Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:21

Rustam Usmonov oilasi prezidentdan muruvvat kutyapti


Rustam Usmonov.
Rustam Usmonov.

O‘zbekistondagi ilk xususiy bank "Rustambank" egasi, 14 yildan buyon qamoqda qolayotgan Rustam Usmonovning o‘g‘li Shuhrat Usmonov prezident Islom Karimovdan otasini ozod qilishni so‘radi.

"Prezidentdan muruvvat kutayapmiz"


O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov nomiga yo‘llangan ochiq xat orqali Shuhrat Usmonov prezidentdan otasini kechirishni va ozodlikka chiqarishini so‘raydi.

- Bu endi nima, 64 ga kirdi. U 14 yildan beri qamoqda. Balki muruvvat qilar. Xatni yozishdan maqsad dadamning tezroq chiqib ketishida. Samыy glavnыy u chiqsa bo‘ldi. Nevaralari bor mana uje. Hammasi katta bo‘lib qoldi. Kam ko‘rishishayapti. Uzoq. Ayam ikki yildan beri ko‘rgani yo‘q dadamni. Boradi, boshqa joyga ketib qoladi yoki kirgizishmaydi. Muhimi uni ozod etishsa bo‘ldi,- deydi Shuhrat Usmonov.

Ochiq xatda yozilishicha, prezident Karimovdan avval ham bir necha bor Rustam Usmonovning qamoqdan chiqarilishi so‘ralgan va bu iltimoslar javobsiz qolgach, uning 14 yillik qamoq muddati tugashi kutilgan.

Ozodlikka chiqay deganda qo‘shimcha muddat


Shuhrat Usmonovning aytishicha, iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, 14 yilga qamalgan otasining ozodlikka chiqishidan 12 kun avval unga yana besh yillik muddat qo‘shib berilgani ularning umidlarini puchga chiqargan. Usmonovlar oilasi shundan keyin prezidentga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

Qo‘ng‘irot tuman sudining Rustam Usmonovga nisbatan chiqargan hukmining nusxasi.
Qo‘ng‘irot tuman sudining Rustam Usmonovga nisbatan chiqargan hukmining nusxasi.
Joriy yilning 1 fevral kuni Qo‘ng‘irot tuman sudi hukmiga ko‘ra, Rustam Usmonov Jinoyat kodeksining 221-moddasi 2-qismi (Jazoni ijro etish muassasasi ma‘muriyatining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik modasi) bo‘yicha - qamoqxona ichki tartibini buzganlikda ayblanib besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

- Srogi kelganda chiqishi kerak edi. Yana qo‘shib berishdi. Uxlab qolibdi deb bitta statya yozibdi. Yana bitta statьyasi yonidagi odamga zubnoy pasta beribdi. O‘shanga 5 yil qo‘shib beribdi. Bu narusheniye ekan. 14 yil yotdi, chidadik, endi bo‘lsa yana besh yil qo‘shib berdi yo‘q narsadan. “Sud bo‘lgani yo‘q, prokuror kelgani yo‘q. Meni Jasliqdan Nukusga olib kelishdi. Ikki oy ushlab turishdi. Hech qanaqa sud bo‘lmadi” dedi otam,- deydi Shuhrat Usmonov.

Sud hukmida Rustam Usmonovning qamoqxona ichki tartibini muntazam buzib kelgani va boshqa mahkumlarni ham tartibni buzishga undagani haqida aytiladi.

Ozodlik evaziga 60 million dollar suyunchi


Jasliq qamoqxonasida saqlanayotgan Rustam Usmonov bundan ikki yil avval ozodlikka chiqsa, 60 million AQSh dollarini O‘zbekiston hukumatiga hadya qilishi haqida qamoqdan turib bayonot bergan edi.

O‘g‘li Shuhratning aytishicha, o‘n kun avval Jasliqqa borib otasi bilan uchrashganida, u 60 million dollarlik va‘da hali ham o‘z kuchida ekanligini aytgan.

- 60 million dollar. Bu hali ham rejada, “Men o‘zim qilaman bu narsani. Men qilib beraman, bor narsani” deb menga bu safar ham aytdi. U poramas, boshqamas, suyunchi sifatida ozodlikka chiqishi uchun,- deydi Shuhrat Usmonov.

Rustam Usmonov ozod bo‘lgan taqdirda 60 million dollar O‘zbekistondagi “Barkamol avlod” jamg‘armasiga o‘tkazib berilishi va‘da qilingan.

Bu pulning 50 millioni tashqaridagi banklarda va undan 10 millioni O‘zbekiston ichkarisida ekani aytilgan edi.

Shuhrat Usmonovga ko‘ra, otasi pul bilan bog‘liq va‘dasiga o‘g‘illarini arlashtirmayapti. Biroq bu amalga oshishi aniq bo‘lgan va‘da ekanligini ta‘kidlaydi suhbatdosh.

Chuvalchangdan oltin qilgan tadbirkor


Rustam Usmonov 1948 yili Qirg‘izistonning Jalolobod shahrida tug‘ildi. Iqtisodiy mavzularda maqolalar yozib yurgan olim Gorbachyov davriga kelib tadbirkorlik bilan shug‘ullandi.

1987 yili O‘zbekistonda asalarichilik shirkatini ochdi. Kanada yomg‘ir chuvalchanglarini ko‘paytirib sotib, millionlar egasiga aylandi.

1992 yilda ochilgan O‘zbekistondagi ilk xususiy bank - "Rustambank" eagasi ham aynan Rustam Usmonov bo‘ldi.

90-yillarida Rustam Usmonov O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov e‘tiboriga tushgan tadbirkorlardan biri bo‘ldi.

Sal o‘tmay O‘zbekistonda samarali faoliyat ko‘rsatgan “Rustambank” yopildi va Rustam Usmonovning o‘zi qora kursiga o‘tqazildi.

1998 yil 19 oktyabr kuni Andijon viloyat jinoiy ishlar sudi hukmiga ko‘ra, Rustam Usmonov tovlamachilik, valyutani noqonuniy olish-sotish kabi moddalarda ayblanib, 14 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
XS
SM
MD
LG