Линклар

"Xohlasang sabzavot¸ xohlamasang katta ko‘cha!" Janubiy Qozog‘istonda o‘z oyligini so‘ragan o‘qituvchilarga ana shunday javob berilmoqda.

Og‘ir paytlar og‘ir qarorlar qabul qilishni talab etadi. Ko‘pdan naqd pul tanqisligiga uchragan O‘zbekistonda byudjet xizmatchilariga oylik o‘rniga Serbiyadan keltirilgan muzlatilgan tovuq berilgan bo‘lsa¸ qozoq o‘qituvchilari ham ming yillardan qolgan natura xo‘jaligiga qaytmoqda.

Oylik to‘lash payti kelganda ta‘lim tizimi rahbarlari o‘qituvchilarga olsang sabzavot¸ olmasang shu ham yo‘q¸ degan mujda bermoqda.

Janubiy Qozog‘iston oblastidagi mustaqil O‘qituvchilar kasaba uyushmalari raisi Sagira Nurbekovaga ko‘ra¸ ayrim rayonlarda o‘qituvchilar oyligi kartoshka¸ piyoz va sabzi shaklida to‘lanmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda Nurbekova o‘qituvchilarga sabzavotlar bozordagidan ikki barobar arzon narxda taklif qilinayotganiga qaramay¸ bu almashinuvning o‘qituvchilar zarariga bo‘layotganini aytadi.

Kasaba uyushmalariga kelib tushgan shikoyatlarga ko‘ra¸ aksar sabzavotlar o‘tgan yilgi hosil bo‘lgan bois¸ ularning ko‘pi chirib¸ yeyishga yaroqsizdir.

Chimkentdagi 25 o‘rta maktab o‘qituvchisi Alibek Sultonbekovning Ozodlikka aytishicha¸ o‘zi va boshqa hamkasblariga oylik o‘rniga kartoshka taklif etilgan.

- Men kartoshkani oldim. Ichida chiriganlari bor¸ lekin juda yomon emas. Maktabimizga faqat 2 tonna berildi. Odamlar oldi. Kartoshkani juda arzonga berishdi. Bozorda kilosi 70 tenge¸ bizga 35 dan berishdi. Men 34 kilo oldim. Maktabga kim olib kelib tarqatganini bilmayman. Lekin butun maktab o‘qituvchilari oldi buni¸ deydi Sultonbekov.

Janubiy Qozog‘iston oblasti Maorif boshqarmasi matbuot kotibi Azat Amirtayev bunday shikoyatlardan xabari borligi¸ biroq oylik o‘rniga sabzavot barter qilingani haqida biror fakt yo‘qligini bildirdi.

- Biz ham bu haqda eshitdik¸ ammo bu isbot etilgani yo‘q. Hozir biz bu gaplarning qanchalik to‘g‘riligini o‘rganayapmiz. Ammo hozircha bizda bu ishni qilayotgan aniq odamlar nomi va aniq shikoyatlar yo‘q. Sizga shikoyat qilganlar bizga gapirishdan bosh tortmoqda. Bori shu¸ dedi Ozodlikka oblast maorif idorasi rasmiysi.

Oblast O‘qituvchilar kasaba uyushmasi rahbari Nurbekova ham o‘qituvchilarning rasmiy shikoyat bilan davlat idoralariga murojaat qilishga cho‘chiyotganini tan oladi.

- O‘qituvchilarimiz boshliqlar nima desa¸ shuni indamay qabul qilishga o‘rganib qolgan. Ular o‘z haqlarini himoya qilishga qodir emas. O‘qituvchilar¸ agar oylik shaklida berilayotgan sabzavotlarni olmasalar¸ kelasi yil dars soatlari 18 soatdan kam bo‘lishi yoki ishdan bo‘shatilishlaridan ogohlantirilmoqda¸ deydi Nurbekova.

O‘qituvchilar nomidan ish tutayotgan kasaba uyushmasi¸ uning rahbariga ko‘ra¸ bu muammoni hal qilishni so‘rab markaziy hukumat va prezident idorasiga murojaat qilgan. Ammo bu muammoning kimning foydasiga hal etilishi hozircha tushuniksiz qolmoqda.
XS
SM
MD
LG