Линклар

logo-print

O‘zbekistonda mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan fuqarolarning nafaqa bo‘yicha murojaatnomalarini asossiz rad etish holatlari ko‘paymoqda.

Mamlakat bosh prokuraturasi mahalliy matbuot orqali tarqatgan xabarga ko‘ra, turli viloyatlarda nafaqa va moddiy yordam tayinlash komissiyalari fuqarolarning arizalarini noqonuniy tarzda rad etayotgani aniqlanmoqda.

Oddiy o‘zbekistonliklar ham Ozodlik muxbirlari bilan suhbatlarda ko‘pdan buyon mahalla tizimida sansalorliklar mavjudligini aytib keladi.

“Yig‘ilishga kelmaclik murojaatni rad etishga asos bo‘lmaydi”


Prokuratura xabariga ko‘ra, joriy yil davomida Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi 27 ta fuqarolar yig‘ini 50 dan oshiq fuqaroning arizasini qonunga zid ravishda rad etgan.

Surxondaryo viloyati Termiz tumanidagi 14 ta mahalla fuqarolar yig‘ini raislari ham 20 ga yaqin fuqaroning huquqi buzilishiga yo‘l qo‘ygan.

Bunday holatlar mamlakatning boshqa hududlarida ham tez-tez uchrashi aytilmoqda. O‘zbekistonda kam ta‘minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlash va to‘lash masalasi mahalla fuqarolar yig‘ini qoshidagi komissiya tomonidan hal qilinadi. Ushbu komissiyaga mahalla oqsoqoli boshchilik qiladi.

Ijtimoiy yordam olmoqchi bo‘lgan oilalar komissiyaga hujjat topshiradi. Kuzatuvlarga ko‘ra, aksar hollarda oilalarning moddiy ahvoli nafaqa tayinlash mezoniga mos kelsa-da, ariza beruvchi xonadon vakili komissiya yig‘iniga kelmagani vajidan so‘rovlarga salbiy javob qaytarilmoqda.

Ushbu holatni izohlagan mahalliy huquqshunos, arizachining komissiya yig‘iniga kelmaganini asos qilib so‘rovni rad etish qonunga zid ekanini aytadi.

– Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 10 dekabrdagi “Voyaga yetmagan bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqalar tayinlash va to‘lash to‘g‘risida nizom”i bor. Shu hujjat bo‘yicha komissiya yig‘ilishida arizachi ham ishtirok etishi kerak. Lekin arizachi uzrli sabab bilan majlisga kelmasa, bu oilaga nafaqa tayinlash masalasi keyingi yig‘inda ko‘rib chiqilishi kerak,– deydi huquqshunos.

“Murojaatni o‘rganish ikki haftadan oshmasligi lozim”


Fuqarolar nafaqa bo‘yicha murojaatlari ba‘zida oylab ko‘rilmay qolib ketishidan shikoyat qiladi.

– Opamning ikki farzandi bor. Ikkalasi ham hali voyaga yetmagan. Qonun bo‘yicha bolalar puli olishi kerak. Topadigan daromadi ro‘zg‘orga yetmaydi-da. Opam mahallaga nafaqa so‘rab murojaat qilgandi, uch oylardan keyin javob oldi. Yo‘q, xudoga shukr, nafaqa beradigan bo‘lishdi. Hech bo‘lmagandan kech bo‘lgani yaxshi-ku, –deydi jizzaxlik Asliddin ismli yigit.

Qonunchilikka ko‘ra, mahalla fuqarolar yig‘ini huzuridagi komissiya arizalarni ko‘rib chiqishni oylab cho‘zishi mumkin emas.

– Komissiya nafaqa so‘rab murojaat qilgan oilaning moddiy ahvolini ariza berilgan kundan boshlab ikki hafta tekshiradi. Shu muddat ichida hujjatlarni har tomonlama ko‘rib chiqib, nafaqa tayinlash yo rad etish haqida taklif kiritishi kerak,– deydi Ozodlik bilan suhbatlashgan huquqshunos.

Mahalla raislari nafaqaxo‘rlar va nogironlar haqiga xiyonat qilayotgani, vazifasini suiiste‘mol qilayotgani xususida ko‘pdan buyon xavotirlar bildirilmoqda.

Mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari nafaqalarni tayinlashda va to‘lashda oshkoralikni ta‘minlashi kerak. Biroq aksar fuqarolar oqsoqollardan nafaqa puliga oid ma‘lumot olish mushkulligidan shikoyat qiladi.

O‘zbekistonda voyaga yetmagan bolasi bor muhtoj oila vakillariga bitta farzand uchun eng kam oylik ish haqining 50 foizi, ikkita farzand uchun eng kam oylik ish haqining 100 foizi, uch va undan ko‘p farzand uchun eng kam oylik ish haqining 140 foizi miqdorida nafaqa puli ajratilishi belgilangan (O‘zbekistonda 2011 yilning 1 dekabridan eng kam oylik ish haqi – 62920 so‘m).

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 2011 yilda 146 ming 760 ta kam ta‘minlangan oilaga 65 mlrd 492 mln so‘m yordam puli berilgan.
XS
SM
MD
LG