Линклар

Bu galgi qahramonimiz o‘zbek musulmonlari orasida Domla Hindistoniy nomi bilan tanilgan yana bir yirik qomusiy olim Mavlaviy Hindistoniydir.

Ilm yo‘lida yalang oyoq


Xalq orasida Domla Hindistoniy nomi bilan tanilgan islom olimi shayx Muhammadjon mulla Rustam o‘g‘li (Muhammadjon Rustamov) 1892 yilda Qo‘qon shahri yaqinidagi kichikkina Chorbog‘ qishlog‘ida tug‘ilgan.

Domla Hindistoniy o‘z tarjimai holida ota-onasi tomonidan yoshligidan ilmga qattiq da‘vat qilingani va “Chin-mochinda bo‘lsa ham, ilm ol!” degan aqida asosida ulg‘aygani haqida so‘zlab bergan.

U kishi tarjimai holini yozmagan, ammo u o‘zining sarguzashtlarga boy va og‘ir azoblar ichida o‘tgan hayoti haqida ko‘p so‘zlab bergan.

Bu hikoyalar o‘z vaqtida magnit tasmasiga tushirilgan va qaysidir qismi qog‘ozga ko‘chib, internet nashrlariga joylangan.

Jumladan, o‘zbek internet nashrlaridan birida domla hikoyalaridan biridan shunday bir parcha berilgan:

“Yoshligimdan ilmga hirs edim. Ramazondan ilgari bir oy takror Qur‘on takror qilmoq uchun Shohimardong‘a borar edim. Ul vaqtlarda araba bilan odamlar ziyoratga borar erdilar. Menda kiraga pul yo‘q, nochor piyoda borar edim. Bir martaba kavshimni yechib, xaltaga solib yalangoyoq yurdim. Shuning uchunki, kavshim yirtilib qolsa, bozordan yangi olish qiyin, pul yo‘q, kambag‘alchilik...”, deya xotirlagan Domla Hindistoniy.

Hindistoniy 14 yoshida Qur‘onni yod olganidan so‘ng avvaliga Qo‘qon shahri, keyin esa Buxoro madrasalarida ta‘lim olgan.

Buxoro madrasalarida ilm to‘xtagan yozgi ta‘til vaqtlarida Afg‘onistonning Mozori-Sharif shahrida ham bo‘lib qaytgan.

Bu kishi juda iqtidorli qori bo‘lgani va Qur‘onni to‘liq yod olgani uchun o‘sha davrda Buxoro, Mozori-Sharif, Toshkent shaharlarida tanilgan ilm ahllarining ko‘piga shogird tushgan.

O‘z xotiralarida Domla Hindistoniy ana shu allomalarning huzuriga borish, ulardan ilm olish uchun poyi-piyoda, och-nahor qatnagani, yo‘llarda qabristonlarda tunab qolganini ko‘p xotirlagan.

Hindistoniyning yoshlik xotiralari o‘zbek musulmonlari orasida o‘z vaqtida juda katta qiziqish bilan o‘qilgan sarguzashtlar to‘plamiga ham aylangan.

Hindiston safari


Shu tariqa 18 yoshlarga yetgan xotirasi kuchli, iqtidorli o‘spirinni “eti sizga, suyagi bizga” qabilida ota-onasidan olib qolgan ustozlari o‘sha davrda islom ilmining “Chin-mochini”, deb tan olingan Hindistonga yuboradilar.

Bu qaror ustozlar qarori bo‘lgani bois Hindistoniy safari chog‘ida o‘z otasi bilan tasodifan uchrashib qolganini ham eslaydi.

O‘sha kezda ularning ko‘rishmaganiga 15 yildan oshgan edi. Taqdir taqozosi bilan ikkisi birga Xaj ziyoratini ado etgani va ortga qaytayotganda, Hindistoniyning otasi olamdan o‘tadi.

O‘shanda Hindistoniy yurtga qaytish fikridan voz kechib, yana tahsilni davom ettirish uchun Hindistonga qaytganini xotirlaydi.

Ammo, vafoti olididan otasi unga ona yurtga qaytishni vasiyat qilgan va Hindistonda katta obro‘ hamda davlat qozonish imkoni naqd bo‘lgani holida domla bir yildan so‘ng Qo‘qonga qaytishga qaror qilgan.

Yoshgina Muhammadjon qori bo‘lib, Hindistonga borgan yigit u yurtdan Mavlaviy Hindistoniy nomi, chuqur ilm va ehtirom bilan qaytadi.

O‘z vaqtida Hindistoniyning ko‘plab suhbatlarida bo‘lgan, u bilan birga Farg‘ona vodiysida safarlarda bo‘lgan qirg‘izistonlik ulamo, Qirg‘izistonning sobiq muftiysi Sodiq qori Kamolov Hindistonda 10 yildan ortiq tahsil olgan Hindistoniyga “qomusiy olim”, deb ta‘rif berdi.

Sodiq qori Kamolov Mavlaviy Hindistoniy bilan 1977-78 yillar oralig‘ida, Hindistoniy 85 yoshga kirgan bir paytda uchrashganini xotirlaydi.

- Domla yoshlik paytlarida, 20-yillar atrofida Hindiston, Pokistonlar diniy ta‘limda birinchi o‘rinda turar edi. Saudiya Arabistoni 70-yillardan keyin taraqqiyot yuksalib, ilmni tarbiya qilish u tomonga ko‘chgan. Keyin bizlarning Farg‘ona vodiysi uchun, O‘rta Osiyo uchun Hindiston yaqinroq bo‘lgan, bordi-keldilar ko‘proq bo‘lgan.

Qur‘onni yodlab, hofizi Qur‘on bo‘lib zabardast qori bo‘lgandan keyin 17-18 yoshlar atrofida Hindistonga o‘qishga borgan. U yoqlardan 30 yoshlariga yaqinlashgan vaqtlarida qaytganlar. Juda ko‘p ilmni o‘sha yerda o‘qiganlar. Hatto hind bolalariga urdu tilida ham dars bergan. Shuning uchun bu kishini Hindistoniy domla, deyishgan. Urdu, fors, arab tillarida mukammal gaplashib, mukammal tarjimalar qilganlar, deydi Sodiq qori Kamolov.

Qo‘qonga qaytgach...


Qadim turkiy, arabiy, forsiy, urdu tillarini mukammal o‘rgangan va domla Hindistoniy nomini olgan yoshgina ulamo Qo‘qonga kelgach, darhol yoshlarga bilim berish yo‘llarini qidiradi.

Zero, Hindistonda ham so‘nggi yillar davomida aynan mudarrislik bilan shug‘ullangan edi.

Farg‘ona vodiysi azaldan ahli ilmlar yurti bo‘lgan. Ammo, qiroat ilmi, Qur‘on ilmi, fiqh va shuningdek, shar‘iy iqtisod ilmini mukammal egallagan yosh, ilmli kishilar xuddi hozirgidek u zamonlarda ham kamnamo bo‘lgan ekan.

Mavlaviy Hindistoniy shu bois qisqa muddat ichida el og‘ziga tushadi va unga bolalarini saboq uchun topshirishni istaganlar soni qisqa muddatda ortib ketadi.

Ammo, bu vaqtga kelib, u tug‘ilib o‘sgan Qo‘qonda yangi siyosiy muhit paydo bo‘lib ulgurgan edi.

U paytlar yangi tashkil topgan sobiq sovet ittifoqi tizimi mustahkamlanayotgan va Markazqo‘m harakati bilan Markaziy Osiyo mintaqasidagi musulmonlar nazoratga olinayotgan 1930 yillar edi.

Tarixiy manbalarga ko‘ra, o‘sha kezlarda Hindistoniy sobiq NKVD tomonidan uch bora hibsga olinadi va umumiy hisobda 8 yildan ortiq umrini Rossiyaning sovuq o‘lkalarida surgunda o‘tkazadi.

1943 yilda esa Hindistoniy armiyaga chaqiriladi va shu tariqa, Ikkinchi jahon urushi frontiga borib qoladi. 1944 yillarda u Minsk shahri yaqinida og‘ir jarohat olib, ortga qaytarilgani aytiladi.

Urushdan qaytgunicha, tug‘ilib o‘sgan yurti Qo‘qon yana o‘zgarib ulgurgan edi.

Tojikiston sari...


1943 yilda Stalin rahbarligidagi Moskva Markaziy Osiyo va Qozog‘iston musulmonlarini boshqaruvchi diniy idorani tashkil qilgan edi.

Domla Hindistoniy u kezlarda 50 yoshni qoralab qolgan edi. Tarixiy manbalarda u kishining ish so‘rab Toshkentga, o‘sha kezlarda idoraning raisi bo‘lgan muftiy Eshon Boboxonning huzuriga borgani aytiladi.

Eshon Boboxon o‘z davri uchun ulkan, qomusiy islom olimi bo‘lgan Mavlaviy Hindistoniyni negadir Tojikistonga jo‘natadi.

Muftiy topishirig‘i bilan Hindistoniy o‘sha davrda Stalinobod, deb nomlangan Dushanbe shahridagi ko‘hna "Mavlono Charxiy " masjidiga mutavalli etib tayinadi.

Keyinchalik esa Hindistoniy "Xoja Ya‘qub " masjidiga imom-xatib bo‘ladi va umrining oxiriga qadar shu masjidda imomlik qiladi.

Bundan tashqari, aksar tarixiy manbalarda uning ko‘p yillar davomida Tojikiston Fanlar akademiyasi qoshidagi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar bo‘limida ishlagani, arab va fors tilidagi ko‘plab kitoblarni o‘zbek, tojik tillariga o‘girgani aytiladi.

El aro...


Shunisi qiziqki, bundan avvalgi sahifalarimizda hikoya qilganimiz sobiq sovet davridagi taniqli allomalar – Eshon Boboxon, Ziyovuddin Boboxon, Sog‘uniylardan farqli ravishda Mavlaviy Hindistoniy oddiy xalq orasida ko‘proq tanilgan.

Xususan, 30-40 yoshlar oralig‘ida bo‘lgan ziyoli yoshlar orasida ham bu olimni taniydiganlar ko‘pchilik.

“O‘zbek imomlari” sahifasida bu kishini xotirlashimizni so‘ragan tinglovchilarimizdan biri ham hozir muhojiratda yurgan, yoshi 30 lardan oshgan vodiylik dindor yigit bo‘ldi.

Ozodlik bilan o‘zaro suhbatda bu yigit: “Yoshligimizda domla Hindistoniy haqida ustozlarimizdan ko‘p eshitganmiz, u kishining ma‘ruzalarini ko‘p tinglaganmiz”, dedi.

Ya‘ni ahli ilmlarning so‘zlariga qaraganda, domla Hindistoniy xalq orasida ko‘p yurgan va qayergaki borsa, o‘sha yerda islom ilmidan saboq berishga uringan va ayni paytda mahalliy ilmli kishilarni bunga da‘vat qilgan.

Sodiq qori Kamolov bu davrlarni shunday xotirlaydi.

- yoshligimizda ilmga qiziqib, ilm o‘qib yurgan vaqtlarimizda katta olim sifatida bu kishini eshitib, havas qilib yurib ko‘rishganimiz. U kishi bizni ilmga qiziqqanimizni ko‘rib, shundan keyin bir-birimizni istaydigan bo‘lib, u kishi kelsalar bizni chaqirtiradigan, biz ham u kishining kelishiga ba‘zi bir marosimlar, to‘ylar, shunaqangi tadbirlarni to‘g‘irlardik. Kelganlarida bir-ikki oy Farg‘ona vodiysida yurardilar.

Kunduzi u yoq-bu yoqlarga birga borib, kechasi bizning hovlimizda bo‘lib, ilm doirasidagi arab tiliga oid ba‘zi bir yechilmagan masalalarni to‘plab qo‘yar edik. Yechimi topilmayotgan muammolarni grammatika sohasida bo‘lsin, fiqh sohasida bo‘lsin, u kishining kelishlariga to‘plab turar edik va keyin shuning hammasining javiobini olar edik.

Ozodlik: U kishining xalq orasida tanilishi asosiy sababi ma‘ruzalari bilan bo‘lgan shekilli-a?

- U kishi serqirra olim bo‘lgan. Masalan, ba‘zi birovlar hadis ilmiga mutaxassis bo‘ladi, ba‘zi birovlar tafsir ilmiga, birovlar islom qonunshunosligi, deymiz fiqh ilmiga. Bu kishida hamma tomondan bor edi.

U kishi Sovet ittifoqining kommunistik ideologiyasi, katta hukumat mashinasi dinga qarshi ishlab turgan davrda xalqqa haqiqiy islom dinining mohiyatini tushuntirib, ilmga, dinga odamlarni targ‘ib qilib o‘tgan. Shuning uchun ularning xizmatlarini biz nihoyatda yuqori baholaymiz, deydi Sodiq qori Kamolov.

Hujra


Mavlaviy Hindistoniyning Markaziy Osiyo musulmonlari orasida qadrlangan xizmatlaridan biri dinga keskin taqiq o‘rnatilgan davrlarda xujrachilikni yo‘lga qo‘yib, diniy ta‘limni saqlab qolganidir.

Hindistoniy va u kishi bilan deyarli tengdosh bo‘lgan vodiylik yana bir ulug‘ olim Abduhakim qori ota islom ilmini o‘rganishni istagan yoshlar uchun aholi uylarida yashirin hujralarni tashkil qilgani xotirlanadi.

Xotiralarda Mavlaviyning to‘qson yoshdan oshgan kezda ham sobiq sovet davri taqiqlaganiga, keksa bo‘lsa-da bu kishini taqiq qilganiga qaramay diniy ilmdan saboq berishni to‘xtatmagani aytiladi.

Vahhobiylar


Umrining oxirgi yillari, 1980 yillarga kelib esa u Markaziy Osiyoda buzg‘unchi oqimlar kuzatila boshlagani haqida so‘zlay boshlagan va ularga qarshi kurashishga bel bog‘lagan.

Uning bu xizmati, nafaqat, Markaziy Osiyoda balki keyinchalik Rossiyada ham e‘tirof etilgani haqida tarixiy faktlar bor.

Shunday manbalardan birida Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti Sankt-Peterburg filiali direktori, tarix fanlari doktori Yefim Rezvan Mavlaviy Hindistoniy faoliyatiga: "Umrining so‘nggi yillarida Hindistoniy o‘lkaga buzg‘unchi oqimlar g‘oyalari kirib kela boshlaganidan qattiq tashvishga tushgan edi", deb baho bergani qayd etilgan.

Ayni kezda Hindistoniyning Youtube portaliga joylashtirilgan ko‘plab ma‘ruzalaridan birida u kishi buzg‘unchi oqimlar sifatida “vahhobiylik” oqimini tilga olgan.

O‘z davrida Farg‘ona vodiysidagi eng keksa va eng katta olim sifatida tan olingani bois Hindistoniyning yoniga musulmonlar o‘rtasida tug‘ilgan ixtiloflarni bartaraf qilishda yordam so‘rab, Marg‘ilon, Andijon, Namangandagi diniy jamoalarning yetakchilari kelgani haqida u kishining o‘zi so‘zlab bergan audioyozuvlar shu kunlarda YouTube portaliga joylashtirilgan.

O‘shalardan biridan Mavlaviy Hindistoniy marg‘ilonlik taniqli ulamo Abdulhakim qori ota, andijonlik taniqli ulamo, bundan 16 yil muqaddam Toshkent aeroportida g‘oyib bo‘lgan Abduvali qori Mirzayevning nomini ham tilga olgan va ularga "vahhobiylik oqimiga kirib qolgan" mazmunida ta‘rif bergan.

- Mana ba‘zi birlar sunniy, ba‘zi birlar vahhobiyga ajralib qoldi. Buni ko‘pchilik fahmlash kerak. Ana hammamiz jamlanib turib, o‘sha Jamoldin kelsin shu yerga. Anavi Abduvalini ham chaqirib keling. U ham kelsin. Ana undan keyin bir-birimiz bilan savol-javob qilamiz. Haq bizning tarafda bo‘lsa, hammangiz bo‘yin eging shunga. Qo‘l qo‘ying mana bu daftarga. Ana shundagina sulh bo‘ladi, deydi o‘z shogirdlari davrasida Mavlaviy Hindistoniy.

Audioyozuvda Mavlaviy Hindistoniy bu gaplarni marg‘ilonlik ulamo Abdulhakim Vosiyevga aytganini xotirlagan.


Fitna


85 yillarga kelib o‘zbekistonlik dindorlar hanafiylar va vahhobiylar, deyilgan ikki oqimga bo‘lingan, degan qarash shakllandi va diniy jamoalar orasida fitna-nizolar kuzatilgan edi.

O‘sha davrda Mavlaviy Hindistoniyning yonida bo‘lgan va u kishining xotiralari magnit tasmasiga tushishiga guvoh bo‘lgan Sodiq qori Kamolov u davrga shunday baho beradi.

- U kishi: “Bu musulmonlar ozgina o‘qigan ilmidan hosil bo‘lgan fikrni hozir bizga qarshi yo‘naltirishayapti, odobsizlik qilayapti bular”, deb biroz hafa bo‘lgan va bularning orqasida vahhobiylik bor, bularda shunaqa ta‘sirlar bor, ularning fikrlarini o‘nglash kerak, degan ohangda gapirgan edi u gaplarni.

Ozodlik: O‘zi rostdan bormidi o‘sha paytda shunaqa bo‘linishlar?

- Aslida yo‘q. O‘sha 1985 yillardan shunaqa so‘zlar endi chiqa boshlagan edi. Farg‘ona vodiysida "vahhobiylik" degan gap paydo bo‘lgan 90-yillar atrofida o‘z mahallasi, shahrida anchagina boy-badavlat o‘tgan, odamlarga gapini o‘tkazib yurgan odamlar dindorlarning ichiga kirib qolishgan. Mahalla faollari yoki davlat xizmatida ishlab yurgan odamlar edi. Men nomma-nom sanab berishim mumkin Andijonda kim, Marg‘ilonda kim, Qo‘qonda kim, O‘shda kim shunday odamlar.

Ana shular ishni juda xunuk tomonga burib, hatto, dindorlarni hukumatga ham yomon ko‘rsatib, aslida yo‘q bo‘lgan "vahhobiy" degan oqimni yarlikka aylantirib qo‘yishgan edi. Ikkita mulla bir-biri bilan urishib qolsa, bir-birini vahhobiy deb so‘kardi, vahhobiylikda ayblardi. Lekin “Vahhobiylik nima?” deb so‘rasangiz, aytib berisha olmasdi. O‘zi asli vahhobiylik, degan bir harakat, partiya, mazhab, bunaqa fikr yo‘q islomda.

Lekin, hukumat ideologiya sohasida ishlayotgan odamlar uch harflik tashkilotlarga har xil gaplarni yetkazib, tuhmat qilib, yozib berib, mana shunaqa bir-birini ayblashlar kuchayib ketgan o‘sha davrlarda. 90-yillar o‘rtalariga kelib bu narsa, bu fitnalar nihoyatda avj olgan edi, deya xotirlaydi Sodiq qori Kamolov.

Bu kishining fikriga ko‘ra, o‘z davrida sobiq sovet hukumati, keyinchalik esa O‘zbekiston MXX xalq orasida tanilgan Mavlaviy Hindistoniy kabi yetuk ulamolar xizmatidan o‘z manfaati yo‘lida foydalanishga uringan va ammo, Hindistoniy bu bosimlarga yon bermagan.


Imomlik


Mavlaviy Hindistoniy 1989 yilda Tojikistonda vafot etgan va Dushanbedagi Mavlono Ya‘qub Charxiy qabristoniga dafn etilgan.

