Линклар

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Rossiya ommaviy axborot vositalarini ikki davlat hamkorligiga oid masalalarini “bo‘yamasdan, buzmasdan” yortishiga chaqirdi. Seshanba kuni Dushanbe shahrida o‘tkazilgan o‘zaro hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan tadbirda so‘zlagan prezidenti, shuningdek, o‘z mamlakati Rossiyaga juda katta imkoniyatlar berib qo‘yganini va ruslar Markaziy Osiyoning boshqa birorta mamlakatida bunday sharoitga ega emasligini pisanda qildi.

17 aprel kuni Dushanbe shahrida “Moskva po‘lat va qotishmalar texnologik oliygohi milliy tadqiqotlar instituti” filialining ochilish marosimida so‘zlagan Imomali Rahmon jumladan bunday dedi:

- Biz o‘z tashqi siyosatimizda strategik sherigimiz bilan o‘yin qilayotganimiz yo‘q. Ammo o‘tgan shu davr ichida Tojikiston haqida birorta ham real ma‘lumot yo‘q. Rossiya bilan hamkorligimiz bilan ham xuddi shunday. Biz qanchalik urinmaylik baribir xato va yanglish ma‘lumotlar berilmoqda, dedi Imomali Rahmon.

Tojikiston rahbari o‘z fikriga dalil o‘laroq, Afg‘onistonda aksilterror amaliyotlari boshlangan paytda Tojikistonga kelgan Rossiyaning o‘sha paytdagi prezidenti Vladimir Putin bilan suhbatini esladi.

- Rossiyaning o‘sha vaqtdagi rahbari ikki kun davomida “Menga Ko‘lobda AQShning harbiy bazasi borligini xabar qilishdi. Bu rostmi?” deb uch marta so‘radi. Men “janob prezident Ko‘lobda faqat 201-harbiy bazaning ikki ming askar va zobitidan iborat bitta polki bor, agar bizga ishonmasangiz ulardan so‘rang”, deya javob berdim, dedi Imomali Rahmon.

Avvalgi chiqishlaridan farqli o‘laroq, bu safar qog‘ozga qaramasdan gapirgan Imomali Rahmon mamlakatida Rossiyaga mintaqaning boshqa davlatlarida kuzatilmayotgan katta imtiyozlar berib qo‘yilganini ham pisanda qildi.

- Rossiya Tojikistondagi imkoniyatlarning birortasiga Markaziy Osiyo boshqa mamlakatlarida ega emas. 201-harbiy bazadan mana 20 yildirki foydalanib keladi. Dunyoning faqat ikki nuqtasida mavjud bebaho “Okno” kuzatuv stantsiyasini Rossiyaga tekinga berib qo‘yganmiz, dedi Dushanbe rahbari.

Imomali Rahmon bu xizmatlar ruslarga beg‘araz ko‘rsatilayotgan va shaxsan o‘zi biror davlatning siyosiy tayanchiga muhtoj emasligini ta‘kidladi.

- Men xalqdan yetilib chiqdim va men xalq bilan yashayman. Mening "zapasnoy" aerodromim yo‘q, meni xalqim ko‘madi, dedi qat‘iy ohangda Tojikiston davlat rahbari.

Mustaqil kuzatuvchilarga ko‘ra, prezident Imomali Rahmon so‘nggi 20 yillik faoliyati davomida Rossiyaga nisbatan gina-kuduratini ilk bor ochiqchasiga izhor qilmoqda.

Tojikistonlik siyosatchilar va mustaqil tahlilchilar “Imomali Rahmonning ko‘p qatori ruslar uchun ham kutilmagan bugungi chiqishi Kremlning Dushanbega nisbatan munosabatini sal bo‘lsa-da yaxshi tomonga o‘zgartiradi” deya ishonch bildirmoqda.

Biroq boshqa bir guruh tahlilchilar bunday fikrlarni quvvatlamaydi.

- Bu bayonot Rossiya va Tojikiston munosabatlariga deyarli hech qanday ta‘sir qilmaydi. Zero, Tojikiston hamisha Rossiya nag‘orasiga o‘ynab kelgan va bu o‘yin juda kulgilidir, deydi mustaqil tahlilchi Saymuddin Do‘stov.
XS
SM
MD
LG