Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:05

Avstraliya Afg‘onistondan qo‘shinlarni muddatidan oldin olib chiqadi


Avstraliya Bosh vaziri Juliya Gillard Afg‘onistondagi Avstraliya harbiylari rejada belgilanganidan bir yil oldin, ya‘ni, 2013 yil oxiriga qadar olib chiqilishini e‘lon qildi.

Afg‘onistonda Avstraliyaning bir yarim ming askari xalqaro koalitsiya kuchlari safida xizmat qiladi.

Avstraliya NATOga a‘zo bo‘lmagan davlatlar orasida Afg‘onistonga eng ko‘p harbiy jo‘natgan mamlakat hisoblanadi.

Avstraliya harbiylari asosan Uruzg‘on viloyatida xavfsizlikni ta‘minlash uchun mas‘ul bo‘ladigan Afg‘oniston kuchlarini tayyorgarlikdan o‘tkazish bilan shug‘ullanadi.

Afg‘onistonda 2001 yilda aksilterror harakatlari boshlanganidan beri 32 nafar avstraliyalik askar nobud bo‘lgan, 100dan ortig‘i yaralangan.

Juliya Gillard Avstraliya qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqish to‘g‘risidagi rejani AQShning Chikago shahrida kelasi oy bo‘ladigan NATO sammitida taqdim etishini ma‘lum qildi.

- Men, 2013 yilning yozi xalqaro strategiyada muhim bosqich bo‘lishini Chikago sammiti tan olishiga ishonaman. Xalqaro kuchlar Afg‘oniston bo‘ylab yordam beruvchi kuchlar vazifasini bajarishga kirishishi muhim voqeadir,- dedi Juliya Gillard.

Avstraliya Bosh vaziri Afg‘oniston Prezidenti Hamid Karzay Uruzg‘on viloyatida xavfsizlikni ta‘minlash mamlakat kuchlari zimmasiga o‘tganini “yaqin oylarda” e‘lon qilishi bilan Avstraliya askarlarini olib chiqish jarayoni boshlanishini aytdi.

Gillard avstraliyalik askarlarni olib chiqish 12 oydan 18 oygacha davom etishini qo‘shimcha qildi.

- Men Afg‘oniston Prezidenti Hamid Karzay yaqin oylarda Uruzg‘on va boshqa viloyatlarda, birinchi navbatda Uruzg‘onda, xavfsizlikni ta‘minlash vazifasi Afg‘oniston kuchlariga o‘tishini e‘lon qilishini kutyapman. Bu jarayon boshlanganidan keyin qo‘shinlarni olib chiqish 12 oydan 18 oygacha davom etadi,- deya bayonot berdi Avstraliya Bosh vaziri.

Juliya Gillard Xalqaro kuchlar 2014 yilda Afg‘onistondan olib chiqilganidan keyin ham Avstraliya Afg‘oniston xavfsizlik kuchlarini tayyorgarlikdan o‘tkazishda yordam berishni davom ettirishini aytdi.

Avstraliya Bosh vaziri Chikago sammitida Afg‘oniston prezidenti NATO davlatlari bilan hamkorlik haqida shartnoma imzolashini ma‘lum qildi.

Avstraliya harbiylari Afg‘onistondan o‘z vataniga kelasi yil Avstraliyada parlamenti uchun o‘tkaziladigan saylov arafasida qaytadi. Biroq Gillard bu siyosiy qaror ekani haqidagi iddaolarni rad qildi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, Juliya Gillard boshchiligidagi Mehnat rartiyasining nufuzi raqiblariga nisbatan pasayib borayotganini ko‘rsatgan.
XS
SM
MD
LG