Линклар

Shu yil 6 mart kuni Surxondaryo viloyati Uzun tumanida yo‘qolib qolgan tojikistonlik Kimyoxon Xudoyorovaning yaqinlari O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovaga xat yozdi.

Xat mualliflari prezidentning qizidan Kimyoxonni topishda yaqindan yordam berishni so‘ramoqdalar.

- Gulnora Karimova mana xalq ishlariga ko‘p yordam qilayapti, xalqqa xayriyalar qilayaptilar. Opamni topishga yordam bersinlar, deb o‘sha opamizga murojaat qilayapmiz. Ayol kishining ishini yana ayol o‘zi biladi. Mana bir yarim oydan beri opamiz yo‘qlar, ancha joylarga murojaat qildik, natijasini ko‘rmadik, - deydi mart oyi boshida Uzun tumanida daraksiz yo‘qolgan Kimyoxonning yaqinlaridan biri Baxtiyor Po‘latov.

Asli tojikistonlik 48 yoshli Kimyoxon Xudoyorova, yaqinlarining aytishicha, Uzun tumanidagi uch xonali uyini 12 ming AQSh dollariga sotgan kunning ertasiga daraksiz yo‘qolgan. Kimyoxonga yaqin bo‘lgan Uzun tumanida yashovchi odamlarning Xudoyorovlar oilasiga aytishicha, ayolni fuqarolik kiyimida bo‘lgan notanish kishilar “pasport xizmatidanmiz”, deb birga olib ketgan.

Xudoyorovlar oilasi taxminicha, Kimyoxon aynan qo‘lida katta pul bo‘lgani uchun ham notanish odamlar tomonidan olib ketilgan.

O‘tgan shu vaqt ichida, Baxtiyor Xudoyorovning Ozodlikka aytishicha, Tojikistondagi va O‘zbekistondagi davlat idoralariga qilingan murojaatlardan hech bir natija chiqmadi.

- Hatto, - deydi Baxtiyor Xudoyorov so‘zida davom etib, - Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi bu masala yuzasidan O‘zbekistonning Dushanbedagi elchixonasiga va‘da qilgan notasini hozirgacha yubormagani ma‘lum bo‘ldi.

Davlat idoralaridan umidini uzgan Xudoyorovlar nihoyat “ayol muammosini ayol yaxshi anglaydi”, deya Gulnora Karimovadan ko‘mak so‘radi.

Ozodlik: O‘zbekistonda ayollar muammosi bilan bevosita shug‘ullanayotgan mansabdor ayollar bor. Masalan, Bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova, Ombudsmen Sayyora Rashidova kabilar. Nega endi ana shu mansabdor ayollarga murojaat qilish o‘rniga bu ishga hech bir aloqasi bo‘lmagan Gulnora Karimovaga murojaat qilayapsizlar?

- U ayollarni biz unchalik yaxshi tanimaymiz. Gulnora opa podshoning qizi ekaniniyam biz bilamiz. Shuning uchun biz shu opamga murojaat qilayapmiz. Oxirgi shansimiz shu kishining qo‘lida. Menimcha, u kishining qo‘llaridan keladi hamma ish, - deydi Vahdat tumanida yashovchi Baxtiyor Xudoyorov.

Tojikistonlik fuqarolarning Gulnora Karimovaga muammoni hal qilishda yaqindan yordam so‘rab murojaat qilayotgani ilk bor kuzatilmoqda.

Xo‘sh, Gulnora Karimovani tojik jamiyatida yaxshi taniydilarmi? Ana shu savol bilan oddiy tojikistonliklarga murojaat qildik.

- Islom Karimovning qizini aytayapsizmi? Aftini tanimasak ham, gapini eshitib yuramiz. “Prezident bo‘lsam, men Ipak yo‘lini ochaman”, degan gapini eshitganmiz, gapiradi bir xilda. Bizga endi kerakmas-ku u, - deydi so‘g‘dlik Faridaxon.

- Tanimayman Gulnora Karimovani. Uncha axbor bilan shug‘ullanmaymiz, unaqalarni eshitmaganman, bilmayman, - deydi Rudakiy tumanida yashovchi Jahongul aya.

- Karimovning qizi. Kim uy qursa, “qayerdan olding?” deb so‘raydi. Kim mashina olsa, “qayerdan olding?” deb so‘raydi. Tanimaymanu, lekin o‘zbekistonlik ayollarning qo‘lidan gazetani olib o‘qidim. Eri afg‘onistonlik katta biznesmen, ularda ikki o‘g‘il bor. Ona ne priznayot svoyego muja i ne dayet svoix sыnovey. Ya ne znayu dalьshe chto ona xochet, - deydi uzoq yillardan buyon Rossiyada yashab faoliyat qilayotgan Sharofatxon Mahmudova.

Tojikiston davlat idoralarida haq-huquqlari toptalgan fuqarolar ko‘pincha Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonga ariza yozadi.

Ammo aksariyat hollarda tojikistonlik o‘zbeklar ijtimoiy va iqtisodiy va hatto siyosiy masalalarda O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovga murojaat qiladi.

Xo‘sh, bugun o‘z muammosi qarshisida ojiz qolgan tojikistonlik o‘zbek oilaning prezident Karimovga emas, balki uning to‘ng‘ichi, mamlakat ichkarisida hech bir lavozimga ega bo‘lmagan Gulnora Karimovaga murojaat qilishi nimani anglatadi?

- Garchand Gulnora Karimova siyosatchi bo‘lmasa ham, davlat yoki prezident apparatida ishlamasa ham, lekin prezidentning qizi sifatida qo‘li uzun, gapi gap. Agar Gulnora Karimova shu davlat huquq-tartibot organlariga shu yo‘qolgan ayolni topish uchun topshiriq bersa, gapi gap bo‘lishi mumkin. Dom-daraksiz yo‘qolgan ayolning qarindoshlari balki shundan umid qilayotgandir, - deya mulohaza bildiradi mustaqil tahlilchi Maqsudjon Jo‘rayev.
XS
SM
MD
LG