Линклар

13 apreldan boshlab O‘zbekistonda pornografik mahsulotlarni tayyorlash, mamlakatga olib kirish, tarqatish, reklama va namoyish qilish uchun mas‘uliyatni oshirishga qaratilgan “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi va O‘zbekiston Respbulikasi ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.

Shu bilan birga yangi o‘zgartishlar zo‘ravonlik va shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatish uchun javogarlikni ham kuchaytirilishini ko‘zda tutadi. O‘zbekistonliklarning aytishlaricha, keiyngi paytlarda yoshlar orasida pornografik video roliklarni, ayniqsa mobil telefonlar vositasida o‘zaro almashish urf bo‘lgan va buning uchun javogarlikning kuchaytirilishi ayni muddaodir.

Yangi qonunga ko‘ra, pornografiya, zo‘ravonlik va shafqatsizlikni targ‘ib etuvchi mahsulotlarni tarqatish uchun eng kam ish haqining 400 dan 600 barobarigacha jarima, ahloq tuzatish ishlari, 6 oylik hibsga olish yoki 3 yilgacha qamoq jazosi belgilanishi mumkin.

Pornografiya O‘zbekistonda avvaldan taqiqlangan va uni tarqatish uchun javobgarlik har doim amal qilib kelgan. Javobgarlikni kuchaytirish ehtiyoji nimadan kelib chiqdi, degan savolga O‘zbekiston Madaniyat vaziriligining matbuot xizmati vakili javob berishdan bosh tortdi.

Lekin farg‘onalik Abdulazizning aytishicha, keiyngi paytlarda yoshlar orasida pornografik video roliklarni mobil telefonlar yoki flesh-disk, portativ media-pleyyer kabi elektron tashuvchilarda saqlash va o‘zaro almashish odat tusiga kirgan va yangi qonunning qabul qilinishi ayni muddaodir.

- Hozir mana lyuboyini yoki 10tasini to‘xtatsangiz, 8tasida aniq bor shunaqa rolik. Internetda endi ko‘payib ketayaptiyu unaqa roliklar. Ko‘pchilik nimagadir qiziqadimi, nima deb aytsa bo‘ladi. Hozir mana yangi qonun chiqdi. Daje qamab qo‘yadigan punktlari chiqibdi.

Abdulaziz buning uchun uzoq muddatli qamoq jazosi berilishini yoqlamaydi. Lekin amal qilib kelgan mas‘uliyat darajasi ham yetarli emas shekilli, deydi u.

Abdulazizning aytishicha, bugun nafaqat pornografik, istalgan mavzudagi video materiallar bozorini nazorat qilish juda qiyinlashib qolgan. Farg‘ona shahar markazidagi avtobus bekatlarida filmlar yozilgan disklarni sotib turgan odamlarni uchratish mumkin, deya davom etadi u.

- Nafaqat pornografik, masalan birortasini urayotgani, o‘ldirayotgani, so‘yayotgani – shunaqa roliklar ham ko‘p. Ko‘chada shunday terib olishadi. O‘sha yerda disklar sotishadi xolos. Unaqa magazin yo‘q. Farg‘onada unaqa magazin yo‘q. Shunday ko‘chada terib sotishadi, deydi farg‘onalik Abdulaziz.

O‘zbekistondagi aeroportlardan birida bojxona nazoratida ishlaydigan Dilshod ismli yigit o‘z tajribasidan kelib chiqib, mamlakatga pornografik mahsulotlarni olib kirishga uringanlar har kuni uchraydi, deydi.

- Har bir reysdan kamida bitta-ikkita odam qo‘lga tushadi. Ular asosan bu videolarni telefon va fleshkalarda olib kelishadi, deydi bojxonachi.

Keyingi yillarda taniqli kishilar, aktyor va rejissyorlar tasvirlangani aytilgan pornografik videolar o‘zbekistonliklar orasida qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgani kuzatildi.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimcha me‘yoriy hujjatga ko‘ra, pornografik mahsulotlar deb badiiy ahamiyatga ega bo‘lmagan, ilmiy, tibbiy yoki ta‘lim maqsadlarida ishlatilmaydigan odam jinsiy organlarini yoki jinsiy aloqani tasvirlangan foto, video yoki boshqa turdagi tasvirlar aytiladi. Zo‘ravonlikni targ‘ib qilish materiallariga ham badiiy ahamiyatga ega bo‘lmagan, ilmiy, tibbiy yoki ta‘lim maqsadlarida ishlatilmaydigan mahsulotlar kiradi.

O‘zbekistondagi yirik videotekalardan birining xo‘jayini Natalyaning Ozodlikka aytishicha, mutasaddi rasmiy idoralar pornografik yoki zo‘ravonlikni targ‘ib etadiganlar sirasiga kiritilgan filmlar ro‘yxatini videotekalarga beradi. Pornografik filmlar, tabiiy, bu ro‘yxatga kiritiladi, lekin jahon kinematografiya hazinasidan o‘rin olgan erotik filmlar ham bor, bular maxsus izoh bilan sotiladi, deydi Natalya.

- Bizda buning uchun maxsus ro‘yxat bor. Avvallari bu taqiqlangan filmlar ro‘yxati deyilardi, hozir esa bunday filmlarga tavsiya qilinmaydigan filmlar deya tasnif beriladi. Hozir erotik sahnalari bor, lekin jahon durdonalari hisoblanadigan filmlarni ana shunday silliq formulirovka, ya‘ni ma‘lum auditroiyaga yoki muayan yoshgacha tavsiya qilinmaydi, degan izoh bilan sotyapmiz. Lekin pornografik filmlar, albatta bundan mustasno, deydi Natalya.

Lekin, deya qo‘shimcha qiladi videoteka xo‘jayini, bizda har qanday klassik filmlar ham bir kunda pornografiyaga chiqarilishi mumkin. Natalya ham, keyingi paytlarda ochiq uyatsiz film va video roliklarning ko‘payib ketgani haqiqiy san‘at asarlarining ommalashishiga halaqit berayotganidan tashvish bildiradi.

O‘tgan asr boshlaridan xalqaro miqyosda pornografik mahsulotlarga qarshi kurash bo‘yicha qonunlar kuchga kira boshlagan. Lekin ko‘plab davlatlarda bu qonunlarga amal qilinmaydi.

G‘arb davlatlarining ko‘pchiligida, shuningdek Turkiyada pornografiya qonunlashtirilgan va 16 yoki 18 yoshga to‘lgan shaxslarga namoyish qilinishi ruxsat etilgan.

O‘zbekistondan tashqari pornografiya Rossiya, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Malayziya, Eron va Hindiston kabi mamlakatlarda taqiqlangan va uni tarqatish uchun jinoiy yoki ma‘muriy javobgarlik ko‘zda tutilgan.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG