Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:12

Qorako‘llik tadbirkorlar yangi bozordan norozi


Tadbirkorlar ular majburan joylashtirilayotgan yangi bozor sharoiti og‘irligi va undagi savdo o‘rinlari uchun hujjat berilmayotganidan norozi bo‘lmoqda.

Ozodlikka Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidan qo‘ng‘iroq qilgan bir necha tadbirkor o‘zlarining majburiy ravishda tuman aholi punktidan chetda joylashgan yangi "Shersaxiy" savdo majmuasiga ko‘chirilganini aytib, shikoyat qildi.

Jumladan, Ozodlikka so‘zlagan 42 yoshli tadbirkor Roziya To‘xtayeva yangi bozor tumanga elektr toki uzatish stantsiyasi yonida va ochiq joyda joylashgani bois u yerda ishlayotganlarning sog‘ligiga qattiq shikast yetkazmoqda.

- "Shersaxiy", deb katta podstantsiyaning ostidan, qip-qizil cho‘lning ichidan, issiq joydan bir bozor qurdirishdi, o‘ntacha tadbirkor bilan hamkorlikda. O‘sha bozorga bizni majburan chiqardi. Podstantsiyadan nurlanish katta bo‘lgani uchun sog‘ligimizga juda kuchli ta‘sir qilayapti. Vrachlarimiz aytishdiki, nurlanish hamma dardni qo‘zg‘ayapti, agar rakka moyillik bo‘lsa, uni kuchaytiradi, deb, - deydi Ozodlik bilan suhbatda Roziya To‘xtayeva.

Bu tadbirkor o‘zining sog‘ligi ham shu bozorga o‘tganidan buyon og‘irlashganini aytmoqda.

- O‘zim ham uch kundan buyon kasalman, bozorga chiqolmayapman. Yana bir savdogar Ozoda Ro‘ziyeva ham shifoxonada yotibdi. Cherepnoy davleniyesi oshib ketib, ko‘zi ko‘rmay qoldi. Melis polvonning xotini Ro‘zibuvi degan dugonam ham bozorda yiqilib qolyadi. Kelib ko‘ringlar, agar gapimizga ishonmasangiz, - deydi Roziya To‘xtayeva.

Qorako‘llik tadbirkorlar nomidan Ozodlikka bog‘langan yana bir savdogar - 74 yoshli Tolib Halilov yangi bozorning sog‘likka zararligi bilan birga savdo uchun noqulayligi haqida gapirdi.

- Biz kantselyar tovar sotamiz. Daftar, ruchka. Maktab markazda bo‘lsa, cho‘lning o‘rtasiga daftar-qalam uchun kim boradi, axir?! Noqulayda, - deydi Tolib Halilov.

Shuningdek, bu tadbirkor "Shersaxiy" savdo majmuida tadbirkorlar uchun taqdim qilinayotgan 6 metrga 6 metr sathdagi yangi do‘konlar o‘ta qimmat narxda sotilayotganidan norozi bo‘ldi.

- 10 ming dollardan deyishyapti. 3-4 kishi bir bo‘lib, bitta do‘konni sotib olgandan keyin yana bittasi kelyaptida: "bu do‘konni men sotib olganman, chiqinglar", deyapti. Ko‘rdizmi? Hujjat yo‘q, qanday ishonasiz bunga? - deydi qorako‘llik tadbirkor.

Tadbirkorlarga ko‘ra, bunga qadar ular tuman markazida joylashgan Qorako‘l buyum bozorida savdo qilishgan va 3 aprel kuni ularni kuch bilan bozordan chiqishga majbur qilishgan.

- 3 aprel kuni tuman hokimi buldozerlar bilan, 60-70 ta militsoner bilan, tumanni soliqchilari va rahbarlari bilan kelib, butun bozorni majbur chiqardi. Do‘konlarni buzib olib ketinglar, dedi - deydi Roziya To‘xtayeva.

Bu tadbirkorlar murojaati ortidan Ozodlik bog‘langan Korako‘l tuman buyum bozori rahbariyati bu holatni tasdiqladi.

Ozodlikka intervyu berishni istamagan mutasaddining o‘zaro suhbatda aytishicha, tuman hokimligi talab ostida buyum bozorida ishlab kelayotgan 300 tadbirkordan 200 nafari yangi bozorga chiqarilgan.

Yana 100 nafar tadbirkor esa yangi bozordan do‘kon sotib olishga qurbi yetmagani va u yerga ko‘chishni istamagani uchun do‘konlarini yopishga majbur bo‘lgan.

- Ko‘pi uyida o‘tiribdi. Tirikchiligi ko‘tarmaganlar esa ko‘chalarda savdo qilib yurishibdi. Biz esa mas‘uliyati cheklangan jamiyat bo‘lganimiz uchun hali ham faoliyatimizni rasman to‘xtatganimiz yo‘q. Rasman ishlab turibmiz, - dedi bozor mutasaddisi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Bu rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, Qorako‘l buyum bozorini ko‘chirishdan maqsad nima ekani, buzilgani taqdirda uning o‘rnida nima bunyod qilish rejalanayotgani hanuz noaniq.

Ozodlik bu ma‘lumotlarga oydinlik kiritishini so‘rab, "Shersaxiy" savdo majmuasiga mutasaddilari va Qorako‘l tuman hokimligiga murojaat qildi. Ammo, bu murojaatlarga hozircha javob olinmadi.

Qorako‘l tuman buyum bozori 19 yildan buyon ishlab kelmoqda. Yangi bozorga majburan ko‘chirilgan aksar tadbirkorlar bu bozorda 10 yildan ortiq savdo qilganini aytmoqda.
XS
SM
MD
LG