Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:41

Uznews.net va O‘zbekiston Xalq harakati ziddiyatga kirishdi


Munozaralarga O‘zbekiston Xalq harakati raisi sha‘niga Uznews.net nashrida bildirilgan fikrlar sabab bo‘ldi.
Munozaralarga O‘zbekiston Xalq harakati raisi sha‘niga Uznews.net nashrida bildirilgan fikrlar sabab bo‘ldi.

Tomonlar ziddiyatiga esa so‘z erkinligi borasidagi qarama-qarshi fikrlar sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Xalq harkati Muassislar majlisi nomidan Uznews.net nashri va uning Bosh muharriri Galima Buxorboyevaga e‘tiroz bildirilgan bayonot e‘lon qilindi.

Ushbu bayonotda Galima Buxorboyeva muxolifatdagi O‘XH tashkiloti va uning yetakchisi Muhammad Solih sha‘niga tuhmat qilganlikda ayblandi.

Tashkilot iddaosiga ko‘ra, o‘zbekistonlik huquq faoli Yelena Urlayevaning Turkiyaga safari va safardan O‘zbekistonga qaytiboq, ruhiy xastalar shifoxonasiga tushib qolishi bilan bog‘liq jarayon xususida Uznews.net nashri chop etgan maqolalar "oshkora dezinformatsiya" va "faktlarni qalbakilashtirib ko‘rsatish"ga urinishdir.

Uznews.net nashri bunga qadar huquq faoli Yelena Urlayevaning 27 martdan 1 aprelga qadar Turkiyaga qilgan safari davomida O‘XH yetakchisi Muhammad Solih bilan uchrashgani haqida xabar bergan edi.

Bu xabarlarda huquq himoyachisi yana xastalanib qolishiga uning Muhammad Solih bilan muloqotlari, xususan, uning rafiqasi qo‘lida da‘volanganini sabab, deb bilishi haqidagi iddaosi keltirilgan edi.

Bu maqolalarga javoban O‘XH tomonidan e‘lon qilingan bayonotda Uznews.net nashri so‘z erkinligini suiiste‘mol qilishda ayblangan va ayni paytda saytni moliyalashtirayotgan muassislardan Uznews.net faoliyatini kuzatib borish so‘ralgan.

Bu bayonotlarga javoban nashr muharriri Galima Buxorboyeva O‘XH tomonidan ilgari surilgan bu ayblovlarni asossiz, deb hisoblamoqda. Uning ta‘kidicha, Yelena Urlayeva hamda uning holati yuzasidan keyinchalik yana bir o‘zbekistonlik huquq faoli Mo‘‘tabar Tojiboyeva bergan bayonotlari Uznews.net sayti tomonidan xolis yoritilgan.

Navbatdagi maqolasida jurnalist O‘XH ayblovlarini tashkilot yetakchisi Muhammad Solihning "so‘z erkinligiga toqatsizligi" o‘laroq baholadi.

Shu tariqa, aynan so‘z erkinligi bobida mustaqil matbuot va siyosiy muxolifatning taniqli vakili o‘rtasida ziddiyat yuzaga chiqqani ko‘zga tashlandi.

Avvaliga Ozodlik Muhammad Solih va Galima Buxorboyevani o‘zaro bahsga taklif qildi.

Jurnalist Galima Buxorboyeva bahsga darhol rozilik bildirdi.

O‘XH yetakchisi Muhammad Solih esa "bu jurnalistni o‘z tengi deb bilmasligini" aytib, u bilan bahslashishdan bosh tortdi. Ammo, Ozodlikning bu boradagi savollariga javob berishga tayyor ekanini aytdi.

Shu tariqa Ozodlik tomonlarga ayni savollar bilan murojaat qilishga qaror qildi.

Tuhmatmi yo toqatsizlikmi?


1- savol: Sizga bildirilgan ayblovga qanday munosabat bildirasiz?

Galima Buxorboyeva: Men tanqidga hamisha toqat bilan yondoshganman va har doim Uznews.net maqolalari hamda mening chiqishimdan norozi bo‘lganlarni tinglashga tayyorman. Lekin, O‘zbekiston Xalq harakatining bayonotini o‘qir ekanman, men uning naqadar asossizligi, bu bilan odamlar o‘z nomiga qaratilgan har qanday tanqidga toqatsizligini yashirish uchun "dezinformatsiya", "provokatsiya" kabi tushunchalarni buzib qo‘llashga urinayotganidan hayratlandim.

Hattoki, bu borada jurnalistlarning noqulay savollariga toqatsizlikni ko‘ryapman men.

Meni yana bu bayonotda Muhammad Solihning donorlarimiz Uznews.netni moliyalashtirish masalasini qayta ko‘rib chiqishi haqida gapirish darajasida tubanlikka tushgani hayratga soldi.

Bunday tahdidni qo‘llar ekan, demak bu odam o‘ylaydiki, agar kimdir mening cho‘ntagimga zarba bersa, men go‘yoki fikrimni o‘zgartiraman, boshqacha yozishni boshlayman va yozganlarimdan bosh tortaman. Yo‘q. U mendan buni kutmasin va meni bu bilan qo‘rqitishga hojat yo‘q.

Eng ayanchlisi, men shu vaqtga qadar Muhammad Solihni hurmati juda baland, tanqid va muloqotga tayyor shaxs, deb bilardim. Ammo, uning kechagi bayonoti aslida bu odamning bu kabi g‘oya va prinsiplardan juda uzoqligi, nafaqat demokratiyani tushunmaydigan, balki o‘zi ham demokrat bo‘lmagan bir shaxs ekanini ko‘rsatdi, bu birinchidan.

