Линклар

Moskvalik ekspertlar Q. Botirov nutqida jinoyat alomatlari topmadi


Qodirjon Botirov rossiyalik mutaxassilar bergan xulosa, uning ishi qayta ko‘rib chiqilishiga bo‘ladi, degan fikrda.

Qodirjon Botirov rossiyalik mutaxassilar bergan xulosa, uning ishi qayta ko‘rib chiqilishiga bo‘ladi, degan fikrda.

Qirg‘izistonlik o‘zbeklar liderlaridan biri, Jalolobod sudi tomonidan umrbod qamoq jazosiga mahkum etilgan Qodirjon Botirov ustidan chiqarilgan hukm qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

17 aprel kuni ma‘lum bo‘lishicha, Botirovning o‘z ishi qayta ko‘rib chiqilishini so‘rab sudga murojaat qilganiga bir oydan oshgan. Botirovning sudga murojaat qilishiga, yuridik til bilan aytganda, “yangi ochilgan holatlar” asos bo‘lgan. Botirovni qamashga asos bo‘lgan hujjatlardan birini moskvalik ekspertlar lingvistik ekspertizadan o‘tkazib, chiqargan xulosalari ana o‘sha “yangi ochilgan holatlar”dir. Botirov advokatining fikricha, moskvalik ekspertlar xulosalari sud hukmini qayta ko‘rib chiqishga asos bo‘la oladi.

Qirg‘iziston janubidagi Jalalobod shahar sudi Respublika O‘zbek milliy-madaniy markazi prezidenti muovini Qodirjon Botirovni milliy nizo chiqarishda aybdor deb topib, sirtdan bir umrlik qamoq jazosiga hukm etgan, Jalolobod viloyat sudi esa, o‘zining 2012 yil 31 yanvar kungi qarori bilan hukmni o‘z kuchida qoldirgan edi.

Ma‘lum bo‘lishicha, Botirovning ishonchli vakili, advokat Saidkamol Ahmedov o‘z mijozi ustidan chiqarilgan sud hukmiga asos bo‘lgan uning 2010 yil 15 may kuni Jalolobodda o‘tkazilgan mitingda qilgan nutqini mustaqil ekspertizadan o‘tkazgan.

Xulosa muallifi Valeriya Ivanova Ozodlik savollariga javob berar ekan, Botirovning nutqi ustidan tadqiqot o‘tkazganini tasdiqladi. Lekin u aytadigan barcha gaplari xulosada aks etganini ta‘kidlab, qo‘shimcha sharh berishni istamadi.

Biz nutqni lingvistik ekspertizadan o‘tkazishga buyurtma bergan yurist Saidkamol Ahmedovga bir necha savol bilan murojaat qildik.

Ozodlik: Nima uchun ekspertizadan Botirovning 2010 yil 15 may kungi nutqi o‘tkazildi?

- Postanovleniye o predyavleniye obvineniyeda shu narsa asosiy dalil bo‘lib o‘tadi.

Ozodlik: Shu 15 may kungi chiqishi-a? 15 may kungi nutqi asoiy dalil bo‘lgan.

- 15 may asosiy.

Ozodlik: Moskvalik ekspertlar qanday xulosaga keldi?

​- Ekspertizaning vivodi utverjdat qilayapti chto Botirovning chiqishida hech qanday noqonuniy chaqiriqlar va noqonuniy gaplar bo‘lmagan. Asosiy vivod shu.

Ozodlik: Demak, millatlararo nizo qo‘zg‘ashga chaqiriq bo‘lmagan.

- Ekspertiza xulosasida unaqa chaqiriqlar yo‘q deb berayapti, deydi Saidkamol Ahmedov.

Advokat Saidkamol Ahmedovning fikricha, moskvalik ekspertlar xulosasi Qirg‘iziston qonunlariga binoan “yangi ochilgan holat” sifatida qabul qilinishi va Botirov ishi qayta ko‘rib chiqilishi lozim.

Ozodlik: Sizlar ekspertizani boshqa mamlakat hududida o‘tkazdinglar. Qirg‘iziston qonunlari qarshilik qilmaydimi?

- Jinoyat protsessual kodeksi shuni regulirovat qiladi. Bu to‘g‘risida qonun yozmagan. Boshqa mamlakatda qilish mumkin emas yoki faloncha mamlakatlarda qilish mumkin degan narsa yo‘q, deydi Qodirjon Botirovning advokati Saidkamol Ahmedov.

Biz Botirovning o‘zi bilan ham bog‘landik.

Ozodlik: Ishingizni Qirg‘iziston sudi takroran ko‘rib chiqishiga ishonasizmi?

- Qirg‘izistonda qanday holat bo‘lishidan qat‘iy nazar biz qonun asosida shu ishlarni qilayapmiz. Sabab qarab chiqadimi chiqmaydimi biz shuni o‘tishimiz kerak. Men o‘ylaymanki, bu eng muhim hujjatlardan bittasi. Qirg‘izistonda qaysi holatlarda bunday ishlar amalga oshirayotgani o‘z o‘zidan ko‘rinib turibdi. Prokuraturaning bosimi asosida va militsiya va boshqa strukturalarning asos maqsadi o‘zlarining qilgan ayb ishlarini o‘zbeklarga yuklash maqsadida shu ishlarni amalga oshirish, dedi Botirov moskvalik ekspertlar xulosasini nazarda tutib.

Uning gaplaridan “yangi ochilgan holat” ham o‘zi ustidan chiqarilgan hukmning qayta ko‘rib chiqilishiga yordam berishiga ishonchi kuchli emasligi ko‘rinib turibdi.

Qirg‘iziston rasmiylarining bayonotlari esa, aksincha, Botirov bo‘yicha ishning tobora avj olayotganini ko‘rsatmoqda.

Qirg‘iziston Bosh prokurori birinchi o‘rinbosari Nurlan Jeenaliyev 13 aprel kuni Azattik radiosi savollariga javob berar ekan, Botirovga qarashli mulklarni davlat foydasiga musodara qilish yuzasidan alohida sudlov o‘tkazilishi to‘g‘risida xabar qildi.

- Botirovning mulklari bo‘yicha materiallar sudga berildi. Sud hukmi chiqqanidan so‘ng uning yigirmaga yaqin mulki davlat foydasiga musodara qilinadi, dedi bosh prokuror o‘rinbosari.
XS
SM
MD
LG