U kishining so‘nggi kunlariga qadar yonida bo‘lgan tojikistonlik ulamo, Tojikiston Din ishlari qo‘mitasida uzoq yillar ishlagan Xudoyberdi Egamberdiyev Tojikistonda domla Hindistoniy juda yaxshi tanilgani, hatto, yoshlar orasida ham u kishining merosi taniqli ekanini aytadi.

- Tojikistonning 80 foiz ulamolari shu odamning shogirdi bo‘lgan. Bu kishi tafsir ham o‘qitavergan, hadis o‘qitgan, adabiyot o‘qitgan. Bu odam "Jome ul-ulum" bo‘lganda. Tojikistonning akademiyasida ham ishlagan bir vaqtlar. Bu odamga yetadigan odam Tojiksitonda na hukumat odamlarining ichida bor, na ulamolarning ichida. Bu kishi yagona kishi bo‘lgan.

Ozodlik: U kishini bugungi yoshlar taniydimi?

- yoshlar juda ham taniydi. U kishining shogirdlarining ko‘plari 30-40 yoshlarda. 20 yilning bu yog‘ida tug‘ilgan odamlar u kishini eshitishadi, ammo ko‘rmagan. Ko‘rmagan bo‘lsa ham hozirgi o‘qib yurgan, diniy ma‘lumot olayotgan odamlar u kishini juda hurmat bilan tilga oladi.

Ozodlik: Bu kishining bola-chaqalari, oilalari qolgan bo‘lsa kerak?

- Bu kishining aslida bitta o‘g‘liyu bitta qizi bo‘lgan. O‘g‘illari u kishi hayotlik vaqtida mashinadan yiqilib ketib vafot qilgan. Qizi hayot.

Ozodlik: Rafiqasichi?

- Ayollari o‘zlarining hayotlik vaqtlarida vafot qilgan. Ammo, u kishining Abdulhay Mavlaviy, Burhoniddin, degan shogirdlari bo‘lgan. Bu ikkitasi juda kata xizmat qilgan u kishiga.

Ozodlik: Umrining oxiriga borganda yolg‘iz bo‘lgan ekanda u kishi-a?

- Ha. O‘zlarining o‘g‘illari yonida bo‘lmagan Undan keyin qizlaridan bo‘lgan nabiralar bo‘lgan bir qancha. Ular u kishiga juda yaxshi xizmat qilgan.

Ozodlik: O‘zi asli qo‘qonlik bo‘lgan ekan bu domla. Hech Qo‘qonga ketay, deb ham gapirarmidi?

- Shunaqa. O‘zi qo‘qonlik bo‘lgan bu kishi. Qo‘qonni ko‘p xotirlar edilar.

Ozodlik: Hindistoniy domlaning yo‘lini davom ettirgan nevaralari bormi?

- U kishining ilmini davom ettirgan qizining bir farzandi bor. Lekin o‘zlariga o‘xshagan emas. Unaqa katta darajadagi olim emas, deydi Mavlaviy Hindistoniyning so‘nggi yillariga qadar birga bo‘lgan va u kishining diniy-ilmiy merosi hamda ahli-oilasidan yaxshi xabardor bo‘lgan tojikistonlik ulamo, Tojikiston Din ishlari qo‘mitasida uzoq yillar ishlagan Xudoyberdi Egamberdiyev.

Meros


Mavlaviy Hindistoniy bir necha muhim asarlar muallifidir. Bulardan eng salmoqlisi Qur‘oni karim ma‘nolarining olti jildli tarjimasi – "Bayonul Furqon fi tarjimatil Qur‘an" kitobidir.

Hindistoniy, shuningdek, Imom Buxoriyning "Al-Jome‘ as-Sahih", Burhoniddin Marg‘inoniyning "Hidoya", Imomi A‘zamning "Fiqhul Akbar ", Jomiyning "Sharhi Mullo ", "Usuli Shoshiy", "Nurul anvor", "Muxtasari ma‘oniy" kabi asarlarini arabchadan o‘zbek va fors tillariga o‘girgani aytiladi.

Bu ulkan merosning aksar qismi Tojikistonda, ayrimlari O‘zbekistonda nashr etilgan.
XS
SM
MD
LG