Ikkinchidan, bu bilan u o‘zining hech qanday siyosatchi emasligini oshkor qildi. Agar siyosatchi bo‘lganda, u strategik jihatdan avvaliga yaxshilab o‘ylab ko‘rgan bo‘lardi: hozir jamoatchilik oldida O‘zbekiston haqidagi ehtimol yagona mustaqil saytga qarshi chiqish menga, partiyamga va harakatimga foyda keltiradimi? Demokrat libosida yurar ekanman, Islom Karimov bilan bir darajaga tushib, jurnalistga tashlanish menga foydalimi?

Men bugun to‘liq anglagan holda, to‘la mas‘uliyat bilan kelgan xulosamni aytishim mumkinki, Muhammad Solih siyosatchi emas va bu shunisi bilan ayanchliki, demak O‘zbekistonning Islom Karimov yetakchiligidagi rejimiga qarshi tura oladigan, sog‘lom, dunyoviy, boshqalar haqqini hurmat qilishga qodir hech qanday muxolifat yo‘q ekan.

Muhammad Solih: Tanqidga toqat qilmaydi degan gap men uchun Galima Buxorboyevaning navbatdagi tuhmati.

Chunki rasman menga qarshi tanqid boshlanganiga 30 yil bo‘layapti. Ilk bor menga qarshi 1983 yilda "Adabiyot va san‘at gazetasi"da katta tanqid chiqqan edi. O‘shandan beri tanqid biror kun ham to‘xtagani yo‘q. Bu avval adabiyotda, keyin siyosatda bo‘lib kelayapti. Bugunga qadar 30 yil davomida men tanqid yomg‘iri ostida yashayapman. Agar madaniyatli tanqid bo‘lsa, tanqidchi haqiqatan ham ashyoning tabiatiga uyg‘un shaklda tanqid qilgan bo‘lsa, men uni doim hurmat qilganman.

Bizning faqat adabiyot yoki she‘riyatdagi pozitsiyamizga qarshi emas, balki siyosatdagi pozitsiyamizga qarshi ham juda ko‘p tanqidlar bo‘lgan va hech qachon men ulardan xafa ham bo‘lganim yo‘q, ular bilan dushmanlashganimiz ham yo‘q.

Lekin keyingi paytda mana bu Internet paydo bo‘lgandan keyin tanqidning saviyasi shu qadar tubanlashdiki, eng yomon tomoni, tanqid faqat mening shaxsim bilan cheklanib qolganda ham bu tanqidlarga umuman javob berganim yo‘q. Lekin bu safar mening oilamga, oila a‘zolarimga tega boshlagani sabrimni toshirdi.

Bu narsani mutlaqo rad qilaman va Galima Buxorboyevaning qilayotgan ishi uning navbatdagi tuhmati va umuman, bu madaniyatsiz bir chiqishdir.


So‘z erkinligi - mas‘uliyat madaniyati


2-savol: Garchi universal bir tushuncha bor bo‘lsa-da, bugun aynan so‘z erkinligi borasida qarama-qarshilik yuzaga chiqmoqda. Aslida, sizningcha so‘z erkinligi nima?

Galima Buxorboyeva: So‘z ekinligi bir jurnalist sifatida men uchun, eng avvalo, mas‘uliyatdir. Men Uznews.net sayti orqali o‘zimda mavjud bo‘lgan erkin minbarni suiiste‘mol qilishni xohlamayman.

Lekin, eng avvalo, bu o‘z fikrini bildirish haqqi hamdir. Bu o‘zing o‘ylayotgan fikrlarni aytish haqqidir. Ehtimol, xabarlarni talqin qilish, ularga munosabat bildirishda mening shaxsiy ko‘z qarashim sezilar va men hech qachon o‘ta ob‘ektiv jurnalistlikka da‘vo qilmaganman. Men ham oddiy odamman va tayyorlagan materiallarimda Muhammad Solih yoki sizga o‘xshamagan shaxsiyatim ko‘rinadi.

Lekin tabiiyki, ayni paytda mening zimmamda mas‘uliyat ham bor. Agar odamlar meni kimnidir haqorat qilayapti, kimgadir tuhmat qilyapti, faktlarni buzib ko‘rsatyapti, deb o‘ylashsa, sudga berishlari mumkin.

Eng kamida shaxsan menga murojaat qilib, aybimni yuzimga aytishlari mumkin va shu vaqtgacha agar aybli ish qilganimga ishonchim komil bo‘lgan bo‘lsa, buni tan olmagan vaqtim bo‘lmagan. Ammo, agar haqligimga ishonchim komil bo‘lsa, u holda men oxiriga qadar kurashishga tayyorman.

Muhamad Solih: So‘z erkinligini men haqorat erkinligi, birovni pastga urish erkinligi, madaniyatsizlik erkinligi, fuhush erkinligi deb tushunmayman.

So‘z erkinligi, deganda men madaniyat erkinligi, insonlarning ozodligini, hurriyatini hurmat qilish erkinligi va ularga so‘z huquqi berish erkinligini tushunaman.

Bular esa cheksiz-chegarasiz haqorat qilish erkinligini so‘z erkinligi, deb tushunadi. Uznews.net sayti sariq nashrlar ichida eng madaniyatlisi hisoblangan. Biz shuning uchun ham iloji boricha bu sayt bilan aloqa qurishga intildik va doim muloqotda bo‘lib keldik.

Lekin oxirgi yilda bu sayt chig‘iriqdan chiqdi. Eng yomoni, tuhmat darajasida bizga qarshi hujum qila boshladi bu sayt. Shuning uchun ham bu saytga biz javob berdik nihoyat.
XS
SM
MD
LG