Линклар

“O‘zbeknavo” litsenziyasiz san‘atkorlarni jazolamoqda


O‘zbekistonda kontsertlari taqiqlangan san‘atkorlardan biri O‘zbekiston Xalq artisti Sherali Jo‘rayevdir.

O‘zbekistonda kontsertlari taqiqlangan san‘atkorlardan biri O‘zbekiston Xalq artisti Sherali Jo‘rayevdir.

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi g‘ayriqonuniy faoliyat yuritgan qo‘shiqchi, boshlovchi, musiqachi va raqqosalarni ogohlantirdi. San‘at sohasida ishlaydigan bu shaxslardan to‘lanmagan soliq majburiy tarzda undirildi.

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasining Internet saytida yozilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda 2012-2013 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma reydlar o‘tkazish dasturiga asosan ayni kunlarda restoranlar, kafelar va boshqa ko‘ngilochar muassasalarda kechki reydlar o‘tkazilmoqda.

Bu reydlar natijasida litsenziyasiz faoliyat olib borayotgan 228 nafar san‘atkor – xonanda, boshlovchi, raqqosa va sozandalar rasmiy ogohlantirilgan, ularning 73 nafariga majburiy ravishda litsenziya rasmiylashtirilib, davlat boji undirilgan, 19 nafar san‘atkorning hujjatlari chora ko‘rish uchun soliq idoralariga yuborilgan va 14 nafar san‘atkor hujjatlari sudga taqdim etilgan.

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi bunday choralarning milliy estrada san‘atini takomillashtirish va uni turli zararli oqimlardan himoya qilish uchun qo‘llanayotganini ta‘kidlaydi.

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasining Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari Rustam Marajabovning Ozodlikka aytishicha, litsenziya olish uchun xonanda viloyatda ro‘yxatdan o‘tganidan so‘ng, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasidagi badiiy kengashda “imtihon” topshiradi. Agar kengash uni ma‘qul deb topsa¸ o‘n kuni ichida to‘lovlarni amalga oshirib litsenziyaga ega bo‘ladi:

- Xonandalar oladigan litsenziyalar reyting darajasiga qarab to‘rt turga bo‘linadi. Taniqli san‘atkorlar litsenziyasi 1-1, 1-2, 1-3, 1-4 reytingga qarab belgilanadi. Masalan, Ozodbek Nazarbekovning reytingi 1-1 va u bir yillik litsenziyaga 9 million 438 ming so‘m to‘laydi. 1-4 reytingga ega bo‘lgan san‘atkorlar esa¸ 1 million 887 ming so‘m to‘laydi. Shuningdek to‘ylar va yubileylar litsenziyalari 2-1, 2-2, 2-3, 2-4 reyting bilan belgilanadi. Bu reytingdagi eng katta narx 6 million 292 ming so‘m, deydi Rustam Marajabov.

Rustam Marajabovga ko‘ra, san‘atkorlar litsenziyalarni 3,6,9 oy muddatga ham olishlari mumkin.

Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanidagi yashayotgan, ismi oshkor qilinishini istamagan san‘atkorlardan birining aytishicha, litsenziyalar narxi ancha baland va mahalliy san‘atkorlarning aksariyati hozir litsenziyasiz faoliyat olib borishga majbur:

- Endi, litsenziya olish uchun to‘ylar ko‘p bo‘lishi kerak. Hozir yozda to‘ylar kamayib qoldi. Chunki hamma ishlagani Rossiya tomonlarga ketib qolmoqda. Kuzakka borib, to‘ylar boshlanadi.Chunki hamma qaytadi. Bizdan hozircha litsenziya so‘rashgani yo‘q, unga ishimiz ham tushgani yo‘q, deydi bu xonanda.

O‘zbekistonlik bir qator taniqli san‘atkorlar “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi ishidan qoniqmayotganini aytadilar. Taniqli kulgu ustasi Obid Asomov Ozodlik bilan suhbatlardan birida bu haqda shunday degan edi:

- Bilasizmi, bizda rahbar joylarga nomunosib odamlar kelib qolgan. Masalan¸ “O‘zbeknavo”ni vazifasi san‘atkorlarni san‘at darajasini baholab, ularga ruxsatnoma, ya‘ni litsenziya berish. Men eng katta litsenziyaga pul to‘layman. Lekin bir yildan beri pul to‘layman, bular meni sahnaga chiqarishmaydi. Nima emish, Obidni kontserti mumkin emas, nima uchun mumkin emas degan savolga hech kim javob bermaydi. Chunki, “O‘zbeknavo”ga o‘n yil davomida quruvchi rahbarlik qilgan. San‘atni quruvchi boshqaryapti. Bu absurd, bu nonsens. Tushunib bo‘lmaydi. Radioda ham televideniyeda ham shunaqa, ularni hazilni tushunmaydi, faqat kosani tagidan nimkosa qidirib yurishadi, degan edi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Obid Asomov.

O‘zbekistonda Sherali Jo‘rayev, Yulduz Usmonova, Abdulaziz Karimov, Feruza Jumaniyozova singari taniqli san‘atkorlarning ham katta san‘at saroylarida kontsert berishi taqiqlangan va televideniye eshiklari ular uchun yopiq.

Ozodlik “O‘zbeknavo” estrada birlashmasiga qo‘ng‘iroq qilib nega taniqli san‘atkorlarga bunday taqiq qo‘yilgan sababini so‘radi.

Biroq o‘zini birlashmaning matubot xizmati rahbari deb tanishtirgan Odiljon Abduqahhorov savollarga javob olish uchun rasman murojaat qilishimiz lozimligini bildirish bilan cheklandi¸ xolos.
XS
SM
MD
LG