijozlar soni 8 million atrofida) joriy yilning 24 aprelidan boshlab “GAP”, “Ucell dunyosi”, “Yanada ko‘p suhbat”, “Tungi”, “Online”, “Yaqinroq bo‘ling”, “Ko‘proq so‘zlashing”, “Oson hisob”, “3G modem” tarif rejalari bo‘yicha kunlik abonent to‘lovini 2 tsentga ko‘taradi.

Ucell kompaniyasi xodimlaridan biri to‘lov narxlarining qimmatlashini soliq to‘lovlarining oshirilgani bilan izohladi.

- 24 apreldan narxlar qimmatlaydi. Avval 1 tsent bo‘lgan bo‘lsa abonent to‘lovi endi 2 tsentdan bo‘ladi. Chunki kompaniyada rivojlantirish ishlari ketayapti va ahamiyat bersangiz, hamma yoqda narxlar oshgan, soliqning narxlari ham oshganligi uchun kompaniyaning qaroriga binoan tariflarda ham abonent to‘lovi oshirilgan. Ahamiyat bersangiz, boshqa kompaniyalarda ham oshirilgan narxlar,- deydi Ucell kompaniyasi xodimi.

O‘zbekistonda eng yirik mobil operatori bo‘lgan, 9 milliondan ziyod mijozga ega MTS-O‘zbekiston kompaniyasi ham 1 maydan boshlab kunlik abonent to‘lovini 1 tsentdan 2 tsentga oshiradi. Shirkat rasmiy saytida ma‘lum qilinishicha, bu o‘zgarishlar “Hammaga salom”, “Universal” va “Muloqot”, “Qo‘ng‘iroq” tarif rejalariga tegishlidir. “MTS VIP" tarifi abonent to‘lovi esa kuniga 25 tsentni tashkil etadi.

O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi yana bir yirik uyali aloqa operatori - Bilayn ham shu yilning 2 aprelidan aksariyat tarif rejalari uchun kunlik abonentlik to‘lovini 2 tsentga oshirgandi.

Bilayn kompaniyasi xodimiga ko‘ra, yaqin kunlarda narxlarda boshqa o‘zgarish bo‘lmaydi.

- Bilaynda 2 apreldan boshlab kunlik abonent to‘lovlari o‘zgargan. 2 tsent bo‘lgan. Agar yana qimmatlasa, shundan keyin ma‘lumot berishimiz mumkin. Hozircha esa bu haqda hech qanday ma‘lumot mavjud emas,- dedi Bilayn xodimi.

Perfectum Mobile va UzMobile kompaniyalari ham hozircha to‘lovlarni oshirish niyatida emas.

- Bizlarda ham 1 fevraldan bo‘ldi. 1 tsentdan olayaptiku mobilniylarga. Lekin boshqa narxlar ko‘tarilishi bo‘yicha ma‘lumot yo‘q bizlarda,- dedi UzMobile xodimasi.

O‘zbekistondagi mobil aloqa narxi, dunyodagi eng arzon narxlardan biri ekanligi aytiladi. Kunlik abonentlik to‘lovi mahalliy uyali aloqa operatorlarida O‘zbekistonda abonentlik raqamidan foydalanganlik uchun oyiga 400 so‘mlik to‘lov joriy qilinganidan keyin paydo bo‘ldi. Prezident Karimov imzolagan bu haqdagi qaror shu yil 1 yanvaridan kuchga kirgan. Mazkur qarorga muvofiq, uyali aloqa operatorlari ishlatilayotgan har bir abonentlik raqami uchun har oy to‘lab turadigan 400 so‘mning 90 foizi davlat byudjetiga, 10 foizi esa O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi hisobiga o‘tadi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda O‘zbekistonda uyali aloqa mijozlari soni 25 milliondan oshib ketgan. Ularga GSM standartida ishlovchi uch va CDMA standartida ishlovchi ikki uyali aloqa operatori xizmat ko‘rsatadi.
XS
SM
MD
LG