Линклар

O‘tgan hafta so‘ngida Tojikistondagi bir qator axborot agentliklari O‘zbekiston o‘z harbiy texnikasini o‘zbek-tojik chegarasiga joylashtirgani va bu o‘z navbatida mahalliy aholi orasida turli vahimalarga sabab bo‘layotganini yozgan edi.

Mavzuga oydinlik kiritish maqsadida dastlab Mastchoh tumanida bizga tanish manbalarga qo‘ng‘iroq qildik.

Bu tumanga qarashli Paldorak qishlog‘ida yashovchi Odixo‘ja Ibrohimov o‘zbek-tojik chegarasida so‘nggi uch-to‘rt kun ichida kuzatilayotgan vaziyatni mana bunday tasvirladi.

-Tanku to‘plari avval kamroq edi, hozir ko‘paygan. Qishloq aholisining yeri shu chegaraning yonida, simto‘rning u yog‘ida ular,bu yog‘ida bizning yerlarimiz. Hammasi bemalol ko‘rinib turadi. Texnikaning hamma turi bor, pushkali hammerlar ham bor. Mana shunaqa tayyorgarliklari bor, biror niyatlari bormi yoki siyosatini ko‘rsatayaptimi - nima maqsadlari bor, bilmadik, - deydi oddiy o‘qituvchi Odixo‘ja Ibrohimov.

Suhbatdoshimiz o‘zbek-tojik chegaralarida kuzatilayotgan bu holat mahalliy aholi orasida turli shov-shuvlarga sabab bo‘layotganini qo‘shimcha qildi.

Biroq Mastchoh tumanining chegaraoldi qishloqlaridan birida yashayotgan boshqa suhbatdoshimiz Jo‘ra Yusufiy bu ma‘lumotlarni “provokatsiya”, deya baholadi.

- Mening qishlog‘im bilan o‘zbek-tojik chegarasi o‘rtasidagi masofa ikki kilometrni tashkil qiladi. Shaxsan men chegaraning u tomonida o‘zbek chegarachilaridan boshqa birorta texnika ko‘rmayapman. Mastchohning ayrim mahallalaridagi aholi orasida shunaqa vahimalar daydib yuribdi. Lekin men bugun, ya‘ni 16 aprel kuni yashab turgan qishlog‘imdan chiqib, Xo‘jandga kelayapman, hammayoq tinch, odamlar o‘z tashvishlari bilan ovora. Menimcha, bu yana qaysidir guruhlarning provokatsiyasi bo‘lsa kerak. O‘zbekiston bilan Tojikistonning munosabatlarida taranglik sezilayotgan ayni kezda ana shunday guruhlar fursatdan foydalanib qolmoqchidir. Lekin, har holda, men o‘z ko‘zim bilan ko‘rganlarimni gapirib berdim sizga, - dedi Mastchoh tumanining Somoniyon mahallasida istiqomat qilib turgan Jo‘ra Yusufiy.

Tojikiston Davlat chegaralarini qo‘riqlash qo‘mitasi mas‘ullaridan biri Xushnud Rahmatulloyev “O‘zbekiston Tojikiston bilan shimoliy chegarasiga og‘ir harbiy texnikalarini joylashtirayotgani”ga oid ma‘lumotlarni tasdiqlamagani barobarida inkor ham qilmadi.

Rahmatulloyev janoblari juma kuni Ozodlik radiosining tojik xizmatiga bergan intervьyusida So‘g‘d viloyatida ikki qo‘shni davlat kuch ishlatar tizimlarining chegaralarni qo‘riqlashga oid muzokarasi boshlanganini bildirgandi.

Uning aytishicha, o‘sha muzokarada tojik delegatsiyasiga boshchilik qilayotgan chegara qo‘shinlari qo‘mondoni Sherali Mirzoyev hozir ham So‘g‘d viloyatida bo‘lib turibdi. Ayni paytda Rahmatuloyev tomonlar muzokarasi tafsilotlaridan xabarsizligini ma‘lum qildi.

O‘zbek-tojik chegaralaridagi vaziyat va ikki qo‘shni davlat kuch ishlatar tizim vakillarining So‘g‘ddagi muzokarasi bilan bog‘liq savollarimizga javob olish uchun O‘zbekiston tomoniga ham qo‘ng‘iroq qildik, ammo urunishlarimizdan birorta natija chiqmadi.

O‘zbekistonning Tojikiston bilan shimoliy chegarasida “tank va BTRlarning paydo bo‘layotgani” haqida shimoliy tojikistonliklar avval ham xavotir bildirgan.

Masalan, o‘tgan yili “O‘zbekiston Tojikistonning Istaravshan tumani bilan chegara hududiga o‘z harbiy texnikasini joylashtirgani va bu oddiy aholi tinchini buzayotgani” aytilgandi. Ammo, oradan ko‘p o‘tmay, O‘zbekiston harbiylari chegaraning o‘sha hududida harbiy mashg‘ulot o‘tkazayotgani ma‘lum bo‘lgan edi.
XS
SM
MD
LG